Tobe’inlar imomi Said ibn Musayyab rahmatullohi alayh aytganlarki: «U to asr bo‘lmaguncha peshinni o‘qimaydi. Asrni shomgacha, shomni xuftongacha, xuftonni bomdodgacha, bomdodni to quyosh chiqquncha o‘qimaydi».
Shu holatga odatlangan ko‘yi vafot etgan va tavba qilmagan kimsaga Alloh «g‘oyy» bilan tahdid soldi. Foyy – jahannamdagi juda chuqur, o‘ta badbo‘y vodiydir. Alloh taolo boshqa bir oyatda: Bas, namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar bo‘lgan «namozxon»larga halokat bo‘lgayki», deydi (Mo’uvn surasi, 4–5).
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar haqida so‘raganlarida: «Vaqtini kechiktiradiganlar», deya javob berganlar. Ular «namozxon», deb nomlandi. Biroq namozga beparvoliklari va vaqtidan kechiktirganlari sababli ularga vayl bilan tahdid solindi. Vayl – shiddatli azobdir. Yana aytiladiki, Vayl jahannamdagi vodiy bo‘lib, agar unga dunyodagi tog‘lar tushirilsa, harorati yuqoriligidan toshlari erib ketardi. U namozga beparvo bo‘lgan va uni vaqtidan kechiktirib o‘qigan kimsalarning maskanidir. Faqat Allohga tavba qilib, ilgarigi e’tiborsizligiga nadomat chekkanlar bundan mustasno.
Alloh taolo yana bir oyatda: «Ey iymon keltirganlar, mol-dunyolaringiz ham, farzandlaringiz ham sizlarni Allohning zikridan chalg‘itib qo‘ymasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir» , deydi (Munofiqun surasi, 9).
Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to Alloh jonlarini olgunicha, (biror marta) namozni oxirgi vaqtiga qadar kechiktirganlari yo‘q» (Hokim rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eng afzal amal qaysi, deb so‘ralganlarida: «Eng afzal amal – namozni vaqtida o‘qish, ota-onaga yaxshi munosabatda bo‘lish va jihod», deya javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati). Rivoyat qilinishicha, kimki namozni vaqtida o‘qisa, tahoratni mukammal olgan, qiyomi, xushu’si, ruku’ va sajdalarini komil qilgan bo‘lsa, namoz oppoq, nurafshon bo‘lib ko‘tariladi va: «Meni saqlaganingdek, Alloh ham seni saqlasin», deydi.
Kimda-kim namozini vaqtidan boshqa paytda o‘qisa, tahoratni to‘liq olmasa, xushu’, ruku’ va sajdalarini komil qilmasa, namoz qop- qora, zulmatli bo‘lib ko‘tariladi va «Meni zoe qilganingdek, Alloh ham seni zoe qilsin», deydi. Hatto Alloh xohlagan joyga yetgach, xuddi eski kiyimga o‘xshab o‘raladi-da, uning yuziga uriladi
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamning namozini Alloh qabul qilmaydi: qavm uni yoqtirmasa- da, ularga imomlik qiladigan kishining, namozga orqa tomondan keladigan ya’ni, namozni vaqti o‘tganidan keyin o‘qiydigan kishining va o‘zi ozod qilgan odamni qul qilib olgan kishining» (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Agar qiyomat kuni bo‘lsa, bir kishini Alloh azza va jallaning huzurida hozir qilishadi. Shunda uni do‘zaxga tashlashni buyuradi. «Ey Rabbim, nima uchun?» deb so‘raganida, Alloh taolo: «Namozni vaqtidan kechiktirganing va Mening nomim bilan yolg‘on qasam ichganing uchun», deydi.
Hikoyat Salaflardan birining singlisi vafot etib, uni lahadga qo‘ydi. Shunda pul solingan hamyoni mayyitning qabriga tushib qoldi va buni hech kim sezmadi. U qabrdan ketgach, hamyonini esladi va iziga qaytdi. Odamlar tarqab ketganlaridan keyin qabrni kavladi. Bir payt qarasa, unda olov alangalanib turibdi, darhol qaytadan ko‘mib ortiga qaytdi. Keyin onasining oldiga yig‘lab keldi-da: «Ey onajon, singlim nima ish qilardi, menga aytib bering», dedi. «Nima edi?» deb so‘ragan onasiga: «Uning qabrida olov ko‘rdim», deya javob berdi. Shunda onasi yig‘ladi va: «Ey o‘g‘lim, singling namozga beparvo edi va uni vaqtidan kechiktirib o‘qirdi», dedi. Namozni vaqtidan kechiktirib o‘qigan kishining holi shu bo‘lsa, umuman namoz o‘qimaydigan kimsaning ahvoli ne kechar ekan?! Alloh taolodan namozni vaqtida ado etishga yordam berishini so‘raymiz. Albatta, U saxiy, muruvvatli zotdir.
Bola necha yoshdan namozga buyuriladi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Bolani yetti yoshga yetganida namozga buyuringlar. O‘n yashar bo‘lganida (namoz o‘qimasa) uringlar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati). Boshqa bir rivoyatda shunday deyiladi: «Farzandlaringizni yetti yashar bo‘lganlarida namozga buyuringlar. O‘n yashar bo‘lganlarida (namoz o‘qimasa) uringlar va yotoqlarini alohida- alohida qilinglar» (Abu Dovud rivoyati
Namozni chala o‘qiydigan, uning ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmaydigan kimsaning uqubati «Bas, namozlarini «unutib qo‘yadigan» «namozxonlarga vayl bo‘lsin» oyatining tafsirida shunday deyilgan: «U namozni chala o‘qiydigan, ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmaydigan kimsadir». Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi masjidga kirib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidning chekkasida o‘tirgan edilar. U kishi namoz o‘qidi-da, kelib u zotga salom berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib, namoz o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U yana namoz o‘qidi-da, kelib salom berdi. «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U namoz o‘qidi-da, kelib salom berdi. Nabiy: «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. Haligi kishi keyingi marotaba aytilganida: «Yo Rasululloh, menga o‘rgatib qo‘ying», dedi. «Agar namozga tursang, tahoratni mukammal ol. Qiblaga yuzlangach, takbir ayt va o‘zing bilgan Qur’on sura-oyatlarni o‘qi. Keyin to qanoat hosil qilguningcha ruku’da tur. So‘ngra to‘la tik bo‘lguningcha qaddingni rostla. So‘ng qanoat hosil etguningcha sajda qil. So‘ngra to‘la o‘tirguningcha qaddingni rostla. Keyin qanoat hosil etguningcha sajda qil. So‘ngra to‘la tik bo‘lguningcha qaddingni rostla. Xullas, butun namozingda shunday qil», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Abu Mas’ud Badriydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ruku’ va sajdadan umurtqasini tik qilib ko‘tarmagan kishining namozi namoz hisoblanmaydi» (Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Boshqa bir rivoyatda: «Ruku’ va sajdalardan belini rostlamaguncha...» deyilgan. Bu hadis namoz o‘qiganda ruku’ va sajdalardan keyin belini rostlamagan kishining namozi botil ekaniga hujjat. Chunki har bir a’zo o‘rnida qaror topishi namozdagi farzlardandir. (Izoh: Hanafiy mazhabida bu ish vojib sanaladi. – Muharrir.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar orasidagi eng yomon o‘g‘ri namozidan o‘g‘irlaydigan kimsa», dedilar. «Yo Rasululloh, qanday qilib kishi namozidan o‘g‘irlaydi?» deb so‘rashganda, «Ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmasdan», deya javob berdilar» (Ibn Xuzayma, Hokim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ruku’ va sajdalari orasida umurtqasini rostlamaydigan bandaga Alloh qaramaydi» (Imom Ahmad rivoyati)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Munofiqning namozi bunday: u quyoshni kuzatib o‘tiradi, o‘tiradi-da, u shaytonning ikki shohi orasiga kelgach, turib (qush donni cho‘qigandek) to‘rt marta yotib turadi va unda Allohni kamdan-kam eslaydi» (Muslim rivoyati)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruku’ va sajdalarni to‘liq qilmasdan namoz o‘qiyotgan kishini ko‘rdilar va: «Agar bu kimsa mana shu holatda o‘lib ketsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallam millatidan boshqasida o‘lgan bo‘ladi», dedilar (Tabaroniy va Ibn Huzayma rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita a’zo bilan sajda qilishga buyurildim: Peshona (qo‘llari bilan burunlariga ham ishora qildilar), ikki qo‘l, ikki tizza va ikki oyoq bilan», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Boshqa bir rivoyatda: «Yettita (a’zo) bilan sajda qilishga, soch va kiyimni yig‘ib olmaslikka buyurildim: peshona va burun, ikki qo‘l, ikki tizza hamda ikki oyoq», deyilgan (Muslim, Nasoiy rivoyati).
Kishi namoz o‘qiyotganda, qaysi a’zosining namozdagi haqini ado etmasa, to namoz o‘qib bo‘lgunicha o‘sha a’zo unga la’nat aytib turadi. Rivoyat qilinadiki, har bir namozxonning o‘ng tomonida bir farishta, chap tomonida bir farishta bo‘ladi. Agar u namozni to‘liq o‘qisa, namozni olib chiqib ketadilar. Agar to‘liq o‘qimasa, namoz bilan uning yuziga uradilar. Salmon Forsiy roziyallohu anhu aytganlar: «Namoz o‘lchovdir. Kim vafo qilsa, vafo ko‘radi. Kim urib qolsa, Alloh urib qoluvchilar haqida nima deganini yaxshi bilasizlar. Alloh taolo: «(O‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalarga vayl bo‘lsin» , degan»
Imom Buxoriy rivoyat qiladi: Huzayfa ibn Yamon ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmasdan namoz o‘qiyotgan kishini ko‘rib, unga: «Sen namoz o‘qimading. Agar o‘lsang, Alloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tabiat qilib bergan fitratdan boshqasida o‘lgan bo‘lasan», dedilar. Nasoiy rivoyat qilgan asarda kelishicha, Huzayfa roziyallohu anhu undan: «Necha yildan beri shunday namoz o‘qiysan?» deb so‘raganlar. «Qirq yildan beri», deya javob bergan. Shunda ulug‘ sahoba: «Qirq yildan beri namoz o‘qimabsan. Agar namozni shu tarzda o‘qib vafot etsang, Muhammad sollallohu alayhi vasallam fitratidan boshqasida o‘lgan bo‘lasan», deganlar.
Hasan Basriy aytadilar: «Ey Odam farzandi, agar senga namozing qadrsiz bo‘lsa, u holda diningdagi qaysi narsa sen uchun aziz?! Holbuki, sen qiyomat kunida birinchi bo‘lib namozingdan so‘ralasan-ku!» Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Qiyomat kunida bandaning birinchi bo‘lib hisob-kitob qilinadigan amali namozidir. Agar namozi durust bo‘lsa, u, shak- shubhasiz, muvaffaqiyat qozonib najot topibdi. Agar namozi yaroqsiz-fosid bo‘lsa, u aniq muvaffaqiyatsizlikka uchrab ziyon ko‘ribdi. Agar biron farzida yetishmovchilik bo‘lsa, Alloh azza va jalla: «Qaranglarchi, bandamning farzlaridagi kamchiliklarini to‘ldiruvchi ixtiyoriy namozlari bormikan?» deydi. So‘ng qolgan amallari ham shu yo‘sinda bo‘ladi» (Termiziy rivoyati). Har birimiz farzlardagi nuqsonlarni to‘ldirishimiz uchun ko‘proq nafl namozlar o‘qishimiz lozim bo‘ladi. Tavfiq Allohdan.
Дата: YAKSHANBA, 2012.12.30, 02:33 | Сообщение # 97
Группа: Удаленные
Alloh taolo buyuradi: «(Ey Muhammad), yana siz har bir tuban qasamxo‘r, g‘iybatchi-yu, gap tashuvchi (chaqimchi) kimsaga itoat etmang!» (Qalam surasi, 10–11).
Дата: YAKSHANBA, 2012.12.30, 02:34 | Сообщение # 99
Группа: Удаленные
Yana bir hadisda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qabr yonidan o‘taturib: «Bu ikkisi (ya’ni, qabrdagi mayyitlar) azoblanmoqda. Biroq katta narsa sababli azoblanayotganlari yo‘q. Ulardan biri siydigidan saqlanmas edi. Ikkinchisi chaqimchilik qilib, gap tashib yurardi», dedilar. So‘ng ho‘l novdani olib, ikkiga bo‘ldilar va har bir qabrga bittadan bo‘lakni sanchib qo‘ydilar. «Ey Rasululloh, nima uchun bunday qildingiz?» deb so‘rashganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Shoyad bu novdalar qurigunicha, ulardan azob yengillatib turilsa», deya javob berdilar. (Muttafaqun alayh).
Дата: YAKSHANBA, 2012.12.30, 02:34 | Сообщение # 100
Группа: Удаленные
«Biroq katta narsa sababli azoblanayotganlari yo‘q» jumlasini qo‘yidagicha tushunish mumkin: bu ishlarni tark etish ular uchun juda qiyin emas edi yoki ularning nazarida juda qiyin emas edi. Shuning uchun boshqa bir rivoyatda: «Yo‘q, u katta gunohdir», deyilgan.