SIZ MUSTAQILMISIZ?
Hayotda mustaqil fikrga ega bo‘lish, har bir qarorni o‘zingizgagina suyangan holda qabul qilishning foydali jihatlari ko‘p. Xo‘sh, siz-chi? O‘zgalarning ko‘magisiz ham yashay olasizmi? Ushbu test orqali qanchalar mustaqil ekaningizni tekshirib ko‘ring.
1. Maktabni bitirgach, kelgusi hayot to‘g‘risida kimdan fikr olgansiz?
a) o‘zim mustaqil ravishda bir qarorga kelganman;
b) ota-onamdan maslahat so‘raganman;
v) yaqin do‘stlar bilan maslahatlashganman.
2. Oliy yoxud o‘rta maxsus bilim yurtiga qanday kirgansiz?
a) o‘z kuchim, bilimimga tayangan holda;
b) omadga ishonganman;
v) tanish-bilishlar yordamida.
3. O‘qish davomida imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘rgansiz?
a) tinimsiz o‘qib, izlanganman;
b) birga o‘qiydigan kursdoshlardan ko‘mak so‘raganman;
v) tashqaridan yordam olganman.
4. Ishga qanday joylashgansiz?
a) o‘quv yurtining yo‘llanmasi bilan;
b) borib gaplashib, sinovdan o‘tib joylashganman;
v) tanish-bilishlar ko‘magida.
5. Ishda muammo tug‘ilsa, qanday hal etasiz?
a) tajribaga suyangan holda yo‘l tutaman;
b) hamkasblarga maslahat solaman;
v) uydagilarni, do‘stlarni bezovta qilishga majbur bo‘laman.
6. Yostiqdoshingiz bilan turmush qurishdan oldin nimaga asoslangansiz?
a) qalbimga quloq tutganman;
b) yaqin kishilarning maslahatiga amal qilganman;
v) tanlaganimni ota-onamga ko‘rsatib, ularning roziliklarini olganman.
7. Turmush o‘rtog‘ingiz olis safarda bo‘lsa, oila bilan bog‘liq masalalarni mustaqil hal eta olasizmi?
a) ha, albatta;
b) qo‘limdan keladi, ammo turmush o‘rtog‘im qaytguncha bu masalalalarni ortga surib turaman;
v) yo‘q.
8. O‘smirligingizda o‘z fikringizni boshqalarga o‘tkazishga uringanmisiz?
a) ha;
b) o‘tkazsam bo‘lardi, biroq ota-onamning hurmati uchun tilimni tishlaganman;
v) hech qachon boshqalarga fikrimni o‘tkazmaganman.
9. Hozirgi kunda ishdami, o‘qishdami hamkasblar yoki do‘stlarga fikringizni o‘tkaza olasizmi?
a) bu vaziyatga bog‘liq;
b) o‘zim uchun foydali bo‘lsa, albatta, o‘tkazaman;
v) kamdan-kam hollarda.
10. Shaxs sifatida ishda, jamoatchilik ishlarida o‘sayapman, deb o‘ylaysizmi?
a) doimo o‘sishga intilaman va shu bilan birga o‘zimga yoqqan yumushni ado etaman;
b) bu masalalarda ham yaqinlarimga suyanaman;
v) o‘sish uchun ham tanish-bilish zarur.
11. Yaqinlaringiz turmush o‘rtog‘ingiz sog‘lig‘iga zarar yetkazayotganini ko‘rsangiz, qanday yo‘l tutasiz?
a) salomatligini birinchi darajaga qo‘yishlarini talab qilaman;
b) qo‘limdan kelgancha maslahatlar beraman;
v) albatta, qaysidir jihatdan yordam bergan bo‘lardim. Afsuski, hamisha ham bunday imkoniyat tug‘ilavermaydi. Kechikaman.
NATIJALAR:
Har bir “a” javob uchun o‘zingizga — 4 ball, “b” javob uchun – 2, “v” javob uchun — 0 ball qo‘ying.
30 dan 44 ballgacha.
Mustaqil bo‘lish joni-dilingiz va doimo shunday bo‘lishga urinasiz. Buning uchun bilimingiz ham, tajriba, imkoniyatlaringiz ham yetarli. Birovlarning maslahatiga toqat qila olmaysiz. Lekin bir umr shunday bo‘lib qolishingizga ishonchingiz komilmi? O‘ylab ko‘ring. Chunki hayot, baribir, o‘nqir-cho‘nqirlardan, to‘siqlardan iborat.
15 dan 29 ballgacha.
Sizni ham mustaqil, o‘ziga ishongan shaxs sifatida ta’riflasa bo‘ladi. Siz ishonchli do‘st, fe’lingiz keng va asabiy holatlardan qanday chiqib ketishni bilasiz. Shunga yarasha, boshqalarning ham fikrlarini hurmat qilasiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sizni tanigan-bilganlar juda qadrlashadi.
0 dan 14 ballgacha.
Afsus, mustaqil bo‘lishga bolalikdan o‘rganmagan ekansiz. Kimningdir maslahatlarisiz, ko‘magisiz biror ishni amalga oshira bilmaysiz. O‘zingizga ishonch hissi umuman yo‘q, desa bo‘ladi. Mustaqil fikr yuritishga, qalbingizga quloq solib yashashga intilsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.
|