Qashqadaryolik kursdoshim Norqobil ikkimiz bor pulimizga kartoshka olib bozordan kelayotgan edik. Bir payt "No-or!" degan ovoz eshitildi-yu, to'xtadik. Kursdoshim u yoq-bu yoqqa alangladi-yu, birdan yuzi yorishib ketdi. - Iye, Xo'javoy aka-ku! - dedi suyunib.
Baland bo'yli, sochlarini silliq taragan, oq ko'ylagi yoqasiga ola-bula galstuk qo'ndirgan po'rim bir yigit iljayib biz tomonga yaqinlashdi. Norqobil ikkovlari ko'rishib, quchoqlashib ketishdi. Keyin meni unga tanishtirdi. - Tanishing, Baxtiyor kursdoshim. Qo'qonlik, - dedi Norqobil. - Bu akamiz hamqishlog'imiz. - Xo'javoy Murodov! - dedi po'rim yigit qo'lini cho'zib. - Peshingacha "brokerlik" qilaman. Peshindan keyin "makler"man. Bir yo'la to'rtta firma har kumi yo'limga ko'z tikib o'tiradi.
Norqobil ikkimiz uning gaplarini eshitib, angrayib qoldik. Xo'javoy aka o'qishimiz bilan qiziqdi, hozir qayoqqa ketayotganimizni so'radi. "Kartoshka qaynatib yeyishga" deyolmaymiz-ku, axir? Xo'javoy aka bizning ahvolimizni sezdi, shekilli: - Eh, talabalar! Eh, tolibi ilmlar! - deya xitob qildi. - Yuringlar, bir otamlashamiz! - Yo'q rahmat, vaqtimiz yo'q edi, - deb ko'rdik, bo'lmadi. Xo'javoy aka bizni qo'yarga qo'ymay qahvaxonaga sudrab ketdi. Noiloj bordik, o'tirdik. Tashabbusni yana Xo'javoy akaning o'zi qo'lga oldi. Do'mboqqina ofisiant qizni chaqirdi, eski tanishlardek hol-ahvol so'rashdi, menyuni so'radi va birin-ketin buyurtma bera boshladi: - Unaqada, bizga yarimtadan uchta sho'rva, - dedi taltayib o'tirarkan, - ikkinchisiga ikkitadan oltita "kavkaz kabobi". Ha, aytmoqchi, nima ichamiz? - deb bizga yuzlandi. - Biz ichmaymiz, - dedik Norqobil ikkimiz baravariga. - Unaqasi ketmaydi. Men, masalan, konyak ichaman. Davleniyam tushib ketgan. Demak, sizlarga aroq, menga konyak!
Zum o'tmay ichimliklar, gazaklar dasturxon ustida hoziru nozir bo'ldi. Ofisiant qiz "xizmat bo'lsa, chaqirarsizlar!" deb ketdi. Xo'javoy aka uning kelishgan qaddi-qomatiga qaragancha qolarkan, mamnun iljaydi: - Asal, asal! - dedi u. - Pigurasiga gap yo'q ekan. Yaqinda, shunaqa bittasini ilintirgandim. Eri yo'q, uyini almashtirish harakatida yurgan ekan. "Shest sekund"da to'g'irlab berdim. "Oh, Xo'javoy aka!" deb bo'ynimga osilib oldi. Haftada ikki, uch marta borib turaman. Maza!..
Xo'javoy aka shunaqa gaplarni gapirib, bizning so'lagimizni oqizib anchagacha vaysab o'tirdi. Bir haydovchinig guvohnomasini Dan hodimlaridan olib bergani, qaysi bir boyvachchaning qizini o'qishga kirgizib qo'ygani, cho'ntagidan "yevro-yu dollar" arimay qolgani haqida toza gapirdi. Xo'javoy aka endi bizning ko'zimizga ertaklardagi sehrgardek ko'rina boshladi.
Bu orada aroq, konyak, gazak keltirildi. Orqasidan sho'rva. Ochin-to'kin yurgan emasmizmi, Xudo berdi deb, ichaveribmiz, ichaveribmiz, oxiri kayfimiz oshib o'rnimizdan turolmay qoldik. Xo'javoy akaning esa hamon chakagi tinmasdi.
Hali, qaysi bir to'yda bir vazir bilan yonma-yon o'tirib osh yegani, hali falon bozorning direktori bilan ulfat bo'lib qolgani, hali mashhur estrada yulduzi bilan ko'rishib turishini gapiraverdi, gapiraverdi. Gap orasida yana bir shisha konyagu kabob, uning orqasidan qovurilgan jo'ja keltirilganini sezmay qolibmiz. Shundan keyin pivoxo'rlik boshlandi. Hali "Ochakova", hali "Baltika".
"Qani endi, bir umr shunaqa yashasang! - deb o'ylardim ichimda. - Ertalab o'qishga yugur, yarim kechagacha dars tayyorla, degan gaplar yo'q. Yaxshiyam, Xo'javoy akaga o'xshagan hotamtoy odamlar bor dunyoda!.."
Bir mahal Xo'javoy aka "O, pardon!" deya o'rnidan dik etib turib: - Bir joyga srochno qo'ng'iroq qilishim kerak edi. Hozir kelaman! "Shest sekund!". Xo'javoy aka olifta harakatlar bilan tashqariga chiqib ketdi.
Norqobil ikkimiz o'tiribmiz. Yarim soat o'tdi, Xo'javoy akadan darak yo'q. "Gapi cho'zilib ketdi, shekilli?" deb yana kutdik. Bir soat o'tdi yo'q. Axiyri bo'lmadi. "Bor, zemlyagingdan xabar ol!" dedim. U chiqib ketdi, g'ir etib qaytib keldi. Rangi devor bo'lib ketgan, xuddi bezgak tutgandek shaq-shaq qaltiraydi. - Xo'javoy aka yo'q, - dedi u yig'lagudek bo'lib. - Nega? - yuragim orqada tortib ketdi. - Bilmadim. Eshikning yonidagi qorovul "Boya bir mashinani to'xtatib ketdi-yov", dedi. - Nima? - dedim bo'shashib...
...Shu kuni qahvaxona yopilguncha Xo'javoy akani kutib o'tirdik. Lekin u kelmadi. Ofisiant qiz hisob-kitob qog'ozini oldimizga tashlab ketdi. Unga "265 ming so'm" degan raqamlar yozilgan edi... Shundan keyin qahvaxona boshlig'iga bo'lgan voqeani tushuntirishga to'g'ri keldi. Bo'lmadi.
Ularga "talabalik guvohnoma"larimizni garovga qoldirib, ko'chaga chiqdik. Ertasiga 265 ming so'mni topib qahvaxonaga olib kelishimiz kerak edi. Ikkovmiz ham yig'lagudek ahvolga tushdik. Yaqinginada shohona dasturxon yonida o'tirganim esa xuddi shirin tushga o'xshardi.
Xo'sh, bu yog'i nima bo'ldi, dersiz?.. O'sha kuni Norqobil ikkovimiz yotoqqa piyoda qaytdik. Qaytdigu tappa tashlab uxladik.
Bir hafta qolmay dekanatga chaqirilishimizni bilamiz. Xuddi hech narsa ko'rmagandek ikkimiz ham bo'lib o'tgan voqea haqida gaplashishdan qo'rqamiz... Ko'nglimizda xavotir... O'qishdan haydalmasak bo'lgani...
|