2012-yilda Rossiyada 52 ming dona avtomashina olib qochilgan bo‘lib, ushbu o‘g‘riliklarning yarmidan ko‘pi Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga to‘g‘ri keladi.
Rossiyada eng ko’p o’g'irlanayotgan avto – Lada Priora. Foto: avtoinstruktor.info
Mashina o‘g‘rilari eng ko‘p "AvtoVAZ” mahsulotlarini o‘g‘irlashgan – jami o‘g‘irlangan mashinalar orasida "Lada”larning ulushi 33 foizga teng. Bundan tashqari, o‘g‘rilar Yaponiyada ishlab chiqarilgan mashinalarni ma’qul ko‘rishlari ham ma’lum bo‘ldi – kuchli o‘nlikdan Toyota, Mazda, Mitsubishi, Honda, Nissan kabi yapon modellari o‘rin olgan.
Masalan, xorijda ishlab chiqarilgan va eng ko‘p o‘g‘irlangan avto – Mazda CX-7 krossoveri bo‘ldi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘rilar Audi, Renault va Hyundai mahsulotlarini ko‘proq o‘g‘irlashni boshlashgan. Qimmatbaho mashinalar orasida esa eng ko‘p Lexus (690 marta), Infiniti (212 marta) va Porsche (88 marta) o‘g‘irlangan.
Chevrolet modellari esa Rossiyada eng ko‘p og‘irlanayotgan mashinalar reytingi kuchli o‘nligini yakunlab bergani e’tiborga molik.