Nokia kompaniyasi Android operatsion tizimi asosida chiqaradigan ilk smartfonning xususiyatlari va narxini Vyetnamning Mainguyen.vn internet-do‘koni oshkor etib qo‘ydi. Bu haqda WMPoweruser nashri xabar bermoqda.
Saytda ko‘rsatilishicha, Nokia X A110 smartfoni 2,2 milliondan 2,5 milliongacha Vyetnam dongi (taxminan 110 AQSh dollari) turadi. Qurilmaning tavsifi dastlab saytga kiritilib, keyinchalik olib tashlangan. Biroq Google keshida bu ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Mainguyen.vn saytiga ishonadigan bo‘lsak, Nokia’ning smartfoniga Android 4.4.2 versiyasi o‘rnatilgan. Qurilma ikki yadroli protsessorga ega, u 1 Gigagers chastotada ishlaydi. Nokia X A110 ning ichki xotirasi 4 Gigabayt, kamerasi esa 5 Megapikselli. Smartfonning 4 dyuymli ekrani 480×854 nuqtaga ega.
14-fevral kuni Nokia o‘zining Facebook va Twitter’dagi akkauntlari fonini yashilga o‘zgartirdi. Ommaviy axborot vositalarining taxminlariga ko‘ra, bu – Android asosida ishlaydigan yangi qurilma anonsiga ishoradir. Chunki yashil rang mazkur operatsion tizimning ramzlaridan biridir.
Avval ma’lumot berganimizdek, Nokia kompaniyasi Android-smartfon chiqarishi mumkinligi haqida 2013-yil boshidayoq xabarlar chiqqan. Keyinchalik esa bu ish 2014-yilga qoldirilganligi ma’lum bo‘ldi. Nokia’ni 2013-yil sentabrda Microsoft korporatsiyasi sotib olgan.