Men, Olloberganov O'lmas 1971 yil 25 iyulda Buxoro viloyati, Kogon shahrida tug'ilganman. Otam Olloberganov Xudoyor oliy ma'lumotli veterinary shifokor. Hozirgi kunda nafaqada. Onam Bozorova To'ybibi oliy ma'lumotli o'qituvchi “Xalq maorifi a'lochisi” unvoniga sazovor bo'lganlar. 1978-86 yillarda Kogondagi 5-o'rta maktabda tahsil oldim. Rahmatli ona qobiliyatimni sezib qolib, 1982 yili meni shahrimizdagi Bolalar musiqa maktabiga o'qishga berdilar. 1986 yilda maktabni bitirib, Buxoro Davlat musiqa bilim yurtiga o'qishga kirdim. Bilim yurtida qashqar rubobi mutaxassisligi bo'yicha ustozlarim Hikmat Rajabov, Ari Boboxonovalardan tahsil oldim. O'qish jarayonida 1988 yili Toshkent shahri Glier maktabida o'rta-maxsus musiqa bilim yurtlari yosh ijrochilari o'rtasida bo'lib o'tgan konkursda diplom olganman. 1990 yil Buxoro shahrida o'rta-maxsus musiqa bilim yurtlari yosh ijrochilari o'rtasida bo'lib o'tgan konkursda 1-darajali diplom olishga sazovor bo'ldim. 1990 yil Buxoro Davlat Musiqa bilim yurtini imtiyozli qizil diplom bilan tugatdim. Shu yili Toshkent Davlat Konservatoriyasiga kirish imtihonlarisiz qabul qilindim. Konservatoriyada ustozlarim O'zbekiston xalq artisti O'lmas Rasulov, professor Sulaymon Tashalov, O'zbekiston xalq hofizi, professor Fattohxon Mamadalievlardan tahsil oldim. O'qish jarayonida 1991 yil 1-mintaqaviy maqom konkursida qashqar rubobi bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritdim.1995 yil xuddi shu tanlovda xonandalik bo'yicha birinchi darajali diplom olishga sazovor bo'ldim. Bir nechta klassik mumtoz ashulalarim O'zTRKning “Oltin fond”ida saqlanib kelyapti. 1996 yilda 2 marta Turkiya safariga, ya'ni Istambul shahrida O'zbekiston madaniyati kunlari va Amir Temur bobomizning 660 yillik yubileylari munosabati bilan Anqara shahrida bo'lib o'tgan anjumanda ishtirok etganman. 1999 yil Fransiyada bo'lib o'tgan Butunjahon folklor festivalida qatnashdim. 2001 yilda Londonda O'zbekiston elchixonasida bo'lib o'tgan Mustaqilligimizning 10 yilligiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etdim. Shu yili AQSHda gastrol safarida bo'lib, milliy qo'shiqlarimizni targ'ib etishda hissa qo'shdim. 2005 yilda Yaponiyaning Nagoya shahrida o'tgan “EKSPO - 2005” ko'rgazmasida ham milliy qo'shiqlarimiz ijrosi bilan qatnashdim. Hozirgi kunda klassik qo'shiqlar bilan birga an'anaviy va zamonaviy qo'shiqlar ijrochiligi bilan ham shug'ullanib kelayapman. Bir nechta qo'shiqlarim xalq orasida mashhur bo'ldi. 2006 yil 12-13 may kunlari Turkiston saroyida ilk bor yakkaxon konsert dasturimni namoyish qildim. “Parizod” (2002 y.), “Kutaman” (2006 y.) nomli audio va video albomlar tayyorlab xalqimizga taqdim etdim. 2006 yilda bo'lib o'tgan konsert dasturim VCD hamda DVD albomlarida sotuvga chiqarilgan. Muntazam ravishda O'zbekiston televideniesi hamda radio to'lqinlarida qo'shiqlarim yangrab turibdi. Maqsadim – milliy san'atimizni yurtimizda, xorijiy mamlakatlarda targ'ib etish, yoshlarimizda milliy va mumtoz san'atimizga mehr-muhabbat uyg'otishda hissa qo'shishdir.