Ko`pchilikning sevimli ichimligi bo`lgan kofeni sevib iste`mol qiladigan mashhurlar haqida hamma ham bilavermasa kerak. Fransiya davlat arbobi Sharl Moris Taleyran kofe haqida quyidagi so`zlarni aytib o`tgan: "Kofe shayton kabi qora, do`zax kabi issiq, farishta kabi toza va sevgi kabi shirin bo`lishi lozim!"
Buyuk bastakor Iogann Sebastyan Bax 1734-yilda kofega bag`ishlab Kafee-Kantate (Kofe kantatasi)ni yozib tugallagan. Bu asar qisman kofe madhi bo`lsa, qisman nemis qonunlariga qarshi qaratilgan edi. O`sha davr qonunlariga ko`ra ayollarga kofe ichish ta`qiqlangan edi. Kantataning ariyalaridan birida quyidagi misralar ham mavjud: "Eh! Qanday mazali shirin kofe! Mingta bo`sadan-da mayin, muskat vinosidan-da shirin..."
Lyudvig Van Betxoven esa doimo kofe iste`mol qilgan va ularni o`zi tayyorlagan.
Fransuz olimi Volter kuniga 50 piyola kofe ichgan. Volterning fikricha, agar kofe sekin ta`sir qiluvchi zahar bo`lsa, zaharlangan odamga u yarim asrdan so`ng ta`sir qiladi.
Onore de Balzak kofeni ichib ko`rgach, uning yanada xushta`mlarini izlab butun Parijni kezib chiqqan edi. Bir piyola kofe ichgach, Balzak shunday deb yozib qoldirgan: "Kofe fikrlarni tiniqlashtiradi. Xuddi buyuk armiyaning bataloni jang maydonida bo`lgani kabi". Biroq yozuvchi kofeni haddan tashqari ko`p ichadi. Shu sababli hayotining so`nggi yillarida qator qiyinchiliklarga duch keladi. Aytishlaricha, u kuniga 20 piyoladan ko`p kofe iste`mol qilar edi. Hisob-kitoblarga qaraganda u "Insoniyat komediyasi" asarini yozish vaqtida 15 000 piyoladan ortiq kofe ichgan.
Kofening Braziliyaga keltirilishi ham romantik voqealar bilan bog`liq bo`lgan. Voqea XVIII asrning birinchi yarmida bo`lib o`tgan. Ko`pgina fransuz koloniyalarida kofe daraxti o`sar edi. Lekin, ularni qattiq qo`riqlashardi. Kofe novdalarini olib chiqib ketishga urinish o`lim bilan jazolanardi. 1727-yilda Golland va Fransuz Gvianasi gubernatori o`zaro tortishib qolishadi. Ularni podpolkovnik Fransisko de Melo Palettni muammoni hal etish uchun Braziliyaga taklif etadi. U juda aqlli odam bo`lib, Fransuz Gvianasi gubernatori rafiqasining mehrini qozonadi. Ayol esa o`z sevgan kishisi uchun hamma narsaga tayyor edi. Braziliyada uyushtirilgan marosimda gubernatorning rafiqasi podpolkovnikka guldasta taqdim etadi. Gullar orasida kofe nihollari yashiringan edi. Bir ayol muhabbati tufayli kofe daraxtlari Braziliya zaminida o`sadigan bo`ldi.
Fransiya qiroli Lyudovig XV kofeni yoqtirgan. U hech kimga ishonmasdan o`zi uchun o`zi kofe tayyorlar edi.
Rossiyaga kofe Pyotr I sababli kirib kelgan. U bu ichimlikni Gollandiyaga qilgan sayohati vaqtida ilk bora ta`tib ko`rgan.
Rus malikasi Yekaterina II ham kofeni juda ishqibozi bo`lgan. Unga 5 piyola kofe tayyorlash uchun bir funtdan ko`p kofe solishar edi. Ertalab ichilgan kuchli kofe malikaga kun bo`yi tetiklik va ishchanlik qobiliyati bag`ishlab turardi.