| Bo’ldi, men bezovta qilmayman sizni, Endi oromingiz buzilmas sira
 Saharlar turaman chor-atrof xira
 So’ng izlab yig’layman diydoringizni.
 Yana umringizga iztirob qotib, So’ngsiz savollarga so’rmasman javob.
 Endi entikmaysiz sog’inchga botib,
 Endi gunohingiz gunohmas savob.
 Endi eshigingiz qoqmaydi shodlik, Endi g’am izingiz poylab yurmaydi.
 Dunyoda siz uchun bir baxtli sho’rlik
 Yurganin ko’nglingiz aytib turmaydi.
 Xatolar qilmaysiz yurak nomidan, Ko’zingizda kibr aralash g’urur.
 Unuta boshlaysiz o’zingizni ham,
 Nahot unutadi yuragi qurg’ur.
 Gullar sirlarini aytmaydi sizga, Eshita olmaysiz bulbul azonin.
 Hali sehrlangan sevgi yurtida
 Uvoli tutadi sevgi xazonin.
 Kechiring men sho’rlik adashib qolib, Bezovta qilganman dardlarim ayta…
 Qo’rqmang tinchligingiz buzmoqlik uchun
 Bo’ldi tushingizga kirmayman qayta…
 
 |