YAKSHANBA, 2025.07.20, 14:47
SMS SHERLAR, SMS TABRIKLAR, SMS SEVGI WWW.SHERLAR.UZ
Приветствую Вас MEXMON | RSS

Menu
Категории раздела
Новости Футбола
ШОУ-Бизнес
SMS YUBORISH
QIZIQARLI
MP3 KO`CHIRISH
MOBIL TELEFONLAR UCHUN
Веб-Мастер
TV SERIAL- ТВ Сериалы
QO`SHIQ MATNI
IZOHLAR VA SMSLAR
SEVGI
JAHON YULDUZLARI
KULGI -FUNNY-PRIKOL
ISLOM
TANLOV
Психология
FOYDALI MASLAHATLAR
Тесты
Рейтинг
FIKR-MULOHAZA
---TANISHAMAN---
MUXLIS--FANAT
TALAB VA TAKLIF
KASSA
FOYDALI SAYTLAR
SHERIYAT
KOMPYUTERLAR UCHUN
Реклама
PUL ISHLASH
qizlar bilan tanishaman
Афоризмы
YULDUZLAR BIOGRAFIYASI
Гостевая
IBRATLI XIKOYALAR
WWW.SHERLAR.UZ
Новости Узбекистана
Kliplar
Наш опрос
ENG ZOR KIM?
XAMMA JAVOBLAR: 1098

Статистика

XOZIR SAYTDA 1
MEXMON 1
FOYDALANUVCHI 0
Главная » 2009 » Октябрь » 20 » Yaxshi niyat-yarim davlat
10:56
Yaxshi niyat-yarim davlat


Yaxshi niyat – yarim davlat, deydi xalqimiz. Tilak bildirish, yaxshi niyat, duoyu olqishlar – bu ham o’zbek xalqining eng qadimiy udumlaridan biridir. Inson hayotining barcha fasllarida, turli yoshlarda, turli munosabatlar bilan, turmushning barcha chorrahalarida bir-biriga tilak bildiradi, yaxshi niyat qiladi.

Bola tug’ilganda,-"Farzand, zurriyod muborak bo’lsin deya umriyu rizqi, ota-onasi, boboyu buvisi bilan bergan bo’lsin",- deyiladi. Bu ixcham tilakning mazmunida katta hikmat bor. Bolaki tug’ilibdimi, avvalo uning umri uzun bo’lsin, rizqi nasibasi mo’l bo’lsin, ota-onasi tarbiya berib, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazar ekan, farzandining huzur-halovatini, rohatini, iqbolini ko’rishsin, xalqning og’irini yengil qiladigan shaxs bo’lib yetishsin kabi ko’pga va uzoqqa mo’ljallangan tilaklar birgina shu ibora hikmatda o’z jamuljamini topgan.
O’g’il uylantirayotgan, qizini turmushga chiqarayotganda ham yangi oila qutlug’ bo’lsin deya muborakbod qilinib, “Iloho ikki yoshning baxti iqbolini bersin, qoshgani bilan qo’sha qarisin, uvali-juvali bo’lishsin, tuproq olishsa oltin bo’lsin” kabi ixcham niyatlar bildiriladi. Bu bilan hamrohini topgan baxtu saodatini ham topsin , o’la-o’lguncha bir-birlariga sodiq yostiqdosh bo’lishsin, farzandlari ko’pu tarbiyali bo’lishsin, topganlari o’zlariga nasib qilsin, avlodning munosib davomchilari bo’lsinlar singari hayotiy, samimiy tilaklar ko’zda tutilgan.
Safarga, sayyohatga, xizmatga otlanayotgan kishilarga, “Safaringiz bexatar bo’lsin, eson-omon yana diydor ko’rishaylik, xudo yor, pirlar madadkor bo’lsin” , degan tilaklar bildiriladi. Mo’ysafidlar, ota-onalar farzandlarining duoyi jonini qilisharkan, “oy borib, omon qaytgin”, deya kaftlarini yuzlariga surtib, fotiha tortishadi. “Omad yor bo’lsin, olginu oldirmagin, to’rt muchang sog’ bo’lsin, xudo o’z panohida asrasin, chor-yorlar madadkor bo’lsin” tilaklari ham shu holatlarda qo’llanilishi mumkin.
Biror joydan, shahar, qishloq, davlat, safar va ziyoratdan qaytgan kishilarga, “ziyoratlar qabul bo’lsin” degan niyat bildiriladi. Bunga javoban safardan qaytgan shaxs, “murodingiz hosil bo’lsin” deya minnatdorchilik bildiradi. Buning ma’nosi shuki, xolis, ezgu niyatlar bilan ziyoratga chiqib, mozor bosib, ulug’ avliyo-anbiyolarni ziyorat qilib qaytibsiz, yaxshi niyatlaringizni xudo o’z dargohida qabul qilsin, deyilayapti. Javobda esa ikki ma’noli mantiq jo bo’lgan: Iloho aytganingiz kelsin, insholloh, Sizga ham ushbu ziyoratning savobidan tegsin, ma’nolari shular jumlasidandir.
Odamlar ko’ngillari to’lmagan, gumonsiragan shaxs, voqea-hodisa, ish haqida odatda, “oxiri baxayr bo’lsin, oxirini yarlaqasin” degan mulohaza – tilak aytishadi. Bu bilan ushbu shaxs yo hodisaning ketishi shu bo’ladigan bo’lsa, oqibati yaxshilikka olib bormaydi, yana ham Xudo insofini berib, bir tomonga boshqarib, oxirini yarlaqasa, noumid shayton, deya umid bildiriladi.
Marhumlar xotirasiga fotiha o’qilarkan, “Xudo dargohida qabul qilsin, joylari jannatda bo’lsin, go’rida tinch yotsin, arvohi shod bo’lsin, xudo rahmat qilsin” kabi tilaklar va ularning teng muqobillari ishlatiladi. Xonadon sohibiga, “Xudo sabr bersin, marhumning qolgan umrini sizga, bola-chaqangizga bersin, qaratmagan tabibingiz qolmadi, xudoning irodasi shu ekan, xudo bir, o’lim barhaq” deya yupatiladi, ko’ngil so’raladi. “Bandalik, hammamizning ham boshimizda bor gap, borar joyimiz o’sha manzil” singari iboralar ham shu marosimning yupatuvchi iliq so’zlari sanaladi. Marhum keksa odam bo’lsa; “ Shu kishining yoshlariga yetib yuraylik, o’lim emas, buni to’ deyavering, tabarruk”,- deyiladi. Keyingi yosh avloddan biror farzand marhum bobo, ota, xola, onaga o’xshatiladigan bo’lsa, marhum hayotdan yosh ko’z yumgan bo’lsa “Umri o’xshamasan-u, falonchi pismadonchiga quyib qo’ygandek o’xshabdi”,- deyiladi.
Kasal bemor ko’rgani borganda, avvalo kech borilmaydi, payshanba kuni bemor ko’rilmaydi, “Tuzalib qoldingizmi, xayriyat, rang-ro’yingiz binoyiday” deyiladi. Qaytayotganda xayrlashayotib, “Xudo shifo bersin” deya yuzga fotiha tortiladi, “Dardini bergan Olloh davosini ham beradi, keng fe’lli bo’ling, ko’pi ketib ozi qoldi, ko’rmagandek bo’lib ketasiz”, - deyiladi.
Gadolar tilanib oldingizdan chiqsa ham o’zbek ortiqcha sarmoyasi bo’lmasa, peshvozga qattiq gapirmaydi, xudo bersin, deya yaxshi niyat qilib, o’tib ketaveradi. Bir kam dunyo. Bola-chaqaning bosh-oyog’iga, sandig’i, sarpo-surug’iga yetkazishning iloji bo’lmasa, “hammasi to’la-to’kis bo’lishi shartmas, peshonasiga bersin”, deyiladi.
Ostona hatlab, o’zga xonadonga kirilganda, yuzga fotiha tortilarkan, “Iloho, tinchlik-xotirjamlik, omonlik bo’lsin, boy-badavlat Xizr barakasini bersin, qadam yetdi, balo yetmasin” kabi so’z va iboralar qo’llaniladi.
Biror kishi yangi kiyim, joy – jalol, mol-mulklik bo’lganida o’zbekchilikda “Qulluq bo’lsin, muborak bo’lsin, nasib etsin, tepkilab-tepkilab kiying, egningizda to’zisin, yarashibdi, buyursin” kabi so’z va iboralar qo’llaniladi.
Xalqimizda odamlarga yaxshilik qilish, birovning kori xayriga yarash axloq normasi, odamgarchilik, insoniy burch sanaladi. “Yaxshilik qil daryoga tashla, baliq biladi, baliq bilmasa – Xoliq biladi” aqidasiga rioya qilarkan o’zbek har bir o’zga insonga, uning yoshi, jinsi, millati, qavmidan qat’iy nazar, yaxshilik sog’inib yashaydi.
Yaxshi niyat, tilak bilan bog’liq o’zbek xalq maqollari ham bir talay. Ulardan:
Yaxshi so’z jon ozig’i, yomon so’z bosh qozig’i;
Yaxshi oshini yeydi, yomon boshini;
Yaxshidan vafo, yomondan jafo;
Yaxshilik to’rga eltar, yomonlik go’rga;
Yaxshilikka yaxshilik- har kishining ishi, yomonlikka yaxshilik- er kishining ishi;
Yaxshi so’z ham, yomon so’z ham bir og’izdan chiqadi;
Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar;
Yaxshini bil o’zidan, yomonni bil ko’zidan;
Yaxshini ko’rib shukur qil, yomonni ko’rib fikr qil;
Yaxshilik qilsang yashir, yaxshilik ko’rsang oshir;
Odamdan yaxshi ot qolsin;
Yaxshi chechakka bolari qo’nar
kabi axloqiy- tarbiyaviy maqol-naqllar shular jumlasidandir.
Yaxshi niyat-tilaklar odob-axloq, nasihat, maslahat, yaxshilik sog’inish mayllarida bo’lganidan oddiy muomala-munosabat, kundalik turmush lahzalari, umrguzaronlik yo’llarida, umr saboqlari sifatida har qadamda uchraydi:
Xush kelibsiz;
Xush ko’rdik;
Yaxshi boring;
Yaxshi qoling;
Yaxshi yotib turing;
Shirin tushlar ko’ring;
Yoqimli ishtaha, ishtahangiz karnay bo’lsin;
Xayrli tun, xayrli tong; yaxshilikka buyursin;
Yaxshi kunlaringizga yarasin;
Yaxshi kunlarda ko’rishaylik;
Yaxshiliklaringizga qaytaray;
Ko’z tegmasin;
Baraka toping;
Uyingizga bug’doy to’lsin;
Bola-chaqangizning huzur-halovatini ko’ring;
Yaxshi niyatlaringiz o’zingizga yor bo’lsin;
Tuproq olsangiz oltin bo’lsin;
Qo’chqorday o’gil bersin;
Topganingiz to’yga buyursin;
Fayz-barakangizni bersin;
Umringiz uzoq bo’lsin;
O’ylagan niyatlaringizga yetib yuring;
Topish-tutishingizga Ollohim baraka ato qilsin.
Insonning boshiga har xil savdolar tushishishi mumkin. Minnatsiz osh, g’avg’osiz bosh bo’lmasa, deydi o’zbek. Jabrdiyda, alamdiyda kishidan ko’ngil so’raganda, uni yupatilganda, odatda, “Ko’nglingizni cho’ktirmang, oyning o’n beshi qorong’u bo’lsa, o’n beshi yorug’”, “Albatta yorug’ kunlar ham keladi”, “Boshingiz omon, joningiz sog’ bo’lsin”, “Boshingiz toshdan bo’lsin”, “Bu kunlar unut bo’lib ketadi”, “Davlat, pul qo’lning kiri”, “Mol topiladi, jon topilmaydi” qabilidagi jumla, ibora, so’zlar, maqolu naqllar qo’llaniladi.
Adolatsizlik oldida ojiz qolib, yer mushtlab, yiglab-zorlanib turgan odamga, “Kuyinmang, keng bo’ling, u Xudo bexabarga ham tikilgani-boqqani bordir”, “Qarz qiyomatda qolmas” deydilar. “Qirq kun o’tmay xudoyi taolloning o’zi ko’rsatadi”, “Xudoning g’azabiga uchraydi, o’shanda meni aytdi deysiz”, degan gaplar bilan tasalli berishadi.
Kishining ko’ngliga qarash, nozikta’blik, dardkashlik, hamdardlik o’zbekning ko’ngil hamrohi. Biz o’zganing dard-g’amiga, tashvishiga loqayd, befarq qarolmaymiz. Shodligidan boshimiz osmonga yetsa, dard-tashvishida sherik bo’lamiz. Shunda quyidagi so’zlarni ishlatamiz:
Mushkulingiz oson bo’lsin.
Do’stga xor, dushmanga zor, nodonga muhtoj qilmasin.
Ko’nglingizga olmang.
Og’ir bo’ling.
Boriga baraka.
Barakasini bersin.
Qatorda xato bo’lmasin.
Ko’pga bersin, ko’p qatorida bizga ham bersin.
Bir-birimizdan kam qilmasin.
Ishingiz baroridan(o’ngidan) kelsin.
Ko’p bersin, ko’l bersin, keng fe’l, ketmas davlat bersin.
Yomonning yuzini teskari qilsin.
Yaxshilarga yondashtirgin, yomonlardan uzoqlashtirgin.
Aytganingiz kelsin.
Farishtalar omin desin.
O’zaro muomala-munosabat, uchrashuv, yuz ko’rishuvlarda shunday qisqa muloqatlar bo’lib o’tadi:
-Xirmonga baraka.
- Umringizga baraka.
- Yaxshimisiz, tan-joningiz sog’mi?
- Xudoga shukur, o’zingiz tinchmisiz, bola-chaqalar omonmi?
- Bu yaxshiligingizni o’la-o’lguncha unutmayman. Mendan qaytmasa, Xudodan qaytsin.
- Bandasidan yaxshilik qoladi. Bu mening insoniy burchim.
- Minnatdorman, Xudo umri joningizni ziyoda qilsin, dunyo turguncha turing. Bola-chaqangizning orzu-havasini ko’ring.
- Rahmat, yaxshi niyatlaringiz o’zingizga ham yor bo’lsin…
Sig’inish, iymon-e’tiqod bilan bog’liq yaxshi niyatlar ham hayotda juda ko’p qo’llaniladi. Ular ruhlanish, madad, ishoncha va e’tiqodni kuchaytirishga yordam beradi.
“Yo Ali”, “Yo pirim”, “Yo Alisheri Xudo”, “Yo Rabbim” kabi xitoblar shular jumlasidandir. Bir ishga jazm qilish, faoliyatni boshlash, kirishish , polvonlik, kurash hamda ko’pkari-uloqda va boshqa harbu zarblarda kuch-quvvat talab qilingan lahzalarda bu xitoblar bot-bot qo’llaniladi.
Dasturxon, taom, bir piyola choy ustidagi suhbatlarda, daf’atan osh yeb turganimizda mehmon kelib qolsa, “E, keling, keling, qaynonangiz suyar ekan”, deyiladi. Mehmon ham, albatta, “Rahmat, qaynonam suymasa, qizini berarmidi”, deydi. Ovqatni oxirigacha yedirishga undashda, “Oling, qoldirmang, dunyoning oxiriga yetib yuring, hamma savobi shu oxirgi luqmada-ya”, degan jumla ishlatiladi. Choy quyayotganda, so’nggi payola choy uzatilgan kishiga, piyolada choy juda kam bo’lsa-da, “Marhamat, dunyoning oxiriga yetib yuring”, deyiladi. Bu bilan, avvalo choy quyuvchi o’zini, mehmonni choyning kamligi uchun xijolatpazlikdan qutqazadi. Ikkinchidan, dunyoning oxiriga yetib yuring , deganda- Sizning umringiz tugaganda, dunyo ham tugab, qiyomat qoyim bo’lsin, degan niyat emas, xudo bergan umringizni yashang-u, o’bro’-e’tiboringiz, yaxshi nomingiz dunyo turguncha tursin, umringiz boqiy bo’lsin, degan niyat yotadi.
O’zbekning har gapida ishlatiladigan yaxshi niyat, tilaklari bu xalqning odob-axloqi yuksak bo’lgan qadimiy madaniyat egasi ekanligidan dalolat beradi. “Yomonlik hammaning, yosh bolaning ham qo’lidan keladi”, deydi xalq.
Qavmimizning tili shirin, gapi qiziq, qalbi saxovat, mehr-muhabbatga to’la, niyatlari pok, yaxshilik va ezgulikka yo’g’rilgan. Siz bilan biz ham bu xislatlardan benasib qolmasligimiz lozim.


Категория: QIZIQARLI | Просмотров: 2784 | Добавил: elBasanio | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]

Вход на сайт
Реклама.
Forum Faollari
  • neyla19
  • _DialNeNiNo_
  • OYDIN
  • _Dilya_
  • Jasmina---
  • _NaTaLi_
  • _Didishka_
  • Bilov
  • SUDEYS
  • MUHABBAT3223
  • qobilbek9353
  • odil@xran
  • YILDIZ
  • odiljon_-_oxran
  • Golib1214
  • _Shaddotcha_
  • Zahar_qizcha
  • Futbolist1990
  • Muxtor
  • ZARINA5545
  • Поиск
    Календарь
    2025 yil mamlakatimizda “Mustahkam oila yili”
    Хостинг от uCoz