“Otaning tavbasi “
“ Quloq sol, o’g’lim! Men bu gaplarni sen uxlab yotgan chog’ingda gapiryapman. Qo’lchalaring yonog’ing ostida turibdi, ipakday mayin sochlaring terlagan peshonangga yopishib qolibdi. Men xonangda yolg’iz o’zimman. Bir necha daqiqa oldin, kutubxonada mutolaa qilib o’tirganimda o’kinchning vazmin to’lqini meni g’arq qildi. Karavotchang oldida o’z ayblarimni anglagan holda keldim.
O’g’lim, mana nimalar haqida o’yladim: men senga o’zimning yomon kayfiyatimni o’tkazdim. Maktabga ketish uchun kiyinayotib yuzingni ho’l sochiq bilan artganing uchun urishdim. Poyafzlingni tozalamaganing uchun yana dakki berdim. Kiyimlaringdan birini polga tashlaganingda jahl bilan qichqirdim.
Nonushta ustida ham yana senga tirg’aldim: “ Choyni to’kibyubording.” “ Ovqatni ochko’zlik bilan yeding” “ Tirsagingni stolga qo’yib o’tirding.” “ Nonga sariyog’ni qalin surtding…”
Keyin sen o’ynagani chiqib ketayotib, ortingga o’girilding-da, “ hayr, dadajon” deb qo’lingni silkitding, men esa poezdga, shoshilayotgan edim, qovog’imni uyub, “yelkangni to’g’rila!” deb javob qaytardim.
Keyin, kun yakunida hammasi yana boshdan boshlandi. Yo’ldan uyga borayotib tizzalab o’tirgancha shashka o’ynayotganingni ko’rib qoldim. Paypoqlaring yirtiq edi. Men seni oldimga tushib uyga ketishga majburlab, o’rtoqlaring oldida mulzam qildim. “ Paypoq qimmat turadi, agar sen uni o’z pulingga sotib olganingda avaylagan bo’larding!” O’g’lim, tasavvur qilgin-a, buni senga otang aytayapti !
Esingdami, keyin sen men gazeta o’qib o’tirgan kutubxonaga ko’zlaringda mung bilan kirib kelding? Halaqit berganing uchun jahlim chiqib, gazeta ustidan senga ko’z tashlar ekanman, eshik oldida jur’atsizlanib to’xtab qolding. “ Nima kerak senga ?”- keskin so’radim.
Sen javob bermading , biroq otilib kelib, menga tashlanding va bo’ynimdan quchib – o’pa boshlading. Qo’llaring hudo qalbingga slogan va hatto mening sovuq munosabatlarim ham o’chirolmagan mehr bilan mahkam quchardi. So’ngra zinalardan oyog’ing uchida yurib yuqoriga chiqib ketding.
Shundan keyin, o’g’lim, gazeta qo’limdan tushib ketdi va meni dahshatli, ko’ngilni ozdiruvchi qo’rquv egallab oldi. Odatlarim meni ne ahvolga solib qo’ydi? Tirg’alish, adabni berish odati – sening murg’ak bolaliging uchun bergan mukofotim shu bo’ldi. Seni yaxshi ko’rmayman deb aytishim mumkin emas. Hamma gap shundaki, men yoshlikdan ko’p narsa talab qilar va senga o’z yoshim o’lchovi bilan o’lchar ekanman.
Sening xulq – atvoringda esa zo’r, ajoyib, samimiy xislatlar shu qadar ko’p. Sening mushtchadekkina yuraging shu qadar kattaki, uzoq tepaliklar ortida otayotgan tongga o’xshaydi. Bu sen uxlashga kirib ketayotib, meni o’pib xayrli tun tilash uchun quchog’imga otilganingda namoyon bo’ldi. Bugun hech narsa bu qadar katta ahamiyat kasb etmadi, o’g’lim. Men qorong’ida karovoting yoniga keldim va uyalganimcha qarshingda tiz cho’kdim!
Bu zaif tazarru. Men bilaman, uyg’onganingdan keyin aytsam, bu gaplarga sen tushunmasliging mumkin Ammo men ertaga haqiqiy ota bo’laman! Men sen bilan do’stlashaman, qiynalganingda qiynalaman, kulganingda kulaman. Jahldor so’zlar aytishga chog’langan tilimni tishlab olaman. “Axir г bola-ku!” degan jumlani kalimaday hamisha takrorlayman.