Poytaxtimizda o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan sportchi qizlar o‘rtasida “To‘maris malikasi” an’anaviy ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan tanlovda yakkakurash turlari bo‘yicha katta yutuqlarga erishayotgan sportchilar o‘z mahoratini namoyish etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. “To‘maris malikasi” va “Sharq yakkakurashlari malikasi” an’anaviy ko‘rik-tanlovlari sportchi qizlarning iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
O‘zbek jang san’ati bo‘yicha nufuzli turnirlar g‘olibi Zuhra Umurzoqova birinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Darya Latishova, Mehrangiz Najmiddinova, Sarvinozxon Ozodxonovalar turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib chiqdi.
– “To‘maris malikasi – 2015” ko‘rik-tanlovida g‘olib chiqqanimdan xursandman, – deydi Zuhra Umurzoqova. – Ushbu muvaffaqiyat meni yangi-yangi g‘alabalar tomon ruhlantiradi. Maqsadim – kelgusida milliy qadriyatlarimiz aks etgan o‘zbek jang san’atini dunyoga keng tanitishdir.