- Oyi, biroz tobim yo'qroq, bugun o'qishga borgim kelmayapdi, - dedim ertalab ishga ketayotgan onamga. - Voy nima bo'ldi, qaering og'riyapti? - peshonamni ushlab tashxis qo'yishga shoshdi onaginam. -
Yo'q, hech narsa biroz o'ng biqinim bilan belim og'riyapdi, xolos.
Kecha o'qishda biroz sinf xonalarini tozalagan edik, shunda urinib
qoldim shekilli.- Voy biram nozik-ey, shu qizingiz, - gapni hazilga burib qo'shildi opam, - darrov urinib ham qolibdilar. - Hechqisi yo'q, bugun biroz dam olay ertaga tuzalib qolaman, - dedim xavotirga tushgan onamni tinchlantirish uchun. Onam
uzun nasihatlaridan so'ng ishga, opam esa o'qishga ketishdi. Men esa
goh kuchayib goh tinayotgan og'riqqa e'tibor bermay uylarni
saranjomlashga tushdim. Ammo yaxshigina kasal bo'lgan ekanman shekilli,
bir zumda charchab qoldim. Biroz tin olishga o'rnimga yotdim. Uxlab
qolibman, tushimda shunaqangi go'zal joylarda yurgan emishmanki, naq
jannat deydi odam. Uyg'onganimda tush sababmi yoki boshqami o'zimni
juda yaxshi his qilardim. Kayfiyatim ham ko'tarinki. Ammo bu vaqtincha
tuzalish ekanligi keyin bilindi. Bir necha kun o'tdi hamki, tuzalish
o'rniga kasalim kuchaya boshladi. O'qishga umuman bora olmay qoldim.
Tez charchab, holdan toyadigan, birpasda ko'zim tinib ko'nglim behuzur
bo'ladigan bo'lib qoldi. Bundan battar xavotirga tushgan onam
shifokorga ko'rinishim kerakligini ta'kidlay boshladi. - Oyi, nima
qilasiz bosh og'riq qilib, o'tib ketadi, qonim kamayib ketgan bo'lsa
kerak, - deymanu, lekin o'zim ham biroz qo'rqa boshladim. Xavotirga
tushganim bejiz emas ekan. Qo'yarda qo'ymay oyim doktorga olib
bordilar, turli analizlardan so'ng ham kasalligim sababini bila
olishmadi. Endi kunim turli kasalxonalar-u, analiz topshirish bilan
o'tadigan bo'lib qoldi. - Opa, qonimni analizga olaverib-olaverib qoldirishmadi shekilli, - deyman kulib. Oxir oqibat tomografiyaga jo'natishdi. Doktor tomografiyadan so'ng onamga bir nimalar dediyu, - Sizni xonamda kutaman, deb xonasiga kirib ketdi. -
Sen uyga ketaver bolam, charchading. Men doktor bilan natijalar haqida
gaplashib olishim kerak ekan. Ortlaringdan men ham boraman, dedilar,
ammo ko'zlari xavotir uchqunlarini yashira olmadi. Biroz ko'nglimga
xijillik kirdi. - Yur, ko'nglim ozib ketdi bu kasalxonalar hididan, ketdik endi, - opam shunday deya, qo'llarimdan sudragudek qilib olib ketdi. Uyga
kelganimizga bir necha soat bo'ldi, ammo hali oyimdan darak yo'q.
Tinchlikmikin, nega kelmayapdilar? Hayolimga har xil be'mani fikrlar
o'rmalay boshladi. - Opa, oyim kelmayapdilar? Tinchlikmikin ishqilib? - Kelib qoladilar, nima oyim kichkina bolamidiki... ko'p xavotir olaverma. Shu
payt darvozadan oyim ko'rindilar. Ko'zlari yoshdan qizargan, ammo
mendan yuzlarini yashirishga harakat qilayapdilar. Darrov gap nimada
ekanligini tushundimu, tomog'im bir narsa tiqildi. Qanchalik
yig'lamaslikka harakat qilsam ham ko'zlarim yoshga to'ldi. Tomog'imni
achitgan narsa kattalasha boshladi go'yo. Oyim yugurib kelib meni
quchoqlab oldilar. - Ahvolim og'ir ekanmi? – dedim sekingina oyimni pinjiga suqular ekanman. -
Bolam, tuzalib ketasan, doktor aytdi... – dedilar, ammo shu payt
lablarini tishlaganlarini sezdim. Dadam olamdan o'tganlaridan beri
lablarini tishlashni odat qilganlar. Yig'lab yubormaslik uchun shunday
qiladilar. Ahvolimning kundan kunga jiddiylashayotganidan o'zim ham
og'ir xasta ekanimni bilar edimu, lekin buni tan olishga kuchim
etmasdi. Shu kundan keyin kasalxonalarga ko'chib o'tdim desam xato
bo'lmaydi. Turli kasallar, turli hayot, turli insonlar. Kasalxonada
tanishgan insoninga birinchi bergan savoling: - Sizni qaeringizda
kasal? - deb so'rash bo'larkan. Yonimda bir qiz yotardi, har 6 oyda bir
kelib ximiya terapiya olib ketarkan. Ximiya terapiyadan so'ng uning
yonida yotish mening azoblarimga o'n chandon azob qo'shardi. Uning
qiynalishini, ingrashini ko'rib qo'rqib ketardim. Sochlari to'kilib
ketgan, beto'xtov ko'ngli aynib, egani oshqozonida turmasdi. Lekin eng
og'iri kundan kunga mening kuyimda ado bo'layotgan, so'nib borayotgan
onamni ko'rish edi. Olgan muolajalarim foyda bermadi, endi menga
ham o'sha ximiyadan yuborishadigan bo'lishdi. Birinchi marta
sochlarimni tutam-tutam bo'lib to'kilayotganini ko'rganimda qo'rqib
ketdim. Kipriklarimning bitta bitta to'kilishi esa mening umidim
o'xshardi. Ammo inson har bir narsaga ko'nikkani kabi men ham
ko'nikdim. Faqat ko'nglim ag'darilishiga ko'nika olmasdim. Ovqatga
qaragim ham kelmas, ammo onamning menga tikilgan mo'ngli ko'zlarini
ko'rib eyishga majbur bo'lardim. So'nib qoldi onaginam... Mening
esa kundan kunga tuzalishga umid so'nib borardi. Yuragim tez ura
boshladi, shunchalar tez urardiki, guyo o'ziga berilgan vaqtni tezroq
bosib o'tsam deydi. O'rnimdan turib yura olmay qoldim. Doktor haq
bo'lib chiqmadi. Balki u adashgan, balki onamga taskin berishi uchun
meni tuzaladi degandir. Axir qanday qilib tuzalmaydi, qizingiz o'ladi,
deyishi mumkin. Hamshiralarning nigohlaridan achinish satrlarini
o'qiyman. Hammasini tushunaman, hammasini bilaman. Faqat ayta olmayman.
Kuch-madorim yo'q, charchadim. Yuragimni urishidan charchadim, olib
tashlang yuragimni!.. Yaqinlarim tikiladi, onajonim har doim yonimda.
Bir qadam ham jilmaydi. U ishonadi, tuzalaman. Ishonmaydi mening
o'limimga. Ammo men istayman, charchadim. Tomirlarimga qo'yilgan,
tanamning har bir katagini achitayotgan dori ham endi tanamga ketishdan
bosh tortadi. Tomirlarim ilma teshik bo'lib ketdi. Ichim dori darmonga
to'ldi, ammo Holiq istamasa dori shifo bo'la olmaydi. Ko'nikaman
o'limga. Kutaman uni. - Onajon, ayting ularga yuragimni
to'xtatishsin... – o'tinaman. Onam chiday olmaydi, chiqib ketadi
xonadan. Doktorlar esa sog' tomirimni topib dori qo'ya boshlashadi.
Mening yuragim og'riq uchun yaratilganmi? Yo'q, ular yuragimni
to'xtatishmoqchi emas, meni davolashmoqchi xolos. Ammo yuragim
shunchalar charchaganki, to'xtashni istaydi. Tanam birdan qaltiray
boshlaydi, shunday qaltiraydiki, 3-4 hamshira meni bosib turishga
harakat qilishadi. Doktorlarning baqiriqlarini eshitaman, hamma
yoqda yugur yugur. Yuragim go'yo so'nggi marraga shoshgandek tezroq va
tezroq ura boshlaydi. - Olib keling dorini, jo'natgan dorimiz sudorga berdi, - deydi kimdir. Onam yugurib kirdi. -
Chiqing opa, chiqing qo'limizdan kelganini qilamiz, - deya onamni
xonadan olib chiqib ketishadi. Ko'zlarim bilan uni kuzataman. U esa
mendan ko'zini uzmaydi, ko'zlarida umid. Bilmadim, bu soniya nega bunchalar uzun. Yillar kabi uzun, asrlar kabi uzun. -
Butun bir katta kasalxonada bitta dori bo'lmasa-ya, - xunobi chiqib
baqiradi doktor. Men esa parvoz qilaman, tanamdan chiqaman, yuragim
to'xtaydi. Tepadan turib kuzataman, vo ajab, shu menmi? Palatadagi
odamlar sekin-sekin tarqay boshlashadi. Men esa doktor ketidan
ergashaman. Onam, eshik tagidan mung'ayib, umid bilan kutib turgan
onaginam... - Nima bo'ldi, do'xtir, sudoragasi to'xtadimi?
So'zsiz
ham hammasi ma'lum bo'lsada, onam ishonmaydi. Qayta qayta so'ray
boshlaydi. Shunda doktorga qanchalik og'ir ekanligini tushunaman. -
Qo'limizdan kelganini qildik, ammo qizingizni berib qo'ydingiz opa,
bandalik... – oddiy, balki har kuni kinolarda eshitadigan so'zlarimiz.
Ammo uni eshitish, uni aytish qanchalar og'ir, qanchalar azobli. Onam
dod deydi, ishonmayman deydi-yu, mening oldimga yuguradi. Mening jonsiz
tanamni o'padi, qo'choqlaydi. - Bolaginam, Nilufarim... ishonmayman o'zingga kel, men nima qilaman bu dunyoda sensiz, - Oh onaginam, engillik topdim, taqdir shunday, qiynamang o'zingizni, ezilib ketayapman sizni ko'rib, onajon. Ammo u eshitmaydi. * * * -
Bandalik qo'shni, - Alloh sabr bersin sizga. Ko'p kuyinmang, oldingizda
yana bir qizingiz bor. Nilufarni umrini shunga bersin. - Ammo Nilufarim boshqacha edi, - o'kinadi ona. Yonida katta qizi yig'laydi. Nazarida ona mehri Nilufar bilan ketganday. Biladi,
Nilufar boshqacha edi. Birovni ko'nglini og'ritishdan qo'rqardi. Hamma
uni yaxshi ko'rardi. Hatto hazil qilib ham birovga qattiq gapirmagan.
Mana butun sinfdoshlariyu, kursdoshlari, hatto uni atigi bir bor
ko'rgan insonlar ham bugun janozasiga kelishgan. Hovliga odam
sig'maydi. - Onajon men ham axir sizning qizingizman, meni ham qizim deng, - yolvoradi qiz. Ona: -
Qizim, deya uni qo'chog'iga oldi-yu, ammo Nilufarni eslaydi. Jannat
guli Nilufar. Quchog'idagi qiz yodidan chiqadi, ketgisi keladi Nilufar
tomon. - Bunchalar chiroyli bo'lmasa, yuvintirib kafanlangandan
so'ng gul kabi chiroyli bo'ldi-ya, bunchalar nozik xuddi uxlab qolganga
o'xshaydi, - deydi Nilufarni ko'rgan ayollar. Amakilari dod soladi uni
ko'rib. Ona yig'laydi, uvvos tortib yig'laydi. Ha, u juda chiroyli bo'ldi, men ham yig'ladim, uni eslab-eslab yig'ladim. –
Madina opa, birovni xafa qilishga shunchalar qo'rqamanki, - ovozi
qo'log'im tagida yangraganday bo'ladi. Shiringina kulgusini,
qo'ng'iroqday ovozini eslab yig'ladim. - Bolam ko'p yig'lamang. Qiynaladi Nilufar, qiynamang uni. Bandalik bolam, hammamizning boshimizda bor. - Lekin meni tashlab ketdiii, uvillaydi ona. - Hech kimga bola qazosini ko'rsatmasin, - yoqasini ushlab qo'yadi ayol. Mana
uning o'limiga bir yilcha bo'lib qoldi. Ammo ona hali ham motamda, yo'q
ko'rinishi emas, qalbi aza tutmoqda. Siz ham bu hikoyani o'qiganingizda
Nilufarning haqqiga duo qilib qo'ying. *** - Latifa, bugun singling tushimga kiribdi, - deydi nonushta tayyorlayotgan qiziga ona. - Qanday tush ekan? - Nilufarim oldimga kelib: "Onajon men uchun buncha ko'p yig'ladingiz..”, - dedi. |
|