 Siz ishi ko'p, vaqti tig'iz odamsiz. Tasavvur qiling, ishxonadan berilgan vazifani bajara olmay qoldingiz. Shunda, boshqalar u yoqda tursin, hatto o'zingiz ham "esi past, miyasi yo'q, xom kalla, besavod, zamondan orqada qolgan" degan yoqimsiz ta'riflar bilan o'zingizni so'kasiz. Yoki chuqur bilimdon, yuqori intellekt sohibi bo'lsangiz-u, xushmuomalalikdan biroz yiroq tursangiz, baribir ishingiz ko'ngildagidek bitmay, dilingiz xira bo'laveradi. Bunday noqulay vaziyatlarga tushmaslik uchun esa sohangizga doir bilimlarning o'zi bilangina kifoyalanib qolmay, haqiqiy professionalga xos bo'lgan qator xususiyatlarni o'zlashtirishingiz va zamonaviy dunyo tan oladigan etiket qoidalariga amal qilishingiz lozim.
Qo'l berib ko'rishish. Shariatda ayol kishining erkak bilan qo'l berib so'rashishi ayb sanalmasada, yaxshi qabul qilinmaydi. G'arb uchun bu oddiy hol. Ammo G'arb va Sharq tushunchalari hayotimizda aralashib ketgan hozirgi paytda ko'p erkak-ayollar bu borada nima to'g'ri-yu nima noto'g'riligini bilmay qolishmoqda. Aytish mumkinki, ish yuzasidan bo'ladigan uchrashuvlarda qo'l berib so'rashishning hech yomon joyi yo'q. Shunga qaramay, muhtaram erkaklar, ayol kishini noqulay vaziyatga solib qo'ymaslik uchun birinchi bo'lib qo'l uzatmang. Agarda ayolning o'zi sizga qo'l uzatsa, qo'l uchida emas, samimiy, iliq so'rashing.
Tarjimai hol yozish. Uni kompyuterda yozish kerak. Tayyor bo'lgan tarjimai holni A4 formatli oq qog'ozga chiqarasiz. qogozning bir burchagiga rasmingizni yopishtirib (3x4 hajmli, ishbilarmonlar kostyumida), ish taklif qilayotganlarga jo'natasiz. Kerak bo'lsa (hamma joyda ham talab qilinmaydi, shu sabab so'rab bilganingiz ma'qul), qisqa xat yozib (siyohli ruchkada), tarjimai holga ilova qilishingiz mumkin. Tarjimai holga to'liq ism-sharif, tug'ilgan vaqti, oilaviy sharoiti, yashash manzili, telefon va elektron pochta manzili kiritiladi. So'ng shu paytgacha o'qigan va ishlagan joylaringaz, egallagan lavozimlaringiz yilma-yil ko'rsatiladi; diplom(lar) olingan vaqti, raqami, qaysi chet tilini bilishingiz ham yoziladi. Ilovada qaysi lavozimga da'vogarligingizni bildirasiz.
Atrofingizda "to'g'ri" mayda-chuydalar bo'lsin. Sizga dastlabki baho aynan shularga qarab beriladi. Shu bois ukangizdan "o'g'irlab" olgan ruchka emas, sifatli yozuv qurolingiz bo'lsin. Sochingizga plastmassa, yaltir-yultir bezaklar emas, oddiy, ko'zga tashlanmaydigan taqinchoqlarni taqing. Qo'l soatining ham "brilliant" ko'zli, kapalak, ilon va boshqa bachkana shakllisini emas, xushbichim, siposini tanlang. Albatta yon daftarchangiz bo'lsin. Sumkani hamma yog'i butun, saranjom holda tuting.
Hech bo'lmasa bitta xorij tilida to'g'ri gapira oling. Universal varianti - rus va ingliz tili. Begona tilda oddiy ma'lumotlarni suhbatdoshga etkazish, umuman, erkin so'zlasha olish uchun bir yil kifoya qilar ekan. Faqat qunt bilan muntazam tarzda shug'ullanilsa, bas.
Tirnoqlaringizga e'tibor bering. Ishingiz ko'p va bo'sh vatstingiz deyarli yo'q bo'lishiga qaramay, albatta, manikyur qilib yuring. Negaki, haqiqiy ishbilarmon hamisha diqqat markazida bo'ladi, shu bois bu borada hech qanday bahona o'tmaydi. Ba'zilarning fikricha, ishbilarmon ayolning ishga hatto yuz pardozisiz kelishini kechirish mumkin, ammo manikyursiz yurishini zinhor kechirib bo'lmas ekan.
Zarur bo'lsa, qayta so'rang. Haqiqiy professionalni suhbat boshidayoq, berayotgan savollaridan aniqlab olish mumkin. Masalan: "Iltimos, ismingizni qaytaring, harfma-harf aytsangiz, yaxshiroq bo'lardi". U ism, manzil, raqamlarni qayta-qayta so'rashdan cho'chimaydi. Biron narsani bilmaslik yoki eshitmay qolishning hech yomon joyi yo'q. Yaxshisi, vaqtida - o'sha zahotiyoq so'rab oling, yo'qsa, ertaga bu xatoni to'g'rilash qimmatga tushishi mumkin.
Kechikkan paytingizda ogohlantirib qo'ying "Avtobus kechikib keldi, trolleybusning "shoxi" chiqib ketdi" kabi bahonalar professionallik sifatlaringizni yo'qqa chiqaradi. Kechikishingizga faqat o'zingaz aybdorsiz, atrofdagilarda o'zingizga ishonch uyg'ota bilish ham faqat va faqat sizning zimmangizda. Shuning uchun kechikkuday bo'lsangiz, boshqalarni ogohlantirib qo'yishga odatlaning. O'shanda kechikkaningiz sababini doston qilib o'tirishga hojat qolmaydi.
Ishbilarmonlar kostyumini tanlang Sohangizdan kelib chiqqan holda kiyining. Agar xonanda, dizayner, sportchi va shu kabi kasblarga aloqangiz bo'lmasa, ishga ishbilarmonlar kostyumida kelishingiz lozim bo'ladi. Ya'ni ayollarda uzunligi tizzagacha yoki undan to'rt enlik yuqori bo'lgan yubka va kostyum (etagi er supuradigan yubkali kostyum ishbilarmonlar libosi sanalmaydi), erkaklarda esa ixcham, klassik bichimdagi shim va kostyum bo'lishi zarur. Siz o'zingizga qaysi rang va bichim ko'proq yarashishini bilishingiz kerak. Zotan, noto'g'ri tanlangan kostyum sizning kayfiyatangiz va tashqi ko'rinishingizga salbiy ta'sir etishi mumkin. Erkaklar uchun alohida ogohlantirish - zinhor ishbilarmonlar kiyimi bilan oq paypoq kiymang.
Kundalik daftar tuting Professional hamisha bajarishi lozim bo'lgan yumushlar, borishi zarur bo'lgan uchrashuvlarning vaqti va joyini, telefon va manzilini kundalik daftariga yozib oladi. Va shu sababli u hech narsani yoddan chiqarmaydi (eslab qolish qobiliyati zo'r bo'lgani uchungina emas).
Kompyuterni o'rganing Hozirgi kunda zamonaviy odamni kompyutersiz tasavvur qilish mushkul. Haqiqiy professionaldan, qaysi ishga borishidan qatiy nazar, kompyuter bilimi talab qilinadi. "Wort"da matn terib, uni printerdan chiqarib olishni bilish etarli emas. Masalan, faylni arxivlash, skript, txt kabi atamalar sizga tanish bo'lmog'i lozim.
Tabassumingiz me'yorida bo'lsin Ko'pchilik chiroyli jilmayishni eplagani holda keyin yana jiddiy qiyofaga sezdirmay kirishni uddalay olmaydi. Atrofdagilarda yaxshi taassurot uyg'otaman, deb nuqul tishning oqini ko'rsataverish odam haqida "yengiltak ekan" degan noto'g'ri taassurot uyg'otishi mumkin.
Olam bilan aloqani uzmang Ya'ni uyali telefon yoki peyjerga ega bo'lishingiz kerak. Yoki qaerda, qachon va qaysi raqam orqali sizni topishlari mumkinligini ogohlantirib yuring. Bu nafaqat o'zingiz, balki firmangiz, mijozlaringiz, hatto karerangiz uchun ham muhimdir. Kim biladi, balki aynan o'sha daqiqalar hayotingizni o'zgartirib yuborar.
Hamkasblaringizning tug'ilgan kunini yodda tuting Agar boshliq bo'lsangiz, unda albatta kundalik daftarchangizga hamkasblaringizning tug'ilgan kunlari ro'yxatini kiritishingiz shart va ularni esdan chiqarishga haqqingiz yo'q.
Maoshingiz haqidagi savollarga javob bermang Hamkasblaringiz qiziqishmoqdami? Siringizni oshkor qilmang! Bu noo'rin savol, deb aql o'rgatishning ham hojati yo'q. Shunchaki, bu raqam faqat sizgagina tegishli ekanligini aytib o'ting. Maoshni uch sababga ko'ra hamkasblarga oshkor etmaslik lozim: agar maoshingiz yuqori bo'lsa, ular hasad qilishlari mumkin; kam bo'lsa, hamkasblaringiz ishdagi mavqeingiz o'zlari o'ylaganchalik baland emas ekan, deb hisoblashlari mumkin; yaxshi maosh olayotganingizni bilib olgan hasadgo'y hamkasblaringizdan biri esa (yoki bir nechtasi) boshliq bilan bo'ladigan biror suhbatda uni sizga qarshi qayrashi mumkin.
Rasmiy xat va ariza yozishni o'rganing O'ng tomonda adresat ko'rsatiladi (firmaning nomi, FIO), so'ng bir necha qator tashlab, xatni so'z boshidan yo'llanayotgan odamga "hurmatli..." degan murojaat bilan boshlaysiz. Keyin yana ikki qator tashlab, xat boshidan, maqsadingizni qisqa va lo'nda yoritasiz. Yana ikki qator tashlab, chapdan ism-familiyangiz, imzo va sanani qo'yasiz. Agar xatingizni "hurmatli..." deb boshlagan bo'lsangiz, uni "hurmat bilan..." deb tugallash shart emas. Qog'ozni ham, konvertni ham yuborilayotgan joyga qarab tanlash kerak: qog'ozda, konvert ustida hech qanday gullar, yurakchalar tasviri bo'lmasligi lozim.
Yaxshi dam - mehnatga hamdam Dam olish kunlari, tunda, mehnat ta'tili vaqtlarida charchoqni chiqarish kerak. Ish paytida ham o'n - o'n besh daqiqacha dam olish zarur. Yo'qsa, sizdan unumli va foydali ish kutib bo'lmaydi. Charchoq sabab ishlaringiz yurishmaydi. Bu esa, avvalo, sizning, qolaversa, hamkasb va yaqinlaringizning hayotini o'zgartirib yuborishi, turli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Vaqtida dam olsangiz, yangi g'oyalar paydo bo'ladi, natijada hayotga boshqacha nazar bilan yondoshadigan bo'lasiz.
Oldingizga aniq, maqsad qo'ying Bir yil, uch yo besh yil, bir umrni mo'ljallang. Chunki bundan qisqa muddatga qo'yilgan maqsadlar reja emas, ish vaqtini taqsimlash hisoblanadi. Biror arzirli maqsad bo'lgandagina vaqtni taqsimlashdan ma'no bo'ladi, shunday emasmi? Rivojlanish, biror cho'qqini egallash uchun esa, avvalo, maqsad muhim.
Tuzuvchi - Muhayyo Yo'ldosheva
|