O‘zjan Deniz O‘zjan Deniz nomi bizga turk seriallari orqali juda ham yaxshi tanish. U ham qo‘shiqchi, ham ssenarist, ham aktyor. Ammo O‘zjan Deniz — bu uning taxallusi bo‘lib, asl ismi — O‘zjan Kulaksizoglu. Aktyor 1972-yilning 19-may sanasida Turkiyaning poytaxti — Anqara shahrida tug‘ilgan. “Bolaligim Aydinda o‘tgan. Maktabdagi o‘rtoqlarim bilan teatrga tez-tez tushardim,”— deb eslaydi O‘zjan Deniz. 1994-yilda u Mehmud O‘nning “ Unga sevishimni aytinglar” kartinasida ilk rolini ijro etgan. 1997-yilda “Yolg‘on” filmi unga mashhurlik olib keldi. O‘zjan Denizning hikoyalari asosida suratga olingan filmlar nafaqat Turkiyada, balki dunyoda ham mashhur. “Yolg‘on” filmidan so‘ng uning aktyorlik ijodida uzilish bo‘ldi. Ilgari musiqa uning xobbisi bo‘lgan bo‘lsa, endilikda O‘zjan o‘zini batamom musiqaga bag‘ishladi. Ketma-ket chiqarilgan xit qo‘shiqlar O‘zjan Denizga Turkiya musiqa olamining eshiklarini ham ochdi! 2001-yil O‘zjan uchun omadli keldi. “Oson pullar” filmida u 5 daqiqali rolni ijro etdi. Ammo uning bu epizodi rejissorlarda unga nisbatdan qiziqish uyg‘otish uchun yetarli edi. Shu 5 daqiqa uning hayotini o‘zgartirdi! “O‘zjan Denizning ko‘zlari insonni sehrlab qo‘yadi. Uning nigohida ko‘p narsa mujassam. Hech qanday so`z va harakatsiz u yolg`iz nazari bilan tomoshabinni o`ziga qarata oladi. U tabiatan chinakam iqtidorli aktyor”– deya unga ta’rif beradi Ahmet Yurdakul. Minglab o‘zbek teletomoshabinlarini o‘ziga rom etgan Seyman Karatog‘ obrazi O‘zjanga mislsiz mashhurlikni olib keldi. “Ishkomli uy” seriali 2002-yilda tasvirga tushirilgan bo‘lib, 3 yil davomida dunyoning 50 dan ortiq davlatlarida namoyish etildi. O‘zjan Deniz Mahzun Qirmizgul (“Belalim” qo‘shig‘ining ijrochisi, Turkiyadagi taniqli xonanda) bilan qalin do‘st. Shahardan tashqarida amalga oshirilgan syomkalar jarayonida u do‘stini ko‘rishga keladi. Shunda ikki do‘st o‘rtasida bahs boshlanadi. 15 daqiqada O‘zjan Deniz o‘z opponentiga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. Shunda Mahzun Qirmizgul kulib, o‘z mag‘lubiyatini tan oladi. O‘zjan Deniz ishtirokidagi “Bayaz huzun” filmi bugungi kunda Turkiyada namoyish etilmoqda. Unda aktyor serjant Faik obrazini yaratgan. Shaxsiy hayoti va oilasi haqidagi savollarni yoqtirmaydi. Jurnalistlarning bu mavzudagi so‘roqlariga u tabassum bilan javob beradi. O‘zjan Deniz — taniqli, ammo kamtarin, intiluvchan va irodali inson. Ekranda qanday obrazni yaratishidan qat’iy nazar hayotda u o‘z obrazida qoladi.
|