Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish uchun
mahalliy oliy o‘quv yurtlari talabalariga "oila qurish uchun
tayyorgarlik” bo‘yicha dasturlarni taklif etmoqda. Xullas, endi
texnikaga o‘zini bag‘ishlagan bo‘lg‘usi muhandislaru dasturlovchilar
uchun ham oila qurish san’atini o‘rganish, shu asnoda diplom uchun
qo‘shimcha ballar ishlab olish imkoni paydo bo‘ldi. Dastur
bo‘yicha o‘tilayotgan darslarda sevgi, mehr-oqibatni ulug‘lovchi
filmlar namoyish etiladi, mavzuga oid qo‘shiqlar o‘rganiladi.
Shuningdek, o‘quv kursi bo‘ydoqlikdan ko‘ra oilaviy hayot
afzalliklarini anglatishni nazarda tutadi. Yangi "fan” bo‘yicha
o‘qituvchilar Singapur ijtimoiy taraqqiyoti departamenti tomonidan
safarbar etiladi. Ushbu davlat muassasasi oila, nikoh va mamlakatdagi
demografik vaziyatni yaxshilash bilan shug‘ullanadi. 1984 yilda ta’sis
etilgan departament sa’y-harakatlari evaziga shu paytgacha 33 ming
yangi oila tashkil bo‘lgan. Yaqinda departament rahbari Yufu
Shun yoshlarga murojaat etib, karera qilish asnosida oilaviy hayotni
unutib qo‘ymaslik lozimligini, negaki, agar nikoh orqaga surilaversa,
inson oxir-oqibat bir umrga yolg‘iz bo‘lib qolishini ta’kidladi.
To‘g‘ri, birgina o‘quv kurslari natijasida mavjud demografik vaziyatni
yaxshilash mushkul. Masalan, talabalardan biri Kamal Prakesh darslar
o‘tila boshlagandan buyon qizlar bilan o‘zaro munosabatga kirishishi
ancha yengillashganini, ammo u hali ham o‘z juftini topa olmaganini
ta’kidlab o‘tsa-da, yaqin o‘n besh yil ichida asosiy e’tiborini faqat
ishga qaratmoqchi ekanini aytgan. Ma’lumki, ushbu
shahar-davlatda 4,5 million kishi istiqomat qiladi. Ularning 3,6
millioni singapurliklar (etnik jihatdan ularning asosiy qismi xitoylar,
malayyalar va hindlardir). O‘tgan yili mamlakat hukumati aholi sonini
20 yil mobaynida 2 millionga oshirish haqidagi rejalarini e’lon qilgan
edi. Bunda o‘sish sur’ati asosan xorijliklar hisobiga ta’minlanishi
ko‘zda tutilgan. Hozirda Singapurda aralash millatli nikohlar va
oilalar ko‘payib bormoqda. Bosh vazir Li Kuan Yuning fikricha, bu
kelajakning bir qismi, jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi, uni
to‘xtatishning keragi ham yo‘q. Umuman olganda, Singapur
London va Nyu-Yorkdagi jo‘shqin hayotga havas bilan boqadi. Bunga butun
dunyodan iste’dodli va uddaburon tadbirkorlarning jalb etilayotgani
hamda qabul qilinayotganini sabab deb biladi va Singapur ham aynan shu
yo‘ldan borishi kerak, deya hisoblanadi.
|