Ukrainaning hokimiyatdan chetlashtirilgan prezidenti Viktor Yanukovich 11-mart kuni Rostov-Don shahrida yangi bayonot bilan chiqish qiladi. Bu haqda uning atrofidagilar xabariga tayanib "RIA Novosti” yozgan.
Viktor Yanukovich aynan qachon va qayerda bayonot berishi hozircha aniq emas, bu to‘g‘rida qo‘shimcha xabar berilishi ma’lum qilingan.
Ukrainada joriy yilning 22-fevralida hukumat almashdi – Rada prezident Viktor Yanukovichni hukumatdan chetlashtirdi, konstitutsiyani o‘zgartirdi va davlat rahbari vazifalarini bajarishni parlament spikeri Aleksandr Turchinov zimmasiga yuklab, prezident saylovini 25-mayga belgiladi. Yanukovich esa jismoniy kuch ishlatish tahdidlari sababli Ukrainani tark etdi. Bir qator G’arb davlatlari uni prezident sifatida tan olmay qo‘yishgan, ammo Rossiya Oliy Radaning bu boradagi qarorini noqonuniy hisoblab, Yanukovichni prezident sifatida e’tirof etib kelmoqda. Shuningdek, Qrim avtonom respublikasi ham rasmiy Kiyevning hozirgi rahbariyatini tan olmay, Putindan yarimorolni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni iltimos qilgan.
Yanukovichning yangi berajak bayonoti bu boradagi masalalarning taqdirida muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.