MENI TUSHUNMAYSIZ
Bilsangiz, oshiqlar bo’lmaslar zolim,
Ayting, nechun mastman bir qultim maysiz?
Sira yulduzlarda emas xayolim,
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Tun-kun nigohingiz ko’zimdan oqar,
Mahzun siyratimni olovsiz yoqar.
Azoblar dilimga tosh bo’lib yog‘ar
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Bilaman osmonday dimog‘ingizni,
Kapalakka bergan sabog‘ingizni
Bir zum ko’tarmayin qabog‘ingizni,
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Ko’ksimda og‘riqlar qoyalar bo’lgan,
Qoyalar qop-qora soyalar bo’lgan,
Soyalar dardimga doyalar bo’lgan
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Kulguchingiz haqqi dilda ishq lim-lim.
Yovvoyi firoqqa emasman taslim,
Qandoq azob beray, axir, men Muslim,
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz
Qaroni ko’rganman, oqni taniyman,
Tekisda yurganman, chohni taniyman,
Sizni, o’zimni va Haqni taniyman,
Qachon tushunasiz, qachon bilasiz?..