O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov mamlakat futzal, o‘smirlar, U-19 va U-20 hamda milliy terma jamoa murabbiylarini tasdiqladi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bilan amaldagi shartnoma uzaytirildi. Mutaxassis 2014-yil davomida milliy terma jamoani Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogi-2015 final bosqichi uchrashuvlariga tayyorlaydi.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2014 saralashining pley-off bosqichida Iordaniya bilan bo‘lgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov barcha aybni o‘z bo‘yniga olgan va o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishni so‘ragan edi. Biroq O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov arizani rad etib, 2014-yilning yanvar oyigacha terma jamoamiz bosh murabbiyi o‘zgartirilmasligini ma’lum qilgan.
Qizig‘i, ijtimoiy tarmoqlarda Qosimovning iste’fosi bilan bog‘liq turli hazillar "bolalab ketgan”, uning bayonotiga nisbatan turli fikrlar bildirilgan edi. Ular orasida ham ijobiy, ham salbiy fikrlarni ko‘rish mumkin. Ular orasida Qosimov o‘rniga aktyor Alisher Uzoqovning murabbiy bo‘lishi kerakligini aytib o‘tilgan fikr, ayniqsa mashhur bo‘lgan edi.
Keyinchalik, futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz bosh murabbiyligiga chet eldan mutaxassislar taklif etilishi, Mirjalol Qosimovning esa Qozog‘iston terma jamoasiga murabbiy bo‘lib tayinlanishi haqida ham xabarlar paydo bo‘lgan.