Hozirda hech bir terrorchi guruh ushbu voqea bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
JANGARILARGA QARSHI TADBIR
Pokiston armiyasi Janubiy Vaziriston hududida
"Tolibon” harakatiga qarshi keng ko‘lamli harbiy
amaliyotlar o‘tkazishni boshlab yubordi. Mamlakat harbiy
qo‘mondonligi vakilining bildirishicha, o‘tgan ikki kun
mobaynida 60 nafar jangari yo‘q qilingan. Manbada
keltirilishicha, harbiylar tolibonlar joylashgan hududni to‘la
o‘rab olishgan va shu yo‘l orqali ularni qurol-yarog‘
hamda oziq-ovqat ta’minotidan uzib qo‘ymoqchi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda so‘nggi
ikki hafta mobaynida amalga oshirilgan terrorchilik xurujlaridan
so‘ng, Janubiy Vaziristonda jangarilarga qarshi amaliyotlar
boshlanib ketdi. Ushbu teraktlarda 170 nafar tinch aholi vakili halok
bo‘ldi.
KOMPANIYA SOTILISHI NOQONUNIY
«Sberbankom» va "Magna”
hamkorlikda Amerikaning "Jeneral Motors” konserniga
qarashli "Opel” kompaniyasini sotib olish maqsadida
muzokaralar olib bormoqda. Biroq EIning antimonopoliya siyosati
masalalari bo‘yicha komissari Nili Kros Germaniya hukumatiga
rasmiy xat yuborib, "Opel”ning sotilishi ittifoq
qonunchiligiga zid ekanini bildirgan va Germaniya hukumati tomonidan
kompaniyaga 4,5 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam
ko‘rsatilishi lozimligini bildirgan.
CHEKSANG, JARIMA TO‘LAYSAN
"Reuters” axborot agentligining xabar
qilishicha, Suriyada shu oyning o‘rtasidan boshlab jamoat
joylarida sigaret chekish taqiqlandi. Bu haqda qabul qilingan maxsus
qonunni mamlakat prezidenti Bashar al Asad tasdiqladi. Ushbu qonunni
buzgan shaxslar ikki ming Suriya funti (46 AQSh dollari) miqdorida
jarimaga tortiladi.
Bundan tashqari, kafe va restoranlar egalari ham
mijozlarning chekishiga ruxsat bergani uchun javobgarlikka tortilishi
mumkin. Shuningdek, mamlakat ommaviy axborot vositalarida tamaki
mahsulotlari reklamasiga ham qator cheklovlar joriy qilindi.
GERMANIYA AFG‘ONISTONDAGI ISHTIROKINI KENGAYTIRMOQDA
Germaniya hukumati Afg‘onistonga 1200 nafar
politsiyachini jo‘natmoqda. Ular ushbu mamlakatda huquq-tartibot
organlari xodimlarini tayyorlash bilan shug‘ullanishadi. Bu haqda
"Spiegel” axborot jurnali xabar tarqatdi. Ayni paytda
Afg‘onistonda 110 nafar nemis politsiyasi afg‘on maxsus
xizmati xodimlari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishmoqda.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi paytlarda
Afg‘onistonda NATO kuchlari muvaffaqiyatsizliklarga uchrayotgani
bois, Germaniya hukumati mazkur mamlakatdagi ishtirokini kuchaytirmoqda.
HUKUMAT MULKLARI SOTILADI
Buyuk Britaniya hukumati byudjet taqchilligini
qisqartirish maqsadida 16 milliard funt sterling miqdoridagi (25,4
milliard AQSh dollari) davlat aktivlarini sotuvga chiqarmoqchi.
Bu haqda mamlakat bosh vaziri Gordon Braun ma’lum qildi.
Shuningdek, bosh vazirning bildirishicha, hukumatga qarashli
ko‘chmas mulk ob’ektlari ham sotuvga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, Gordon Braun 2007 yilda
hukumat tepasiga kelganida, birinchi navbatda davlat byudjeti
taqchilligini bartaraf etishga harakat qilishini bildirgandi. Lekin bu
borada bosh vazir hali sezilarli darajada muvaffaqiyatga erisha
olganicha yo‘q. Ayni paytda Buyuk Britaniya byudjetidagi
taqchillik YAIMning 12 foizini tashkil qilmoqda.
KURS PASAYMOQDA
Dollar kursining yevro va yuanga nisbatan
pasayishi AQSH savdo balansidagi taqchillikning sezilarli darajada
pasayishiga olib keldi, deya xabar berdi "Bloomberg”. Ushbu
taqchillik 31,9 milliard dollardan 30,7 milliard dollargacha pasaydi.
Natijada Amerika mahsulotlarining nisbatan arzonlashuvi evaziga eksport
hajmi ortgan. Shuningdek, AQShda import hajmi ham 0,6 foizga
qisqargan.
Ta’kidlash kerakki, dollar kursining pasayishi, birinchi navbatda, Amerika avtomobillariga talabning oshishiga olib keldi.
YAPONIYA VAZIRINING QARORI
Yaponiya moliya vaziri Xiroxisa Fudzin mamlakat
valyuta birligi — iyenaning kursini barqarorlashtirish borasida
barcha zaruriy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Uning
so‘zlariga qaraganda, milliy valyuta kursining o‘ynab
turishi YAponiya iqtisodiyotiga katta salbiy ta’sir
ko‘rsatmoqda. Ammo u iyena qadri qanday tartibda
barqarorlashtirilishi haqida izoh bermadi.
Shuningdek, Xiroxisa Fudzin mamlakat iqtisodiy
o‘sish modeli o‘zgartirilishini, ya’ni faqat
eksportga qaramlik kamaytirilishini ta’kidladi.
YO‘LOVCHILAR HAM JAZOLANADI
Xitoy hukumati nafaqat alkogolli ichimliklarni
iste’mol qilib mashina boshqargan haydovchini, balki uning
yo‘lovchilarini ham jazolashni rejalashtirmoqda. Agar shunday
qilinsa, yo‘lovchilar "otib” olgan haydovchining
rulga o‘tirishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb hisoblanmoqda.
Ammo hukumatning ushbu tashabbusi mamlakatda katta noroziliklarga sabab
bo‘layotir. Ko‘pchilikning fikricha, avtobus haydovchisi
ichgan bo‘lsa, yo‘lovchilar uning xatti-harakatlari
uchun javob bera olmaydi. Taklif qilinayotgan qonun
loyihasida bu holatlar hisobga olinmagan.