21-oktabr kuni o‘z efirini to‘xtatgan "TV Markaz” kanali o‘z saytida buning sababini izohlab rasmiy xabar qoldirdi. Unga ko‘ra, Terra Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan telekanal teleko‘rsatuvning yangi shakliga o‘tish jarayonini amalga oshirmoqda.
"Teleko‘rsatuvning yangi shakli telekanalga o‘z taraqqiyotining yangi darajasiga sifatli o‘tish, yangi teledasturlarni samarali yaratish va televideniyening yuqori standartlariga javob berish imkoniyatini ochib beradi”, — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, barcha ko‘rsatuvlar va loyihalarni yaratish ishlari davom etayotgani va TVM xodimlari odatiy rejimda ishlayotgani ham qayd etilgan.
TVM jamoasi kelajakda o‘z loyihalari va yangi g‘oyalari bilan tomoshabinlarni shod qilishda yana davom etishi ham qo‘shimcha qilingan.
Biroq, ushbu tanaffusning qachongacha davom etishi, efirning qachon yana uzatila boshlashi haqida hech qanday xabar ilova qilinmagan.
Ta’kidlash joiz, "TV Markaz” bilan bir vaqtda ishlamay qolgan NTT, "Forum TV” va "SofTS” telekanallari efirining to‘xtatilish sabablari haqida rasmiy ma’lumotlar berilmagan.