
Tunlari yanog'im o'pgan yosh bilan,
Yurakki yurakmi-yoki tosh bilan,
O'zim ham bilmayman qay bardosh bilan,
Men sensiz yashashga o'rganib qoldim.
Kutmadi demagin,kutish ham shuda,
Bilsang umidvorlik qiynadi juda,
Kechikkan uzrni aytmoq behuda,
Men sensiz yashashga o'rganib qoldim.
Izlama, avvalgi holim yo'q endi,
Intiqma, shirin so'z bolim yo'q endi,
"Xayr"-bor,"yonimda qol"-im yo'q endi,
Men sensiz yashashga o'rganib qoldim.
Rutubat elida qul deb saylanib,
Azobga shaylanib,g'amga shaylanib,
Oxiri vafosiz qizga aylanib,
Men sensiz yashashga o'rganib qoldim...
|