Uchta mobil aloqa operatori o`zlarining ommabop tarif rejalaridagi abonentlik to`lovlari oshgani haqida xabar beradi.
Narxlar oshganini birinchi bo`lib "Bilayn” kompaniyasi abonentlari his etishdi. Ushbu uyali aloqa operatori 2 apreldan boshlab kundalik abonentlik to`lovini milliy valyutada hisoblanadigan tariflardan 40 so`mgacha va xorij valyutasida hisoblanadigan tariflarda 2 tsentgacha oshirdi.
Ucell kompaniyasi esa 6 apreldan boshlab Prepaid tizimidagi ba`zi tariflarda tarmoq ichidagi qo`ng`iroqlarning dastlabki daqiqasi narxini ko`tardi. Xususan, "GAP", "Ucell olami", "Ko`proq muloqot", "Online", "Yaqinroq bo`l", "Ish uchun" va "Ko`proq gapir" tariflarida birinchi daqiqa narxi 2 tsentdan 2,5 tsentgacha oshirildi.
Shuningdek, Ucell operatori 23 apreldan Prepaid tizimidagi "GAP", "Ucell olami", "Ko`proq muloqot", "Tungi", "Online", " Yaqinroq bo`l", "Ko`proq gapir", "Eslash oson" va "3G modem" tarif rejalarining kundalik abonentlik to`lovi oshishi haqida xabar beradi. U 1 tsentdan 2 tsentgacha ko`tariladi.
Xuddi shunday narx oshishi, ya`ni 1 tsentdan 2 tsentgacha qimmatlashuv 1 maydan boshlab MTS uyali aloqa kompaniyasining "Dial’OK", "Salom" va "Universal" tariflarida ham kutilmoqda.
"Zvon’OK" tarif rejasida abonentlik to`lovi 2 tsentgacha oshishidan tashqari, tarmoqdagi chiquvchi ichki qo`ng`iroqlarning birinchi daqiqasi 2,5 tsentgacha (hozir 2 tsent) ko`tariladi. Tarmoqdagi chiquvchi ichki qo`ng`iroqlarning birinchi daqiqasidan keyin esa, qo`ng`iroqlar oldingiday bepul bo`lib qoladi.
Tarif rejalaridagi barcha o`zgarishlarni MTS-O`zbekiston kompaniyasining rasmiy saytida bilib olish mumkin.
Fayd etib o`tamiz, hozircha Perfectum Mobile uyali aloqa operatori tarif rejalaridagi o`zgarishlar haqida xabar bergani yo`q.
Eslatib o`tamiz, 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab O`zbekistonda mobil aloqa xizmatlarini ko`rsatuvchi yuridik shaxslar uchun abonentlik raqamlaridan foydalanganlik uchun oyiga 400 so`m miqdorida to`lov joriy etilgan edi.
Ushbu chora joriy etilishi bilan O`zbekistondagi barcha mobil aloqa operatorlari ommabop tarif rejalarida narxlar oshishi yoki abonentlik to`lovining joriy etilishi to`g`risida xabar berishdi. Shunday qilib, bu yil boshidan buyon mobil aloqa narxlarining ikkinchi bor ko`tarilishidir.