
2000-yilda ta’sis etilgan va 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yosh ijrochilar o‘rtasida o‘tkaziladigan "Nihol” mukofoti bu yil iqtidorli ijrochilarning 15 nafariga nasib etdi. 17-avgust kuni "Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida ular "Nihol”ning maxsus haykalchasi, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga davlat granti asosida imtiyozli kirish imkoniyati, eng kam oylik ish haqining 70 barobari miqdorida pul mukofotiga ega bo‘lishdi.
Sovrindorlar "O‘zbekiston” qo‘shig‘ini kuyladi. Foto: Sherzod ikramutdinov
Tadbirni aktrisa Dilnoza Kubayeva hamda xonanda Mashhurbek olib bordi.
Boshlovchilar Dilnoza Kubayeva va Mashhurbek. Foto: Sherzod Ikramutdinov
"Nihol” mukofoti kengashi raisi Adham Ikromov nutqidan so‘ng, "Nihol-2013” mukofoti bu yilgi nomzodlari "O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan tantanani ochib berdi. Tadbir estrada, mumtoz qo‘shiq, raqs, musiqa ijrochiligi, opera xonandaligi yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimiga ulanib ketdi.
Estrada yo‘nalishi bo‘yicha "Nihol” mukofotiga Nodira Abdurahmonova (Toshkent viloyati), Go‘zal Jumaniyozova (taxallusi Dilso‘z, Navoiy viloyati), Gulasal Abdullayeva (Namangan viloyati), Sherzod Ortiqov (taxallusi Sherzod Bek, Toshkent shahri), Umida Xo‘jayeva (taxallusi Umidaxon, Toshkent shahri) loyiq topildi.
Mumtoz qo‘shiq yo‘nalishida mukofotga Eldor G‘ulomov (Andijon viloyati), Dilfuza Qobilova (Buxoro viloyati), Umida Hamidova (Sirdaryo viloyati), Zulxumor Mamarasulzoda (Jizzax viloyati), Jayhunbek Madmurodov (Xorazm viloyati) sazovor bo‘ldi.
Raqs yo‘nalishida Feruza Xo‘janova (Samarqand viloyati) sovrindor bo‘ldi.
Musiqa ijrochiligi bo‘yicha Qahramon G‘ulomjonov (Toshkent shahri) hamda Farg‘ona san’at kolleji talabalaridan tashkil topgan Milliy cholg‘uchilar ansambli g‘olib deb topildi.
Opera xonandaligi yo‘nalishida esa Navro‘zbek Muhammaddiyorov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) hamda Abdulla Shirinov (Qashqadaryo viloyati) mukofotga sazovor bo‘ldi.
Tadbir nihoyasida barcha sovrindorlar ijrosida "Niholim o‘s, ulkan daraxtga aylan” qo‘shig‘i kuylandi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 3-noyabrda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste’dodlar uchun "Nihol” mukofoti tanlovini tashkillashtirish ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ushbu mukofot uchun tanlov ikki yilda bir marta o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
|