Дата: MUBORAK JUMA, 2012.02.24, 20:31 | Сообщение # 2
Группа: Удаленные
Telba muhabbat (hikoya)
Oʻsha kuni Halima shifoxonadagi uzun kursilarda dugonalari bilan qaldirgʻochlarday tizilishib oʻtirishgandi. Murod bir toʻda yigitlar bilan allaqayoqdan kelaverdi. Hammasining dumogʻi chogʻ.
Osmon uzilib yerga tushmadi. Yer chappa aylanmadi. Boʻron koʻtarilmadi. Olamni larzaga solib, momoqaldiroq qarsillamadi. Chaqmoq chaqmadi. Jala quymadi. Faqat Halima – miqtigina, chayir, koʻzlari shoʻxchan, qorachadan kelgan, istarasi issiq qiz oʻtirgan joyida – doim kitoblarda yozilganidek – qotib qolgandi. Goʻyo yelkasida bir botmon tosh. Hayrat toʻla qop-qora qorachiqlari kengayib ketganday. — Ana, sening yigiting! – dedi qizlardan biri.
Qizlar kulib yuborishdi, chunki Murod Halimaning hech qanaqa “yigiti” emas, uch yarim oydan beri shifoxonada baravar yotishsa-da, hali biron marta yuzma-yuz duch kelishmagandi.
Umuman, Murod juda gʻalati.
Gʻalatiligi uchunmi, Halima unga qiziqib, qizlar davrasida bir-ikki marta undan gap ochgan, shuning uchun qizlar Murodni Halimaning “yigiti”ga aylantirishgandi. Bu shunchaki hazil. Hazil deya avvallari Halima ham oʻzini ishontirardi, lekin...
Bora-bora davralarda Halima Muroddan gap ochmay qoʻydi.
Bora-bora Halima ishtirok etadigan davralarda qizlar ataylab, Muroddan gap ochadigan boʻlishdi.
Bora-bora Muroddan gap ochilsa, Halima qizaradigan, yuragi tipirchilaydigan va bu suhbatga oʻzini goʻyo uncha e'tibor bermayotganday koʻrsatishga urinadigan boʻlib qoldi.
Halima istardiki, bir kun Murod uni tushunsa, oʻt-olov koʻzlarini qadab, yoniga kelsa va... nimadir desa... Ammo Murod haligacha Halimaning yaqiniga yoʻlamagandi. Halima esa shunday damni kutardi. Umid qilar va kutardi.
Davolanuvchilar orasida “kandidat” laqabini olgan Murod haqiqatan ham gʻalati edi. Koʻpincha yolgʻiz yurar, umuman, shifoxona hovlisida kam koʻrinardi. Mish-mishlarga qaraganda palatasida oʻtirib olib, nuqul dissertatsiya yozgani-yozganmish. Yaqinda fan kandidati boʻlarmish. Dugonalar tegishib, Halimani “kandidatning xotini” deb chaqirishardi. Bu hazil Halimaga yoqardi. Shunday yigit umriga yoʻldosh boʻlish - baxt.
Kelishgan, xushbichim, bilimli, va hokazo, va hokazo...
Halima goho yigitlar davrasida Murod juda qiziq gaplar ayib, hammani kuldirayotganini koʻrib qolardi. Ha-da! Aynan hammadan chetda yuradigan, xayolparast yigitni koʻpchilikning oʻrtasida koʻrsang qiziq boʻlarkan. Yana, hammani kuldirsa.
Oʻsha damda “sening yigiting” degan qiz Halimaning yaxshigina mushtini yedi. Bari bir Halimaga “sening yigiting” iborasi yoqqan, yuragi shirin orziqib, hatto Murod uzoqdan koʻringandayoq ancha-muncha talvasaga tushgan, zoʻr berib oʻzini beparvo koʻrsatishga urinayotgandi. Ammo qalban Murodning yigitlar davrasidagi har bir qadamini, har bir qarashini kuzatayotgandi. Kam hollarda boʻlganidek, Murod juda xushhol, koʻzlari chaqnoq. Doʻstlariga nimanidir quvnab gapiryapti. Halima ham quvonib ketdi.
Qizlar ham shod edilar. Boyadan beri safsata sotib, kulishib oʻtirgandilar. Shu quvnoq ruh bois Dilorom: — Murod, bu yoqqa keling! – deb qoldi.
Birdan Halimaning nafasi ichiga tushdi. Ustiga birov bir paqir muzday agʻdarganday. Yurak urishi sustlashayotganday. Murodni chaqirgan Diloromga javdirab bir qaradiyu, koʻzlarini yerga tikdi.
Murod yaqinlashdi.
“Oʻzini tutgani ma'qul. Tagʻin, Halima chindan yaxshi koʻrib qolipti, deb oʻylashmasin”. — Siz nega bunchalar beparvosiz? – dedi dabdurustdan Dilorom, dugonalarga koʻz qisarkan. — Nima, birontasi meni sevib qoldimi? – soʻradi Murod, xushhol qizlarga bir-bir nazar tashlarkan, hammasining valaqlashgisi kelayotganini payqaganday.
Koʻz tanishligini hisobga olmaganda Murod bu qizlarning birontasi bilan haligacha hamsuhbat boʻlmagan, hozirgi hazil-chin aralash gap qoʻshishlar esa tabiiy ravishda ularni birdan ruhan yaqinlashtirayotgan, yigit qizlarning maqsadini gaplari tugamasdan anglab yetgandi. — Albatta-da! – Dilorom yuziga achinish tusini berdi. – Bechora Halima dugonamiz sizning dardingizda kuyib kul boʻldi. Ado boʻldi! Bir qaramaysiz ham, ahvolini soʻramaysmz ham! – Dilorom Halimani bagʻriga bosdi, sochlari, yuzini silab ovutgan boʻldi.
Butun vujudi bilan asl holatini bildirib qoʻymaslikka urinayotgan Halima ham yolgʻondakam qovoqlarini solgancha, qoʻllarini ikki yonga osiltirib, yerga qaradi. — Si-iz? Meni yaxshi koʻrib qoldingizmi?! Nahotki?.. — Ha,.. endi,.. sizni... – dedi Halima tutila-tutila, xuddi hozir yigʻlab yuboradiganday (aslida ham yigʻlashiga sal qolib), - koʻpdan beri... koʻz ostiga... olib yurgandim.
Qiyqiriq kulgu koʻtarildi. — O, Halima! – Murod nogahon uning qarshisida tiz choʻkdi. – Qiz hatto kaftlari yigitning kaftlariga tushib qolganini sezmadi hisob. Sezsa-da, tortib olishga yuragi betlamadi. – Nahotki siz rost soʻzlayapsiz?! Nahotki mana shu begʻubor koʻzlar aldamaydi? Nahotki bu oshufta koʻzlar bir umr menga maftunkorona termuladi? - Murod shunaqangi ilhom bilan koʻzlari yonib gapirardiki, qizlar oʻzlari boshlagan kulguli mashmashaning davomini zoʻr qiziqish bilan kuzatishardi. Murod qiziqchilik qilayotgani ayon ediyu, bari bir sevgi izhori hazilmi, chinmi, hech kimni hech qachon loqayd qoldirmagan. — Men sizga ishonaman, Halima! Bir siz emas, axir men ham olti oydan beri gʻoyibona sizning dardingizda kuyaman! Yonaman!! Men ham sizni jon-dilimdan sevaman, Halima!!! Dardimni qanday yetkazishni bilmay, arosatda edim. Baxtli tasodifni qarangki, dugonalaringiz bizga xolis xizmat qildilar. O, bu qanday samoviy baxt! Sira ishongim kelmayapti... Halima sizmisiz oʻzi? - Murod Diloromga oʻgirildi: - Men aynan meni yaxshi koʻrib qolgan qizga sevgi izhor qilyapmanmi?
Yana kulgi koʻtarildi. — Ha, ha, adashmadingiz.
“E, ajoyib yigit ekan-ku bu Murod deganlari!” — Ana, - dedi Murod hamon oʻsha alfozda, - mening yuragim ham sizga boʻlgan otash muhabbatga limmo-lim. Sizga talpinyapman, sevgilim! Endi sizsiz menga hayot yoʻq! Siz borsiz – men borman bu dunyoda. Endi hech qachon ajralmaymiz. Birga yashaymiz. Ertaga ertalab zagsdan oʻtamiz, Yoʻq, qizlar, sizlar kulmangizlar. Halima, jonginam, siz ham kulmang, men yuragimda bor gaplarni aytyapman. Men yuragimni boʻshatib olmasam, tars yorilib ketadi. Biz birga baxtli yashaymiz. Bolalarimiz koʻp boʻladi. Siz “Qahramon ona” boʻlasiz. Olti marta egizak tugʻib bersangiz kifoya. O. Siz bilsangiz edi... — Ie, sevgi izhori shunaqa boʻlarkanmi? – ajablandi qizlardan biri. — Siz mening ustimdan kulyapsiz! Men nechun oʻz dardimni sizlardan yashirishim kerak? Bu tashna yurak toʻlib ketgan. Oshing halol boʻlsa koʻchada ich, deganlar. Halima, siz uyalmang, mayli, dugonalaringiz meni hazillashyapti, deb oʻylayversin. Hazil yaxshi. Kulishsin, mayli. Hazil hazil bilanu, ammo men sizni chindan yaxshi koʻrib qolyapman...
Shuncha gapni qaerdan olyapsiz? Doim indamay yurardingiz-ku! – soʻradi Dilorom zavqlanib. — Men asli kamgap odamman, toʻgʻri, - deya davom etdi Murod, ammo bilingki?
O, bu xoʻrlangan yurak tuyoqlarning toptashlariga bardosh berolmaydi. Yoʻq, men ortiq chidolmayman. Men ketaman! Bu oʻlkalardan bosh olib ketaman. Alvido, sevgilim! – deya Murod Halimaning qoʻlini labiga tortdi, lekin qizning qoʻllari ustida turgan oʻzining qoʻlini oʻpdiyu, joʻnab qoldi. — Indamay yurgani bilan koʻp balo bor ekan bu kandidatingizda! – dedi Dilorom. – Hammani jim qildi, ketdi.
* * *
Oʻsha voqea boʻlib, Toshkentdan qaytgandan soʻng Halima bir insonga dardini yorolmay yurgan kunlarning birida defoliatsiya navbati ularga keldiyu, mexanizator kasal boʻlib qoldi. Gʻoʻza rivoji busiz ham kechki boʻlib, vaqt oʻtib borar, defoliatsiyani kechiktirish mutlaqo mumkin emasdi. Shuning uchun Halima hamma tashvishlarini yigʻishtirib qoʻyib, traktor ruliga oʻzi oʻtirdi. Respirator taqishu, yana bir qancha ehtiyot choralarini koʻrish xayoliga ham kelmadi. Alam zoʻr ediyu Ikkinchi defoliatsiyada bargni tezroq toʻksin deb butifos miqdorini koʻpaytirishgan edi,.. terim boshlanmay oʻzi kasalxonaga tushdi. Oʻpkasiga zahar yigʻilib qolganmish! Yotipti oʻshandan beri sil kasallar shifoxonasida.. Birinchi kunlari “endi umrim dard bilan oʻtarkan”, deb necha bor yigʻlagan boʻlsa ham tabiatan xushchaqchaq qiz tezda oʻzini ovutib olgandi. Shifoxonadagi yigitlarni qizlarga “boʻlishtirgan”, oʻziga Murodni “tanlagan” ham Halima edi. Davralarda Halimaning qattiq-qattiq ovozi, shoʻx kulgusi alohida ajralib turardi.
Ana shu qiz Murodni chinakamiga sevib qoldi, shekilli.
Bir gapirib oʻn kuladigan, uncha-muncha yigitlarni mot qilib ketadigan qiz Murodning qarshisida xijolatdan qizarib, tili aylanmadi.
Murod oshxonada bir stol atrofida ikki juvon bilan oʻtirardi. Murod hazil tarifasida ularga ham sevgi izhor qilganini yon tomonda oʻtirgani uchun Halima necha martalab eshitgan.
Murod hozir oʻziga ham oʻshanaqa gaplarni hazil-mazax aralash aytib ketdi.
Bari bir yaxshi gap yaxshi-da.
Endi Halima Murodni koʻrsa hayajonlanaveradi. Ayniqsa uning qarashlari,.. kulishlari...
Murod esa koʻchada kam koʻrinadi. Oshxonada oʻsha ikki juvon bilan chaqchaqlashib oʻtirar, keyin yoʻlakdan toʻgʻri shifoxona binosiga yoʻl olardi.
Kechalari kinoga ham chiqmaydi.
Nuqul yozarmish. Kandidat boʻlish oson emas, shekilli.
Murod yigirma toʻrtga toʻlib yigirma beshga oʻtgan, aspiranturada oʻqir, oʻzbek klassik adabiyotidan dissertatsiya yozar, shu sababli oʻzini adabiyotchi doʻstlari davrasida “klassik” deb atar, ular esa Murodni darvish deyishar, buni Murodning oʻzi ham bilardi. U haqiqiy kayfiyat kishisi boʻlib, dam olayotgan paytlari, agar vaqti chogʻ boʻlsa, toʻgʻri kelgan qizga albatta hazil tariqasida sevgi izhor qilaverar, qizigʻi shundaki, har bir soʻzi chin yurakdan aytilayotganga oʻxshar, koʻzlari qarshisidagi qizga eng sof muhabbat ilan tikilardi. Murod hech qachon qiz bolaga birinchi boʻlib soʻz qotmagan, ammo qiz bola...
Oradan toʻrt kun oʻtdi. Halima Dilorom bilan kechki ovqatdan chiqib kelishayotgandi, kimdir qoʻlidan ushlab toʻxtatdi. Halima oʻgirildi. Oʻgirildiyu, vujudiga harorat yugurdi. Xushhol ishshayib, Murod turardi. — Ha, bevafo! – dedi u. – Koʻrinmaysiz! Uchrashuvga chiqmaysiz? Nima, umrimiz visol damlarini intiqib kutish bilan oʻtib ketadimi? Yo boshqa bittasini topib oldingizmi?
Halima lol. Yuragi iydi. Kulimsiradi. Ayniqsa, Murodning oʻtli nigohi uni “oʻldirayotgandi”. — Halima bevafomi, sizmi? – Dilorom oraga suqildi. – Sevgi izhor qilgandan beri dumingizni ushlatmaysizku! — Men Halimani bu oʻlkalardan olib ketmoq istayman. Ne baxtki, biz bir-birimizni shifoxonadan topdik. Endi ketamiz. Mening yurtimga ketamiz. — Yurtingiz qayoqda? – soʻradi Dilorom. — Baxmalda. Baxmal togʻlarini, Oyqor choʻqqisini eshitganmisiz? Oʻsha togʻlar etagida bizning Barlos qishlogʻimiz bor. — Men togʻda yasholmayman! – dedi Halima azbaroyi hayajonlanganidan, goʻyo Murod uni hozir olib ketib qoladiganday. — Yashaysiz! – dedi Murod komil ishonch bilan. – Biz sizga barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Hovlimizda yigirmata qoʻy, oʻttizta echki, yigirmata qoramol bor. Har kuni ertalab soat toʻrtdan yettigacha siz ularni togʻ bagʻrida boqib kelasiz. — E, boqmayman! — Nechun? Axir bu siz uchun katta baxt-ku! Tong otmasdan siz Oyqor choʻqqisining etagida shirin orzular ogʻushida choʻponlik qilasiz. Toʻgʻri, bizda boʻrilar koʻp. Yesa yeb ketar, nima boʻpti? Axir bu romantika-ku! Tasavvur qiling: Agar qaytib kelmasangiz, butun qishloq oyoqqa turadi. Sizni izlaymiz... va xarsanglar orasidan sizning qop-qora qonga belangan oppoq harir koʻylagingizni topib olamiz. Toʻy kechasi siz ana shu koʻylakda edingiz. O, mening armonlarim! – Ushalmagan orzularim! Qonli koʻylagingizni koʻzlarimga surtib yigʻlayman. Siz emas, bir umr men baxtsiz boʻlib qolaman. O-o! Oyqorda bir qabr bor. Unga siz dafn etilgansiz. Siz emas, u yerga mening ushalmagan orzularim dafn etilgan. Har tong gʻam-anduhga botgan bir gʻarib kimsa qoʻlida bir dasta anvoyi gullar bila Oyqorga koʻtariladi. U har kuni kabrni changallab, sochlarini yulib, betlarini timdalab, faryod chekadi. U – men! Sevgilingiz, sining bebaxt sevgilingiz! – Murod gapdan toʻxtadi. Bir necha daqiqa hammalari jimib qolishdi.
Odamning eti junjikib ketdi, - dedi Dilorom nihoyat oʻziga kelib. – Gaplaringiz buncha sovuq? — Nima, dissertatsiyangizga shunaqa narsalar yozyapsizmi? – soʻradi Halima chuqur ichki hayajon bilan. — Ha. “Murod bilan Halimaning fojiali sevgisi tarixi” degan mavzuda. — Qiziq ekansiz, - dedi Halima past ovozda, hayajonini yashirishga urinib, chunki Murodning soʻnggi gapi uni yana larzaga solgandi. – Qachon jiddiy gapiryapsiz, qachon hazillashyapsiz, bilib boʻlmaydi. Uch-toʻrt kunlab koʻrinmaysiz. Koʻrinsangiz, gapirib-gapirib joʻnab qolasiz... — Yoningizda yurishimni istaysizmi?!
Halima Murodga oʻgirildi. Eng qoʻrqqani – Murodning koʻzlariga duch keldiyu... “Men seni sevaman!”, derdi Murodning koʻzlari. Bitmas-tuganmas baxt va'da qilardi bu koʻzlar! Bu koʻzlar yonardi. Bu koʻzlar Halimaning oromini oʻgʻirlagandi. — Nima balo, siz meni rostdan yaxshi koʻrib qolyapsizmi, deyman-da, a!? — Siz-chi? Siz yolgʻondakam deb oʻylaganmidingiz? – dugonasi oʻrniga Dilorom javob berdi. — Ha-da! — Demak, oʻzingiz ham yolgʻondan sevgi izhor qilayotgan ekansiz-da?! — Menku, Halima deb es-hushimni yoʻqotganman, ammo Halima hazillashyapti, mening ustimdan kulib yuripti, deb oʻylagandim. — Bu gapingiz ham hazilmi? — Toʻgʻrisi, qachon hazillashaman, qachon jiddiyman, oʻzim ham ajratolmay qoldim. – Murod kulib yubordi. – Xoʻsh, borasizmi bizning Baxmalga? — Shunaqa vahimali narsalar aytyapsizki, men Halimaning oʻrnida boʻlsam sirayam bormasdim. — Koʻngilga xush yoqadigan narsalar ham aytish mumkin: Mayli, Halimani boʻrilar yemasin. Halima hech qachon qoʻy-echki boqmasin. Tasavvur qiling: Bahor! Lolalar hamma tarafda qip-qizil boʻlib ochilgan. Qizgʻaldoqlar qir-adirlarga toʻshalgan. Yon bagʻirdagi Oysharrak bulogʻidan sharqirab oqayotgan zilol suvlar soylarga tomon yuguradi. Erta tong. Halima oppoq harir kelinlik libosida koʻza koʻtargancha buloq boshiga bormoqda. Mayin togʻ shabadasi sochlarini oʻynayapti. Halima baxtiyor! Lablarida sokin tabassum. Ana! Yuzini muzday suvga chayqayapti. Shu payt men orqasidan boramanu, koʻzlarini yashiraman. Bu men ekanligimni Halima yaxshi bilgani uchun qoʻllarini qoʻllarim ustidan bosadi. Qalblardagi harorat qoʻllarga, qoʻllardagi harorat qalblarga oʻtadi. Halima oʻzini mening ogʻushimga tashlaydi. Bir-birimizga termulamiz. “Men baxtliman!” deya pichirlaydi Halima va koʻzlarini yumadi. Men Halimaning qop-qora, mayin sochlarini mehr bilan silayman... — Bilibsiz! Koʻzlarimni yashirganingizdayoq koʻza bilan boshingizga solib qolaman, - dedi Halima, oz-moz ogʻrinish bilan. — Ana sizga buloq!Endi nima boʻldi? — Nima boʻlardi. Boshim yorilib, hushimdan ketib, yiqilaman. Halima oʻgiriladiyu, qattiq dahshatga tushadi, chunki meni qandaydir yovuz niyatli odam deb oʻylagan-da. Tezda boshimni tizzasiga olib, peshanamni tangʻiydi. Ammo qon oqaveradi. Nafas olmay yotaveraman. Halima yuzimga suv sepadi, yoqamdan tortib, silkiydi, yum-yum yigʻlaydi. “Sizki bu dunyoda yoʻqsiz, menga yashash na darkor?”, deb sal naridagi tik jarlik tomon yuguradi. Halima oʻzini halok qilishga chogʻlanayotganini anglaymanu, toʻlqinlanib ketaman. (Yolgʻondakam oʻzimni oʻlganga solib yotgan boʻlaman-da.). Tomogʻim boʻgʻiladi. “Toʻxta, Halima!” deya hayqiraman. Halima toʻxtaydi. Koʻzlariga ishonmaydi. Majoli qurib choʻkka tushadi. Kulib yigʻlaydi, yigʻlab kuladi. Barmoqlarini tishlagancha, titrogʻini bosmoqchi boʻladi, lekin bosolmaydi. Men ham yigʻlayman. Hech kim hech qachon meni Halimadek seva olmasligiga hozirgina ishonganim uchun yigʻlayman. Sal boʻlmasa Halimadan ajrab qolishim mumkinligini anglab yetganim uchun xudoga shukr qilib yigʻlayman...
Murod bu ertagini ham tugatdi. — Yozuvchiga oʻxshab gapirasiz-a! – Dilorom hayratlandi. — Aspiranturaga kirishdan oldin muxbirlik qilganman. Halimalarning qishlogʻida ham boʻlganman, - dedi Murod. Nogoh uning nigohi sovuq chaqnadi.
Shifoxona binosiga yetib keldilar. Qizlar hali sayr qilishni istardilar “Unda oʻzlaring aylanaveringlar”, deb Murod ichkarig yoʻl oldi.
“Demak, xabari bor shekilli”.
Halimaning butun vujudi zirqirab ketdi.
* * *
Oʻshanda, markazda boʻlgan majlisda Halimani mukofotlashdi. Majlisdan chiqib, Klara, Ismat bilan birga kechqurun restoranga borishdi. Halimaning mukofotini yuvishdi. Halima ham ozroq ichdi. Es-hushi joyida edi. Mehmonxona kelib, Klara ikkovi oʻzlariga ajratilgan xonada yotishga hozirlanishdi. Keyin yarim kechaga yaqin “opa chaqiryapti” deb, Ismat Halimani chekkadagi bir xonada Erkin Eshboevichga duch qildi. “Opa” viloyat komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi edi. U chaqirgan joyga bormaslik mumkin emasdi. Keyin... nima voqea yuz berganini Halima faqat ertalab angladi. Lekin baqirmadi, chaqirmadi, Erkin Eshboevichga yigʻlab tarmashmadi. Shunaqa holga tushgan qizlar haqida koʻp eshitgani bois qachondir oʻzi ham shu holga tushib qolishdan qoʻrqib, hadiksirab yurgani boismi, tushunib boʻlmaydigan bir xotirjamlik va befarqlik bilan kiyimlarini kiyib, ayvonchaga chiqdi-da, panjaraga suyandi. Oʻh-hoʻ! Toʻqqizinchi qavatda... oʻzini tashlasachi? Nega? Nima uchun? Kim uchun? — Ie, Halima!
Halima oʻzini tashlamoqchi deb oʻyladi shekilli, Erkin Eshboevich jonholatda yugurib kelib, qizning yelkasidan tutdi. Halima bir silkinib oʻzini boʻshatdi. — Esingizni yeb qoʻydingizmi? – Erkin Eshboevich hansirardi. Keyin oʻz qurbonining oʻta loqayd, loʻq koʻzlariga qarab, shashtidan tushdi. Qoʻlini tortib olib, “sizga nima boʻldi?” degancha panjara tomonga oʻtdi – Halima, siz menga qizim qatorisiz, oʻz qizimday... Bilmayman, meni... Xayolimda hech narsa yoʻq edi. Sizga hurmatim juda zoʻr. Bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Siz mening gaplarimni eshitishni istamayapsiz. Mayli, boʻlar ish boʻldi. Toʻgʻrisi, oldimdan norozi boʻlib chiqishingizni istamayman. Hozircha siz mana shuni olib keting. Qolganini keyin gaplashamiz.
Erkin Eshboevich qizga bir dasta pul tutqazdi. Halima hamon loqayd ahvolda turgani uchun pulni qanday olganini oʻzi ham anglamadi. Qoʻlidagi pulga qaradiyu, birinchi marta xoʻrligi keldi. Demak... ammo... Erkin Eshboevich yana gapga tushdi. Bir balo qilib, tinchgina qutulmoqchi. Halima tirqirab kelayotgan koʻz yoshlarini koʻrsatmaslik uchun lom-mim demay chiqib ketdi. Xayoliga bir fikr kelgan edi. Shuning uchun toʻgʻri Ismatning xonasiga bordi. Oʻylaganiday, yoʻq ekan. Oʻzlarining xonasiga oʻtdi. Eshikni ancha taqillatishga toʻgʻri keldi. Nihoyat sochlarini nari-beri taragan Klara tugmalarining koʻpi qadalmagan xalatining yoqasini gʻijimlagancha, eshikni qiya ochdi. Halima oʻzini ichkariga urdi.
Gumoni toʻgʻri edi. Ismat shu yerda ekan. Shosha-pisha kiyinardi. Halimani koʻrib, barmoqlarining uchi tugmani qaday olmay, qaltirab qoldi. Halimaning es-hushi joyida, fikrlarini jamlab bir qarorga kelgan edi. Oʻsha loqayd alfozda koʻzlarini loʻq qilib, bir qadam oldga yurdi. Ismat tisarilib, divanga oʻtirib qoldi. Halima qoʻlidagi pulni Ismatning tizzasiga qoʻydi. Soʻng jomadonini olib, kiyimlarini yigʻishtirishga tushdi. Klara bilan Ismat nima deyishlarini, nima qilishlarini bilishmasdi. Halima esa, goʻyo xonada hech kim yoʻqday, sochiqni olib, vannaxonaga kirib yuvindi, kiyimlarini almashtirdi. Bu orada ichkarida gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar eshitilib turdi. Klara bilan Ismat nimanidir tortishardi. Halima qaytib chiqqanda ikkovi yana jim boʻlib qoldi. Nihoyat Halima jomadonini koʻtarib, ketishga chogʻlanganda Ismat chiday olmadi. — Toʻxtang, Halima! Bu birgina mening ishim emas! – Ismat yigʻlamsiragancha pulni otib tashlab, koʻkragiga mushtladi. – Boʻlib oʻtgan gaplarni bilib keting. Men bor-yoʻgʻi buyruqni bajardim, xolos. Mening hech qancha aybim yoʻq. Siz meni tushuning, Halima! – Ismatning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqdi. — Ismat Sa'dullaevich! — Nima? Nima? Nima?!
Ismat oʻgirilgancha Klara tomon yurgandi, Klara uni shapaloqlab soldi. Ismat yuzini ushlagancha gʻazabi ham, alami ham soʻnganday divanga choʻkdi. Halima hali aytilmagan gaplar borligini anglab, toʻxtadi. Lekin hech kimdan sado chiqmasdi. Nogahon Halimaning nigohi divanda, polda betartib sochilib yotgan pullarga tushdi. Jomadonini qoʻyib, erinmasdan pullarni bittalab terib oldi-da, yana Ismatning tizzasiga qoʻydi.
- Buni anovinga bering! – dedi Ismat jonholatda pullarni Klaraning yuziga otib. – Hamma ishni qilgan oʻsha! Menga bunday qaramang, Halima! Qahvaga qoʻshib berasiz, deb Erkin Eshboevichga uxlatadigan dori topib bergan ham anovi jalab!.. — Ablax! – Klaraning koʻzlari telbalarcha chaqnab, Ismatning yuziga chang soldi. – Sin jalab! Irkin Ishbaevich jalab!..
Ikkovi jiqqamusht boʻlib ketishdi. Halima tishlarini tishlariga bosgancha tashqariga otildi.
* * *
Gʻalati yigitning yonida yursang oʻzing ham gʻalati boʻlib qolarkansan. Halima bu gaplarni aytaman, deb sira oʻylamagandi.
Oradan yana uch-toʻrt kun oʻtdi. Murod yana avvalgiday parishonxotir holda faqat oshxonada koʻrinar, qizlarga koʻzi tushsa, bosh rgʻab salomlashar, tushmasa, oʻzi bilan oʻzi band, xayol surardi.
Halima esa... Halima endi... u ham oʻzini oʻzi tushunmayotgandi. Murod uni yaxshi koʻrmasligi aniq. Shunda ham koʻngil... Dardlarini dugonalaridan yashirishga urinar, agar davrada Murod haqda gap ochilsa, kulgu bilan qutulardi. Murod esa...
Bir kuni oqshom shifoxona bogʻida sayr qilib yurishganda tasodifan (tasodifmikan?) qarshilaridan Murod bir doʻsti bilan chiqib qoldi. — Mening jondan aziz sevgilim! – dedi Murod qulochlarini yozib. – Nahotki bu siz?! Men sizning dardingizda kuyib kul boʻldim. Sizni izlab chiqqan edim. Yuring. Hozir hayotimizda ilk visol damlari boshlanadi. Dilorom, siz mening doʻstimni ovvutib turing. Bizning Halima bilan ancha-muncha maxfiy gaplarimiz bor.
Murod Halimani yetaklagancha kichik yoʻlakcha boʻylab ketaverdi. Halima qarshilik qilishga oʻzida na kuch, na jur'at topa oldi. — Siz nega doim mendan qochasiz? – soʻradi Murod yoʻl-yoʻlakay. — Qochgan menmi, sizmi? — Demak, meni kuzatarkansiz-da! — Endi siz,.. kasalxonada oʻzi bitta yigitsiz, albatta kuzatamiz, - dedi Halima ogʻrinib. — Mayli, shunday ekan, bugundan, hozirdan boshlab bir umrga birga boʻlamiz, xoʻpmi? — Gʻalati gaplar... xuddi bozordan mol sotib olayotganday savdolashasiz, a? – dedi Halimaning koʻngli buzilib.
Ikkovlon necha marta suhbatlashgan boʻlsa, Murod birinchi marta gap topolmay qoldi. Ular jimgina bogʻning qorongʻi, xilvat tomonlariga borardilar. Murodning yuzidagi shod quvonch oʻrnini ayanchli ishshayish egallagan, buni Halima payqamas, payqashga urinmasdi ham. — Halima! – dedi jiddiylashgan Murod toʻxtagancha uni ikki yelkasidan tutib oʻziga qaratarkan. Uning vajohati buzilgan, qiz oʻzini qattiq sevib qolganini endigina payqayotgan, nimalarnidir aniqlashga urinar, qizning muhabbati uni hangu-mang qilib qoʻygandi. – Men axmoq nimalarni oʻylab... Eh! Nahotki siz meni sevib qoldingiz?
Halima boshini egdi. — Nimaga javob bermaysiz, Halima? – Murodning ovozi qaltiradi. – Men buni bilishim kerak.
Olisdagi simyogʻochga ilingan elektr chirogʻi ikkovi tarafga sal-pal nur taratar, Halimaning yuzi zoʻrgʻa koʻrinar, kayfiyati qattiq buzilgani aniq edi. Halimaning yelkalari sekin-sekin titray boshladi. Keyin yoʻlka oʻrtasiga oʻtirgancha, tizzalariga boshini qoʻydi. Murod hayron boʻlib, choʻkkaladiyu, qizning boshini koʻtarib, oʻziga qaratishga urindi. Halima uni silkib tashladi. Halima yigʻlardi. Unsiz, butun vujudi qaqshab, qaltirab, yigʻlardi. — Iy-e! Sizga nima boʻldi?! — Siz? Siz bariga aybdorsiz! Men hali sizni yaxshi koʻrib axmoq boʻlganim yoʻq. Sizning nimangizni yaxshi koʻraman? Kandidat boʻlsangiz oʻzingizga! Nima qilasiz mendan koʻngil soʻrab? Bari bir ikki dunyodayam menga uylanmaysiz-ku! Qizlar menga “yigiting” deb sizni koʻrsatishayapti. Siz axir mening yigitim emasssiz-ku! Hozir meni poylab keldingiz. Sizni yaxshi koʻrishimni allaqachon bilgansiz. Toqatim toq boʻlganiga ishonch hosil qilib meni qorongʻulikka boshlab keldingiz... Xoʻsh, nega indamaysiz? Shumidi maqsadingiz? Shumidi?! Yo yolgʻonmi? Siz nuqul qizlarni axmoq qilib oʻrgangansiz. Yo meni ham axmoq deb oʻyladingizmi?.. Men axmoq boʻlmasam, sizdek ablaxni sevib qolamanmi? Dunyoda yigit zoti qurib ketganmi? Men... eh, shoʻrpeshana! Nimaga jimsiz? Nimaga?! Nimaga?! – Halima sakrab turgancha, yigitning yoqasidan tutdi. – Gapirsangizchi axir, Murod aka! Siz indamaganingiz sari men qoʻrqayapman. Men axmoqman! Men jinniman! Men sizni yaxshi koʻraman, Murod aka!.. — Halima, Halima!.. – Murod yana nimadir deb gʻoʻldirayotgandi, Halima kafti bilan uning ogʻzini toʻsdi. — Yoʻq, gapirmang! Gapirsangiz battar qoʻrqaman. Iltimos, Murod aka, gapirmang. Men jinni boʻlib qolayotganga oʻxshayman... — Halima!!! — Gapirmang! Keting! Koʻrgani koʻzim yoʻq sizni! – Halima panjalari bilan yuzini toʻsgancha, yana choʻkkaladi. — Halima, oʻzingizni bosing. — Keting dedim. Shafqatingizga zor emasman. Istamayman,.. bildingizm, istamanman! – Halima oʻrnidan turgancha yer depsindi. – Nimaga boʻzrayasiz? Yana koʻz yoshlarimni koʻrmoqchimisiz? Siz uchun yigʻlagan men tentak! – Halimaning koʻzlaridan shashqator yosh quyilardi. – Keting axir!.. tinch qoʻying meni, iltimos...
Murod nihoyat boshini eggancha yoʻlga tushdi. — Murod aka, siz nima qilyapsiz?
Murod shoshilgancha oʻgirildi. — Nega meni tashlab ketyapsiz? Ket desa ketaverasizmi? Siz axir yigitsiz-ku! – Halima sal yorugʻroqqa chiqqan, yigʻidan nam koʻzlari baxtiyor chaqnar ediyu Murod chopqillab qaytib keldi. — Siz haqiqatan ham gʻalatisiz, a, tovba! Qiz bolaning ham aytganini qilarkanmi? Ushlang qoʻltigʻimdan, ha ana, endi yuring. Gap degan bunday boʻpti-da. Voy tovba-ey! Juda gʻalati qizga duch kelib qoldim, deb oʻylayotgan boʻlsangiz kerak, a? — Halima, men sizga bir gapni... — Yoʻ, yoʻ, gapingiz kerak emas, gapirmang. — Men bilishingizni istayman! Men uylanganman, axir!
Bir dam Halimaning nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin shod kayfiyatini yoʻqotmaslikka urinib, yasama quvnoq holda, ammo siniq ovoz bilan dedi: — Mayli, hech qachon menga uylanmang! Mana shu yurishimizning oʻzi men uchun katta baxt!
Ularning yurishi tezlashib, yoruqqa chiqdilar. Dilorom bilan Murodning doʻsti bogʻning chetidagi kursida oʻtirishgan ekan. Halima yigitni qoʻltigʻidan boʻshatdi-da, “yaxshi sayr qiling” degancha sirli, ayni damda ayanchli shivirlab, chopqllagancha Diloromni sudrab ketdi. Palataga kirar-kirmas Halima Diloromni mahqam quchoqlagancha oʻpaverdi. Tishlab-tishlab oʻpardi. Dilorom voy-voylab yulqinar, ammo Halima qoʻymasdi.
— Yeb tashlagim kelyapti sizni! E tavba! Jinniman men, gʻirt jinniman! Kandidatni kaput qildim. Bechora mungʻayib qolipti. Men – malades! Zoʻrman! Tarjimai holini butkul aytib berishga majbur qildim. Oh! Ta-ra-ram-ram, ta-ra-ram-ram!... – Halima oʻyinga tushib ketdi.
Dilorom Halimaning telba-teskari harakatlariga koʻnikib qolgan edi, lekin... — Siz uni haqiqatan sevib qolipsiz! — Men sizga nima deyapman, ni-ma de-yap-man?! – Shu topda Halimani mutlaqo tushunib boʻlmasdi. – Men uni emas, u, u meni sevib qoldi! U11
Xonaga boshqa qizlar kirib kelishdi. — Dsoʻtlarim! – dedi magʻrur Halima tantanavor, qoʻllarini keskin silkitarkan, - men es-hushimni yoʻqotdim. Bilasizlarmi, men... jinniman! – Halima oʻzini krovatga tashladi. – Bilasizlarmi, sevish qanday yaxshi! Uh nomarlar-ey. Nega indamaysizlar?.. Menga hech narsa kerak emas. Bittang ham kerak emassan! Ketinglar! Hammang ket. – Halima birdan oʻkirib yigʻlab yubordi. Yuzini yostiqqa yashirdi.
Qizlar hozirgina bulbulday biyron sayrayotgan Halimaga tushunmasdilar. — Ketinglar, ketinglar! – yulqinardi yigʻlayotgan Halima. – Tinch qoʻyinglar meni. Hammang,.. hammasi... bir goʻr! Sevmaydi u meni... — E, qurib ketsin Murodingiz! – Dilorom achchiqlandi. – Qoʻysangizchi, oʻshanga ham yigʻlaysizmi? Murod sizning tirnogʻingizga ham arzimaydi, kerak boʻlsa... Qizlar, boringlar endi, Halima ozroq dam olsin.
Palatada ikkovlon qolishdi. Halima qimirlamay jim yotar, Diloromning esa yuragi ziq boʻlib ketgan, ammo bir ogʻiz gap soʻrashga jur'ati yetishmasdi. Nihoyat Halima oʻgirilib, dugonasiga xomush tikildi. Kulimsirashga urindi, ammo koʻzlarida yosh. Cheksiz dard yotardi Halimaning qorachiqlarida. Bu dardlarni Soʻz bilan ifodalash shart emas.
Muhabbat ana shunday kuchli...
Haqiqiy muhabbat ming yilda bir keladi, deganlari rostmikan? — Qoʻying oʻshani, - dedi Dilorom dugonasini yupatishga urinib. – Dunyoda undan ming karra yaxshi yigitlar toʻlib-toshib yotipti.
Halima sukut saqladi. Armon bilan koʻzlarini yumdi. U hozirgi holatida umrini yigʻi bilan oʻtkazgan, kulish nimaligini bilmaydigan odamga oʻxshardi. Murodga koʻngil qoʻya boshlagandan beri dilining toʻrida choʻkib, toʻplanib yotgan armonlari hozir birvarakay junbushga kelib, Halimani ming bir koʻyga solayotgandi. — Gapirsangizchi, yuragim toʻlib boryapti. Hozir men ham yigʻlab yuboraman. Nimaga... gʻalati boʻlib qoldingiz? – Dilorom “jinni” deb yuborishiga sal qoldi.
Halima miyigʻida kulimsiradi. — Uylansang uylan, yoʻqsa kallamni garang qilma, menga sendan boshqa sovchi yuborayotganlar ham toʻlib yotipti, demadingizmi? — Bizning bahorimiz oʻtgan, - dedi Halima afsus bilan, - oʻn sakkiz yoshli qizlar kammi? — Voy nomard-ey! Hali oʻshanaqasidan olaman, dedimi? Unda “nega tiz choʻkding? Nega u gaplarni aytding?”, deb yoqasidan olmadingizmi?
Halima mayus bosh chayqadi. — Shoshmay tursin, koʻrsatib qoʻyaman unga... Mening qoʻlimga tushadi hali. Uff! Yonib boryapman! – Dilorom shasht bilan ayvoncha eshigini ochdi.
Palataga xushboʻy bahor havosi kirib keldi. May oyining eng latif kechalaridan biri. Shifoxona boʻylab ekilgan qator teraklar oxirgi toʻrtinchi qavatdan ham baland. Daraxtlarning naryogʻi bedazor. Yaqinda oʻrim boshlanadi. Halimalarning xonasi uchinchi qavatda...
Yuqorigi qavatdan hazin xirgoyi eshitilardi. Ayvonchada tinmay gapirayotgan Dilorom oʻgirilib dugonasiga qaradiyu,.. Halima jilmayardi. — Nima balo, rostdan jinni boʻlib qoldingizmi? — Eshiting, - deya shivirladi Halima, koʻrsatkich barmogʻini labiga bosib shivirlagan koʻyi ayvonchaga chiqarkan.
Toʻrtinchi qavatda, oʻzlaridan ikki deraza narida Murod ayvoncha panjarasiga suyangancha, qorongʻilik qa'riga mayus tikilib, qoʻshiq aytardi:
Seni yupatmoqqa jur'at yoʻq menda, Sen mening kechmishim, umrim boʻlagi.
Murod qizlarni koʻrmasdi. Oʻzicha xirgoyi qilardi. Balki ataylab Halima uchun kuylayotgandir. — Obbo jinnilar-ey! – Dilorom oʻzini toʻxtata olmasdi. – Bir sizmi desam, u sizdan battar.
Halima Diloromning gapini eshitmadi. Eshitsa ham e'tibor bermadi. Murod uni... — Sizlarni tushunmayapman, - ajablandi Dilorom. – Bir daqaqa oʻtmaydi – kulasiz. Bir daqiqa oʻtmaydi – yigʻlaysiz.
Murod esa kuylardi:
Yigʻlamoq tilarman, qaynab yigʻlagin! Tishlaringni sekin qayrab yigʻlagin!
— Ha, doʻ-oʻst! – deya yuqoriga qichqirdi Dilorom. – Juft boʻlsin. Yangilik-ku! Bitta-yarimtasi yurakdan urdimi?
— Ha-da! Oshiq koʻngil kuylamoq istaydi, - dedi Murod kuylashdan toʻxtab. – Bu telba koʻngil koʻp narsalar istaydi. — Nimagadir shu ishlaring menga yoqmayapti, - dedi bir joyda turolmay ichkariga kirib chiqayotgan Dilorom. – Siz sogʻligingizni oʻylashingiz kerak. Vrachning gapini unutdingizmi?
“— Siz oʻzingizni nihoyatda ehtiyot qilishingiz kerak, - degan edi vrach Halimaga. – Butifos nafaqat oʻpkangizga, balki jigaringizga, yuragingizga ham ta'sir qilgan. Sizga qattiq hayajonlanish mutlaqo mumkin emas. Agar aytganlarimni qilsangiz, hali uzoq yillar yashaysiz. Siz hali hayotda nimani koʻripsiz”
Halima shilqillab agʻdarildiyu, yarim yumuq koʻzlari shiftga tikilgancha, qotdi. Uning badani daqiqa sayin sovub borar, qop-qora qorachiqlarida hayronlik, hayrat, izirb, alam, “men dunyoga kelib nima koʻrdim?” degan achchiq savol va bilinar-bilinmas tabassum qotib qolgan edi.
Дата: MUBORAK JUMA, 2012.02.24, 21:06 | Сообщение # 3
Группа: Удаленные
zur xikoya ekan.xudo kursatmasin e. Judayam achinarli odam bu dunyoga kelib biron nima kursinde. Oila qursin mumin musulmon farzand katta qisin. Xammamiz illoxim baxtli bulaylik omin
Дата: MUBORAK JUMA, 2012.02.24, 21:27 | Сообщение # 4
Группа: Удаленные
Farishta (hikoya)
Alibek Samarqanddan oʻqishdan yiqilib qaytdi. Toʻgʻrisini aytganda, yiqilmadi. Yon-veriga qarasa, ishongan tanishi yoʻq. Kallasi aynib, hujjatini SamGASI ga topshiripti. Buni qarang-a! Matematikaning «m» harfini ham bilmaydi-yu, tagʻin... Yana, Samarqandda yurgandan keyin biri u deb, ikkinchisi bu deb, oyogʻingdan oladiganlar chiqar ekan... Bor-e, dediyu, hujjatlarini qaytib olib, Barlosga ravona boʻldi.
Sovxozda uzum terish boshlanayotgandi.Brigadir Nurali aka oʻziga hisobchi topolmay turgan ekan. Alibekning koʻchada salanglab yurganini koʻrib, taklif qildi. Toʻrtinchi sinf matematikasini tushunsang, qoʻshish-ayirish, boʻlish-koʻpaytirishni bilsang boʻldi, eplaysan, dedi. Alibek jon-jon deb rozi boʻldi. Baxt kulib boqqanini koʻr. Hisobchi boʻlish yomon emas. Bir mavsumda qanchadan-qancha pul ishlab olish mumkin. Boʻldi endi, Nurali aka bilan kelishib, oʻzigayam, otasigayam (omborda mudir), onasigayam (uy bekasi), akasigayam (student), opasigayam (ikki yil burun togʻ tarafga erga tegib ketgan, hozir chaqalogʻini boqyapti), singlisiyu (besh yoshli), ukasigayam (beshikda) ish haqi yozaveradi. Ana pul, mana pul. Qolgan uka-singillar oʻzlari ishlashadi. Ularga ham yordam qilib turish mumkin. Bu yogʻi zoʻr boʻladi. Pulga botadi. Bundan tashqari yaqinda Pedtexnikumning studentlari yordamga kelishadi. Bu degani - kayfu-safo degani. Maishat... Toʻqson foizi qizlar. Bittasini ilintirib olsa, har kuni uchrashuvlar, oʻpishishlar, tizzaga bosh qoʻyib yotishlar... mazza!... (Koʻngil qursin, nimayam deysiz!). Oʻtgan yili qishloqning yoshi katta bolalari yayrab qolishgandi. Uni esa, qizlar maktab oʻquvchisi deb nazariga ilishmagandi. Alibekka roza alam qilgandi. Oʻzingdan ikki-uch yosh katta bolalar studentkalar bilan qanday uchrashuv tashkil qilganlarini, xilvatgohlarda... Eh-he, u yogʻini eshitaversang, chiday olmay qolasan. Gap shu yerga yetganda Alibek oʻzini tutolmay, butun vujudi koʻz boʻlib, hamsuhbatiga tikilar, ogʻzining tanobi qochayotganini sezar, lekin... - Oldin tansa tushisharkan, oʻsha yerdan bitta-bitta yetaklab ketaverisharkan (yolgʻon boʻlsa xudoning oʻzi kechirsin!) Bu yil Alibek ham xuddi shunday qiladi. Oʻtgan yili kichkina edi. Maktab oʻquvchisi edi. Endi... boʻyi oʻsgan, kerak boʻlsa, Samarqandini ham koʻrib keldi. Ha, Alibek hazilakam odam emas. Koʻp narsani oʻrgandi, koʻzi pishdi. Umuman, oʻsha qizlar qoʻlida boʻladi (axir hisobchi-ku!) Lyuboyiga: senga koʻproq yozaman desa, boʻldi, oʻzi yugurib oldiga keladi. Alibek studentkalarni qanday oʻziga qaratishni yaxshi biladi. Ular kunlik normani bajarishi kerak, bu esa oson emas.
Xullas...
Alibek ish boshlash uchun uzumzorga borsa, sinfdoshi Zulfiya savat koʻtarib, uzum terib yuripti.
- Iye, Alibek, senam qaytib keldingmi? - deb soʻradi u, muloyim koʻzlarini tikib, iljayarkan. - Oʻqishga oʻtolmadingmi? — Shunaqa boʻlib qoldi. Toʻgʻrisini aytsam, oʻqishga oʻtish qiyin boʻlib ketipti. Avvalambor tanish kerak, soʻng unga beradigan pul kerak. Ikkoviyam boʻlmasa, oʻqishdan umidingni uzaver. Shuni bildimu, imtihonga yetmasdan qaytib kelaverdim. Oʻzing nima qilib yuripsan? — Ishlayapman. Qurbonoy bilan birga
Ikkita savatni uzumga toʻldirib, qator orasidan Qurbonoy ham chiqib kelib qoldi. Alibek unga ham qaytish sabablarini tushuntirdi.
Qoʻlimga ushlab hidlasam deysan! Maktabda oʻqib yurgan paytlari payqamagan ekan. Ayniqsa qaddi-qomati! Ajoyib! Zoʻr!! Qarashlari goʻyo yuragingga igna sanchayotganday boʻlaveradi. Shunaqa ignaning yana sanchilaverishini istaysan, huzur qilasan. – Alibek oʻz oʻylaridan xursand boʻlib ishshaydi. — Nimaga kulasan? – Zulfiyaning oʻzi muloyim kulimsirab turardi. — Maktabda oʻqib yurgan paytlarimiz esimga tushib ketdi, - dedi Alibek, hamon koʻzlarini qizdan uzmay. - Oʻshanda kichkina eding. — Nima, endi katta boʻlib qolipmanmi? — Ha, juda chiroyli boʻlib ketipsan! — Rostdanmi?.. Sen esa,.. Samarqandga borib aynib kepsan! - Zulfiya gapini hazilga burmoqchi boʻldiyu, qattiq hayajonlanayotganini yashirolmadi. Betlari duv qizarib, - seni qarayu, - degancha savatlardagi uzumlarni yashiklarga toʻkib, Qurbonoyning orqasidan qator oraligʻiga yugurib ketdi.
Qizning ustida bor-yoʻgʻi qishloqcha keng tikilgan qizil gulli koʻylak boʻlib, oʻziga juda yarashgan, boʻy-bastini koʻz-koʻz qilib turardi. Uzun qilib tashlab qoʻyilgan ikki oʻrim sochi toʻlgʻanib, kishi zavqini oshirardi. Alibek ishshayganda uni orqasidan kuzatib qoldi. Vujudiga lazzatli titroq kirganini angladi. Oʻylab turgan gapi qanday ogʻzidan chiqib ketganiga oʻzi hayron: «juda chiroyli boʻlib ketibsan!» Oʻz dadilligidan gʻururlanib qoʻydi: «Bekorga Samarqandga borib keldimmi? Qancha hayotiy tajribalarim oshdi. Zoʻr! Judayam zoʻr! Zulfiyasi qurmagʻur-ey! Juda chiroyli boʻlib ketibdi-ya!» Alibek bir daqiqa oʻz ogʻushida tasavvur qilib koʻrdiyu, yuragi oʻynoqlab ketdi. Kun boʻyi uni oʻyladi. Har safar uning savat toʻldirib chiqishini kutadi. Zulfiya endi faqat Qurbonoy bilan birga chiqadigan boʻldi. Dugonasiga uning gapini aytgan boʻlsa kerak, ikkovi ham unga kulib qarashadi. Ayniqsa, Zulfiyaning tabassumi - muloyim, mayin, rohatbaxsh, mazza qilasan odam...
Bir vaqt qizlar chinqirishib, qator oraligʻidan yugurib chiqishdi. Shu atrofda oʻralashib yurgan Alibek «nima gap?» deb yetib bordi. Qoʻrqqanlari endi oʻzlariga nash'a qilayotgan qizlar qotib-qotib kulishardi. Tokning orasidagi katta novdaga arilar uya qoʻygan ekan. Uzum terayotganda novdani silkitib yuborishgan shekilli, bezovta boʻlgan arilar ikkoviniyam shiriqtirib quvipti. — Ishqilib chaqmadimi? – Alibek homiy sifatida soʻrarkan, Zulfiyaning qoʻllarini, yuzini ushlab koʻra boshladi. Ayni paytda yuragi chidab boʻlmas darajada gʻapriqib borayotganini sezdi. Sal boʻlmasa, quchoqlab olay derdi. Hamon kulayotgan Zulfiya yigitning hayajonli qaltiroq barmoqlarini his etib, birdan oʻziga keldi, ammo goʻyo hech narsani sezmaganday, yana kulaverdi va shu yoʻsin sezdirmay oʻzini olib qochdi. — Qaerda u ? Menga koʻrsatinglar-chi! - Alibekning mardligi tutdi.
Tokzordagi ari inlarini quritishni u oʻtgan yiliyoq oʻrganib olgan. Agar uya qoʻlga sigʻadigan boʻlsa, shartta in-pini bilan sugʻurib olib majaqlab tashlash kerak.Ari kaftni chaqolmaydi. Chaqqanda ham ta'sir qilmaydi. Agar qoʻrqsa, qoʻlga qoʻlqop kiyib olsa oʻam boʻladi. Undan ham osoni, barglarni tutib turib, inni birdan qisimlash...
Alibek oʻylaganiday qilib, arilarni kaftlari bilan siqimlab oldi-da, rosa ezgʻiladi. Qizlar gʻayrat bilan qarab turishardi. Alibek hammasini ezgʻilab boʻlib, goʻyo bunaqa ishlar har kungi odatiday, qoʻlidagilarni bamaylixotir yerga tashladi. Shu payt majaqlangan in ichidan bir ari oʻrmalab chiqib, vizz etib yetgancha Alibekning betidan chaqdi. U ogʻriqning zoʻridan «shapp» betini changalladi. Zulfiya: «nima boʻldi?» degancha atrofida girdikapalak boʻlib qoldi. Inda omon qolganlari yana bor ekan, oʻrmalab chiqishayotgandi, Qurbonoy shoshib tepkilab oʻldiraverdi. Bari bir ikki-uchtasi qochib chiqib, Alibekning atrofida ancha vaqt vizillashib yurishdi. Alibek eng asosiysi – majaqlangan inni yerga tashlagandan keyin darhol tepkilash kerakligini esdan chiqargan ekan.
Zulfiya koʻzini ushlab oʻtirgan Alibekning yelkasiga chap qoʻlini qoʻydi, oʻng qoʻli bilan boshidagi durrani yechib olib, bir uchini tupukladi-da, ari chaqqan joyga bosdi. Shu usuldagi davolashni uch-toʻrt marta takrorlagandan keyin durrani Alibekning oʻziga berib, oʻrnidan turdi. Alibek avval ogʻriqning zoʻri bilan hech narsaga e'tibor bermagandi. Ogʻriq kamayganday boʻlgandan soʻng hozirgina Zulfiyaning momiq koʻkraklari elas-elas yelkasiga tegib ketanini oʻylab, yuziga baxtiyorlik yoyildi. — Qalay, endi ogʻrimayaptimi? – soʻradi qiz. Biror narsani sezganmi, koʻzlari baxtiyorona suzilar, betlari qizarib ketgandi. — Hechqisi yoʻq, - deya Alibek oʻrnidan turdi. Durrani berayotib, Zulfiyaning qoʻlini bir necha soniya tutib turdi. Vujudiga harorat yugurdi.
Qani endi,.. qani endi,... yana ari chaqsayu...Bu qoʻllarni uzoq ushlab turish uchun sakson sakkiz marta arilarga talanishga rozi. Zulfiya qoʻlini olmay, shoʻxlik bilan oʻziga tikilib turaverdi oʻsha payt. Alibek chidamadi, bu qoʻllarni qoʻyib yubordi. Qizning nigohlariga dosh berolmay (sadqai yigit ket!) , koʻzlarini olib qochdi. Yana titray boshladi. Nihoyat qiz boʻshagan qoʻlini yigʻishtirib, uzum terishni davom ettirishga tushdi. Qurbonoyga nimadir degandi, ikkovi yalt etib Alibekka qarashdiyu, piqillab kulib yuborishdi. Alibek xilma-xil oʻylarga botib, uzumzorlar oraligʻidagi yoʻl bilan karta orasidagi yoʻlakka joʻnadi. Yengilgina boʻlib qolgandi. Xuddi birov «puff» desa uchib ketadiganday.
«Qiz emas bu, farishta! Farishta!!» - Alibek oʻz kashfiyotidan xursand boʻlib ketdi. Uni xayol olib qochdi.
... Ikkovlon qoʻlni qoʻlga berib, bir-biriga iljaygancha ketishyapti. Birdan Alibekning koʻzlariga nimadir kirib ketadi. Farishta darrov boshidagi roʻmolni yechib oladi-da, uning koʻzlariga bosadi. Yigit bu nozik qoʻllar ustiga oʻz qoʻlini qoʻyadi. Qoʻllar qoʻllarga, koʻzlar koʻzlarga tutashadi. Ulardan chaksiz mehr, mayinlik, muloyimlik, sadoqat ufuradi. Alibek asta uning qoʻllarini silay boshladi. Nozik qoʻllar uning boʻyniga chirmashadi. Farishta uning koʻzlariga yana bir necha daqiqa tikilib turadi-da, boshini sekin Alibekning koʻksiga qoʻyadi. Alibek endi Zulfiyaning sochlarini silaydi. Undagi xushbuy hidni toʻyib-toʻyib hidlaydi. Yana toʻlib-toshib murojaat qiladi: — Zulfiya! — Ha! – U boshini koʻtarmay, hayajonli ovozda javob beradi. — Men seni endi Zulfiya demayman. — Iye, nega? — Men senga yangi, ajoyib ism topdim. — Aytchi? — Farishta! — ... – Zulfiya qiqirlab kuladi. – Endi meni doim shunaqa qilib chaqirasanmi? — Ha! Yana bir narsa desam xafa boʻlmaysanmi? — Qani, eshitaylik-chi! — Seni sevib qoldim.
Alibek farishtani asta quchoqladi. Sochlarini mehr bilan siladi. – U sevgi izhor qilgandi. Shu vaqtgacha izhori dil qanaqa boʻlar ekan, deb orzu qilib, kitoblarda oʻqib, kinolarda koʻrib yurardi. Hozir oʻzi shunaqa voqeaning ishtirokchisi boʻlib turipti. Zulfiya kulib yuboradi. — Nimaga kulyapsan? — Gaplaring qiziq. . — Nimasi qiziq? — Yigitlar qizlarga qanday sevgi izhor qilisharkan, deb oʻylardim, endi... — ...endi oʻzingga sevgi izhor qilishyapti. — Menga qara, - Zulfiya boshini koʻtardi. – Qanaqa qilib sevasan? — Bilasanmi?.. – Alibek chaynaldi, - bilasanmi, sevish... «shunaqaki, hozir men seni juda yaxshi koʻrib qolganimni, sensiz yashay olmasligimni sezyapman», demoqchi boʻladi, biroq koʻproq xayolga berilib ketganidan traktor haydaganda hosil boʻlgan katta kesakka qoqilib yiqildiyu, oʻziga keldi. — Iye, Alibek, shu yerdamisan. Men seni qachonlardan beri izlayapman.
Alibek qarasa, qoshida brigadir - Nurali aka turipti. Jinoyat ustida qoʻlga tushganday , lol boʻlib qoldi. Shalviragancha brigadirga ergashdi. Qatordan karta oraligʻiga chiqayotganda qayrilib qarab, baland tokning panasidan oʻziga mehr bilan tikilib turgan Zulfiyaning nigohini ilgʻadi.
«Ajoyib! Zoʻr!» – necha martalab takrorlan fikrlarini yana takrorladi, mastday gandiraklab borarkan. Aslida ham mast, xayoli joyida emasdi uning. – «Farishta! Mening farishtam!» – Alibek tamshanib qoʻydi.
Endi avvalgi betututuq oʻylari qolib, Alibek butunlay boshqa odamga aylanib ulgurgandi. Karta oraligʻining qaerida boʻlmasin, Zulfiyaning savat toʻla uzum koʻtarib chiqishini poylaydi. U ham tez-tez chiqar, soʻng qaytib ketishga shoshilmas, yashikni bemalol olib, bilmagan kishidek, atrofdan nigohi bilan Alibekni izlar, nigohlar toʻqnashsa, bir-biriga otashli,cheksiz, chegarasiz, baxtga toʻliq tabassum hadya qilardiyu, savatlarini bilaklariga ilgancha, uzumzor orasiga chopqillab kirib ketardi.
Oʻsha kuni Alibekning hech bir oila a'zosiga ish kuni yozilmadi. Zulfiyaning tergani tabelga ikki baravar oshib, besh kun yakuniga koʻra «sotsialistik musobaqa gʻolibi» ga aylandi. Student qizlar ham yordamga kelishdi, lekin Alibek hozircha ularning yoniga borgani yoʻq. Umuman, borish xayoliga kelmay qolgan. Istamaydi...Vassalom!
-Dunyoda hayotingga sobiq sevgilingning qaytishidan yomonroq narsa yoʻq, ayniqsa u aqldan ozgan boʻlsa,-dedim taram-taram iz boʻlib yorilib ketgan tsement shiftga koʻzimni qadagancha. Men Missuri shtatining eng «namunali» Potosi turmasidagi kameralardan birida yotardim. Keyin yonboshimga oʻgirildim va kameradoshimga qaradim.-Anchadan beri shu yerdamisan, Oskar?
-Yetti yilu toʻrt oy oʻn toʻrt kundan beri.
Men toʻqqiz oyu oʻn sakkiz kun yetti soatu oʻttiz yetti daqiqadan beri hayotim oʻtayotgan, maydoni yetti kvadrat metr boʻlgan xonaga koʻz yugurtirdim. Ikki chekkada yotish uchun moʻljallangan ikkita temir karavot, yuz-qoʻlni yuvish uchun kran va oyna. Kameradoshim Oskar.
-Aylanib kelishimizga hali yarim soat bor ekan,-dedi u.-Bu yerga nega tushganingni aytib berasanmi?-U astoydil yonboshlab oldi.
Men hikoyamni boshladim.
Hammasi bir yilcha burun boshlandi. Telefon jiringlagan paytda men nonushta qilayotgandim. Xotinim Jina goʻshakni oldi va ayol kishining meni soʻragan ovozini eshitdim. Jina bir oz ikkilangach, goʻshakni menga uzatdi va xotinimning qoʻrqinchli nigohidan seskanib ketdim. Jina oʻta rashkchi edi. Rostini aytsam, men haqiqatan boshqa ayollarga koʻz tashlab turardim va koʻz tashlash bilangina cheklanardim. Ammo Jina buni tushunmas, shuning uchun meni tinmay xiyonatkorlikda ayblardi. Men ayollarga faqat qarab qoʻyishimni, unga xiyonat qilmasligimni aytganimda esa battar gʻazabga minardi. Biz turmush qurganimizga oʻn uch yil boʻlgandi. Meni notoʻgʻri tushunmang, xotinimni judayam sevardim. Faqat rashkchiligi uning eng katta kamchiligi edi.
-Allo,-dedim goʻshakni olib.
-Bobbi? Meni tanidingmi?
Miyamning qat-qatida xira xotiralar uygʻondi. Aftidan, ilgari men gaplashib yurgan qizlardan birontasi boʻlsa kerak. Yuzim shu zahoti qizarib ketdi. Meni diqqat bilan kuzatib turgan xotinim xonadan oʻqdek uchib chiqib ketdi. Hayron qolganim, u yotoqxonaga kirib parallel telefon goʻshagini koʻtarmadi.
Ha, uni unutib boʻlarkanmi? Diana Makkormik. U bilan xotinim bilan tanishishimdan bir yilcha oldin uchrashib yurardim. Bu joʻshqin, ehtiroslarga boy va oxiri ayanchli qisqa sevgi boʻlgandi. Diananing duch kelgan erkak bilan uchrashaveradigan bema’ni odati bor edi. Albatta, bu haqda menga hech kim aytmagan, oʻzim ham sezmagandim. Biz olti oycha uchrashib yurganimizdan keyin Diana bir kuni uchrashuvga kelmadi. Men uning kecha qaerda boʻlganini, uchrashuvga nima uchun kelmaganini soʻradim. «Qaerda boʻlardim?-dedi Diana.-Boshqasi bilan edim. Yoki bu senga yoqmaydimi?». Ayonki, bu menga yoqmasdi va biz janjallashib ketdik. Qoʻshnilar politsiyani chaqirishdi. Meni olib ketishdi, Diana esa agar meni yana bir marta koʻrib qoladigan boʻlsa oʻldirishini aytib chinqirdi. Xullas, biz ajralishdik, keyinroq uning gʻarbiy sohil tomonlarga koʻchib ketganini eshitdim.
-Ha, Diana, esladim,-dedim men.-Oxirgi marta nima deganing ham esimda.
-Oʻtgan narsa oʻtib ketdi, Bobbi. Men seni allaqachon kechirganman. Oldinroq qoʻngʻiroq qilmoqchi edim, yuragim dov bermadi.
-Meni kechirgansan?-Ha, uning yuragi joyidaga oʻxshaydi. Men kechirimli odamman, shuning uchun gapni ortiqcha chuvalashtirmadim.-Xoʻsh, nega qoʻngʻiroq qilyapsan?
-Singlimni koʻrgani keluvdim. Balki koʻrisharmiz deb oʻyladim.
Ha, singlisi! Men ular oilasining durdonasi deb hisoblagan singlisi. Don Dianadan uch yosh kichik edi. Men Diana bilan uchrashib yurganimda Don meni oʻylab aqldan ozay deb yurardi. Opasi menga toʻgʻri kelmagach, men ikki marta singlisi bilan uchrashdim. Ammo uchrashuvlarimiz uzoqqa choʻzilmadi: Don hali goʻdak edi (boshqacha qilib aytganda, u mening taklifimga koʻnmadi), shuning uchun u bilan uchrashishni bas qildim. Don ham opasi singari telbavor fe’l-atvorli qiz edi. Unga munosabatlarimiz tugaganini aytganimda u jazavaga tushgancha qoʻliga ilingan narsani menga qaratib ota boshladi. U meni telbalarcha sevishini, mening esa ablah inson ekanligimni aytib chinqirardi. Keyinchalik uning Nyu-Yorkka koʻchib ketganini eshitdim. Ammo opa-singillar yana oʻz makonlariga qaytishganga oʻxshaydi.
-E... yoʻq, men unaqa deb oʻylamayman,-javob qildim.-Mening xotinim va ikkita bolam bor.
Uning javobini ham kutmay goʻshakni qoʻyib qoʻydim. Jina ortimda turardi.
-Kim edi u?-soʻradi koʻzlaridan gʻazab uchquni sachrab.
-Diana Makkormik,-dedim men. Miyamda turli xil yolgʻonlar aylanib yursa-da, toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldim.-Ikkimiz tanishgunimizga qadar men uchrashib yurgan ayol. Men bilan koʻrishmoqchi ekan.
Jina yuzimga tarsaki tushirdi.
-Uning taklifini rad etib goʻshakni qoʻyib qoʻydim...
-Ablah. Unda raqamimizni qaerdan olgan?
-Balki telefon kitobidan topgandir.
Jina shart burilib xonadan chiqib ketdi. Men hammasi shu bilan yakunlanishiga umid qilardim. Bir oz vaqt oʻtgach, Jina oʻzini bosib oladi. Ammo adashgan ekanman. Ertasiga ertalab xuddi oʻsha vaqtda yana telefon jiringladi. Jina oʻtirgan oʻrnidan sapchib turdi va menga koʻz qirini tashlagancha «Joyingdan qimirlama» dedi.
-Allo? O, yoʻq, afsuski, u telefon oldiga kelolmaydi. Aytdim-ku, kelolmaydi. Menga qara, qanjiq, uning sen bilan gaplashadigan gapi yoʻq.-Jina goʻshakni sharaqlatib joyiga qoʻydi.
Men hiringlagancha unga telefonni uzib qoʻyishni maslahat berdim. Notoʻgʻri maslahat bergan ekanman. Jina goʻshakni menga qarata otdi. Baxtimga sim kaltalik qildi va goʻshak mendan bir necha qadam nariga tushdi.
-Sobiq qanjigʻing,-dedi Jina.-Agar unga rad javobini bergan boʻlsang, yana nimaga telefon qilyapti?
-Mendan hali ham voz kecholmayotgandir-da,-men oʻrnimdan sakrab turishga ulgurdim va ovqat solingan likop boshim ustidan uchib oʻtib devorda kattagina dogʻ qoldirdi. Aftidan, peshonamga faqat shunaqa telba ayollar yozilgan, shekilli. Menimcha, ular mening yuvosh va ogʻir-bosiqligimdan foydalanishadi.
-Menga qara, Jina, bu ayol jinni,-dedim men va u bilan boʻlgan voqeani aytib berdim. Ammo uni ishontira olmadim. Aksiga olgandek, surunkasiga toʻrt kun telefon goh ertalab, goh kechqurun jiringlashdan tinmasdi. Goʻshakni doim Jina koʻtarar va shu zahoti aloqani uzardi. Ish shu darajagacha yetib bordiki, xotinim mensiz uydan chiqmaydigan boʻlib qoldi. Bir haftalardan keyin qoʻngʻiroqlar tindi.
Bir kuni ishdan kelganimda xotinim qoʻlimga bir parcha qogʻoz tutqazdi. Uning lablari asabiy pirpirardi. Qogʻozda men bilan uchrashish iltimosi boʻlib, agar rad etsam, menga yomon boʻlishi haqida tahdidli soʻzlar bitilgandi. Xatni kim yozganligini taxmin qilish qiyin emasdi.
Jina asabiy ovozda dedi:
-Xatni Nikiga beribdi. Uning aytishicha, bir ayol uning maktabiga borib, qoʻliga mana shu xatni tutqazgan. Men politsiya chaqirdim,-u yigʻlab yubordi. «Yigʻlab yubordi» desam toʻgʻri boʻlmas, hoʻngrab yigʻladi. Jinaning oyoqlari bukilib, oʻzini kresloga tashladi. Uni hech qachon bunday abgor holda koʻrmagandim. Rostini aytsam, men ham qoʻrqib ketdim. Diananing bunchalik tajovuzkor ekanligini bilmagan ekanman. Politsiya odatdagidek, hech narsa qila olmadi. Mendan Diananing koʻrinishini tasvirlab berishimni soʻrashdi va oʻn besh yil ichida unutib yubormagan hamma narsamni aytdim: boʻyi besh fut besh dyuym, toʻladan kelgan, lekin unchalik semiz emas, malla sochlari yelkasiga tushadi, koʻzlari jigarrang, burni kichkina. Politsiyachilar bolalarni maktabga mashinada olib borib-olib kelishimizni va doimo kuzatib yurishimizni maslahat berishdi. Shuningdek, biror nima yuz bergudek boʻlsa, xabar qilishimizni aytishdi. Deyarli ikki hafta Diana Makkormikdan hech qanday xabar boʻlmadi, ammo biz uning yon-verimizda ekanligini his qilib turardik. Bir kuni Jina ishxonamga qoʻngʻiroq qildi.
-Koʻchamizda mashina turibdi!-dedi u vahima bilan.-Katta «byuik». Mashinada bir ayol oʻtiribdi. Bobbi, uyga kel.
-Oʻzingni bos, Jina.
-Nima deyapsan! Tezda uyga yetib kel! Men politsiyaga qoʻngʻiroq qilaman.
U goʻshakni qoʻyib qoʻydi va men boshliqqa zarur ish chiqib qolganini aytib uyga yoʻl oldim. Koʻchamiz boshiga burilganimda mashinam yonidan oʻtib ketgan koʻk «byuik» menga tanishdek tuyuldi. Toʻsatdan men bu mashinani keyingi ikki hafta davomida uyimiz yonida bir necha marta koʻrganimni esladim. Rulda ayol kishi oʻtirardi. Koʻzimga quyosh nuri tushgani uchun uning yuzini koʻrolmadim, ammo sochlari malla ekanligini payqadim. Badanimda chumoli oʻrmalagandek boʻldi. Men Xudodan Jinaga hech narsa boʻlmaganligini, bolalar esa koʻchada oʻynamayotganligini yolvorib soʻradim. Bir ozdan soʻng uyga yetib keldim.
-Koʻrdingmi uni?-qichqirdi Jina menga peshvoz chiqib.
-Ha. Mashinani koʻrdim. Rulda kim oʻtirganini bilmadim,-aldadim men, haydovchining kimligiga hech qanday shubham boʻlmasa-da.
-Bobbi, endi nima qilamiz?-xotinim meni quchoqlagancha yigʻlab yubordi. Ilgari uning bunaqa odati yoʻq edi. Biz bir-birimizni quchoqlagancha qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrardik. Men Diana nima uchun kelgunimcha ketib qolganini tushunmadim. U ishdan erta qaytayotganimni bilmasdi-ku. Ammo nazarimda, xotinim mendan nimanidir yashirayotgandek edi. Chamasi, u mashina yoniga borgan. Men shkafda turadigan ov pichoqlaridan biri joyida yoʻqligini koʻrdim.
Koʻk mashina qaytib koʻzga tashlanmadi va hayotimiz deyarli iziga tushib ketdi. Faqat Jina mashinada ketayotganda ortimizdan biror mashina yursa yoki bolalardan birortasi koʻrinmay qolsa tashvishlanardi. Biz boʻlib oʻtgan voqeani unutgandek edik. Ammo bu uzoqqa choʻzilmadi. Tez orada yana uyimizga qoʻngʻiroqlar boʻla boshladi. Birinchi martasida goʻshakni Jina oldi. Uning rangi oqarib ketdi va goʻshakni indamaygina qoʻyib qoʻydi. Biroq telefon shu zahoti yana jiringladi. Bu safar goʻshakni men oldim.
-Iltimos, goʻshakni qoʻyib qoʻymang, eringizga muhim bir narsani aytishim kerak...
-Menga qara, Diana, iflos, bizni tinch qoʻy!-qichqirdim men va goʻshakni qoʻydim. Telefon yana jiringladi. Jina telefonga tashlandi.
-Erimning gapini eshitmadingmi, tentak? Bizni tinch qoʻy!-Jinaning kutilmagan topqirligidan kulib yuborishimga sal qoldi.-Telefonimizni politsiya eshitib turibdi. Seni topishadi va qamashadi!-U goʻshakni joyiga qoʻyib soʻkindi va simni uzib tashladi. Uyimizda yana ikkita telefon apparati borligini eslatmoqchi boʻldim, ammo fikrimdan qaytdim. Qaytib qoʻngʻiroq boʻlmadi. Diana hammasi befoydaligini tushundi, shekilli.
Hozir esa Diana soʻnggi marta qoʻngʻiroq qilganida u bilan gaplashmaganim uchun afsus qilaman. Oʻshanda u bilan gaplashmay mash’um xatoga yoʻl qoʻygan ekanman. Bir haftadan soʻng biz Jina bilan Sent-Luisdan qaytayotgan edik. Jinaga mening mashina minishim yoqmagani uchun rulda oʻzi edi. 270-shosseda jarlik bor. Jarlik taraf toʻsilmagan. Biz miriqib gaplashib kelayotganimizda kutilmaganda Jina orqani koʻrsatuvchi koʻzguga qaradi va xavotir bilan pichirladi:
-E Xudoyim.
Men ortimga oʻgirildim va bizni quvib kelayotgan mashinaga koʻzim tushdi. Anchagina qorongʻu boʻlgani uchun uning rusumi va rangini farqlay olmadim. Tez orada mashina biz bilan yonma-yon boʻldi. U koʻk «byuik» edi.
-Bu oʻsha. E Xudoyim, bu oʻsha!-chinqirdi Jina.
-Oʻzingni bos. Seni deb halokatga uchrashimiz mumkin. Bu oʻsha mashinaga oʻxshaydi, xolos.
Jina menga qoʻrquv va gʻazabga toʻla nigoh bilan qaradi. Baxtimizga bizni qoʻrqitgan mashina shuvillab koʻzdan gʻoyib boʻldi. Jina hali ham qaltirar, ammo mashinani bir tekisda haydab borardi. Bir payt men chap tomonimga qaradim va yuragim toʻxtab qolganday boʻldi.
-Jin ursin!
-Nima boʻldi, Bobbi?
Men qichqirib yubordim. Bu qichqirigʻim nafaqat Jinani, oʻzimni ham qoʻrqitib yubordi.
-Ehtiyot boʻl!-boʻkirdim men.-Tormozni bos!
Ammo kech boʻlgandi. Bizni bir oz oldin quvib oʻtgan mashina chap tomonimizda ketib borardi. U kutilmaganda oʻngga burilib, mashinamizga urildi. Jina mening ustimga uchib tushdi, mashinamiz esa yoʻldan chiqib, jarlikka quladi.
Kasalxonada oʻzimga keldim. Shu zahoti oʻrnimdan turdim va darhol joyimga yotdim, chunki boshim aylanib ketgandi.
-Tinchlaning,-dedi hamshira ustimga egilib.-Hammasi yaxshi boʻladi.
-Xotinim qani?
Ammo men hammasini anglab yetgandim. Hamshira ham mening gumonimni tasdiqladi. Jina halok boʻlgandi. Uch hafta xuddi tuman ichida yashagandek boʻldim. Tashqariga deyarli chiqmadim, chunki har bir qora sochli ayol koʻzimga Jina boʻlib koʻrinardi. Ota-onam, qaynonam navbat bilan bolalarimga qarashar, menga dalda berishga urinishardi.
Jinaning oʻlimidan keyin bir oycha oʻtgach, bir kuni ertalab telefon jiringladi. Men qoʻngʻiroq qilayotgan kim ekanligini darrov tushundim, ammo baribir goʻshakni koʻtardim.
-Salom, Bobbi, bu menman. Qalaysan?
Uning quvnoq ovozi yurak-yuragimni zirqiratib yubordi.
-Juda yomon.
-Afsus. Ammo seni qanday xursand qilishni bilaman. Koʻrishmaymizmi? Men «Druri» mehmonxonasidaman. Ikki yuz ellik yettinchi xona. Koʻrishguncha.
«Agar bu xotin meni yoniga boradi deb oʻylayotgan boʻlsa, chindan ham aqldan ozibdi», oʻyladim men. Biroq miyamga bir fikr kelib qoldi. «Agar Diananing qotilligini tan oldirsam-chi?». Men yotoqxonaga kirib javon gʻaladonini ochdim va eski-tuskilar ichini titkilay boshladim. Eng pastda diktofon yotardi. Uni yoqib koʻrdim. Ishladi. Diktofonni orqa choʻntagimga soldim, ov pichogʻimni ham olmoqchi boʻldim, lekin «Dianani gapirtira olsam, qolganini politsiya hal qiladi» degan qarorga kelib bu fikrdan qaytdim.
Xona eshigi taqillatishim bilan ochildi. Diananing lablarida tabassum oʻynardi. Sochlari yana ham sargʻaygan, yuziga sepkil toshgandi.
-Bobbi, nihoyat! Xursandman.-U meni ichkariga olib kirdi, quchoqladi va lablarini lablarimga bosdi. Diananing qoʻllari yelkamdan pastga tusha boshladi va uning qoʻllaridan ushlab oldim. Uning quchogʻidan chiqib sezdirmasdan diktofonning yozuv tugmasini bosdim.
-Nega bunday qilding, Diana? Nega xotinimni oʻldirding?
U indamaygina iljaydi va yana meni oʻpishga urindi. Bu safar oʻyinni davom ettirish niyatida unga qarshilik qilmadim. Yo Xudoyim, qusib yuborishimga sal qoldi. Koʻnglim aynib ketay deyishiga qaramasdan lablarimni olib qochmadim.
-Bobbi, seni judayam sogʻindim. Meni tashlab ketganingdan beri faqat va faqat seni oʻylayman. Senga oʻxshaydiganini topish umidida koʻplab erkaklar bilan uchrashdim. Keyin esa menga bu yerda ish taklif qilib qolishdi. Endi xotining yoʻq, bizga hech narsa xalaqit bermaydi.
Unga ish taklif qilishgan? Tushunmadim. Men unga diqqat bilan tikildim va savolimni qaytardim:
-Ammo oʻldirishning nima keragi bor edi?
-Bobbi, nahotki tushunmaysan? U oramizga gʻov boʻlayotgandi.
Uning bu qadar hissiz soʻzlashi meni ajablantirdi.
-Ammo meni ham oʻldirib qoʻyishing mumkin edi.
-Ha. Lekin sen tirik qolding. Demak, ikkimiz birga boʻlishimizni taqdirning oʻzi xohlagan.
U yana menga yopishdi, ammo bu safar gʻazabimni bosib turolmadim. Uni surib tashladim va boʻkirdim:
-Qotil! Sen xotinimni oʻldirding, men seni oʻldiraman!
Qonim qaynab ketdi. Umrimda hech qachon bunchalik gʻazablanmagandim. Jahlga minganimdan oʻzimni idora qilolmasdim. Men oldinga tashlandim va Diananing yuzi qoʻrquvdan bujmayib ketdi. Ammo u voqealarning bunday rivojiga ham tayyorgarlik koʻrgan ekan. U qoʻliga kattagina pichoqni oldi va qornimga hamla qildi. Oʻzimni orqaga tashlashga ulgurdim. Pichoq terimni tilib oʻtdi. Men uning qoʻlidan ushlab chap tomonga qayirdim. Bilagi qirsillab sindi. Pichoq yerga tushdi. Oʻng oyogʻim bilan Diananing qorniga oʻxshatib tepdim. U bukchayib qoldi. Pichoqni olish uchun egilishim bilan u oʻziga kelib uzun tirnoqlari bilan yuzimni timdalash uchun tashlandi. Qoʻlimdagi pichoqni unga toʻgʻriladim. Pichoq Diananing tomogʻiga sanchildi. U xirillagancha tomogʻini changalladi va yiqildi. Uning barmoqlari orasidan tizillab qon otilar, men uning jon berishini kuzatib turardim.
-E Xudo, Bobbi, nima qilib qoʻyding?-orqamda tanish ovoz eshitildi. Men keskin oʻgirildim va Diana Makkormik bilan yuzma-yuz boʻldim. Shu zahoti hammasini tushundim va yerga oʻtirib qoldim. Men hozirgina Donni oʻldirgandim. Oʻrnimdan turishga urindim.
-E Xudoyim,-dedi u singlisining jasadiga qararkan. Uning koʻzlari yoshga toʻldi.-Seni ogohlantirishga harakat qildim, Bobbi. Singlim aqldan ozib qolgandi. U faqat sen haqingda oʻylar, necha yildan beri faqat sening ismingni aytardi. Keyin esa qaerda yashashingni bilib olibdi. Uni toʻxtatishga urindim, senga juda koʻp marta qoʻngʻiroq qildim, ammo xotining ikkingiz men bilan gaplashishni istamadinglar.-Diana Donning jasadi ustiga engashdi, uning boshini tizzasi ustiga oldi.-Kecha u menga qoʻngʻiroq qilib nihoyat senga yetishganini aytdi. Xotiningni Don oʻldirgandi. O, Bobbi...
* * *
-Ha,-dedi Oskar.
-Menga oʻn besh yil berishdi.
-Men bir narsaga tushunmayapman.
-Nimaga?
-Sen bu yerda nima uchun oʻtirganingga. Nahotki Diana toʻgʻrisini aytmadi? Buning ustiga diktofoningda yozuv bor edi.
-Diana yolgʻon koʻrsatma berdi. U singlisini men ta’qib qilganimni aytdi. Xotinimni ham oʻzim oʻldirganimni, keyin esa Donga hujum qilganimni aytdi. Yozuvga kelsak... Diktofonning batareykasi oʻtirib qolgan ekan. Faqat suhbatimiz boshidagi oʻpishganimiz yozilgan, xolos.