Oh, mening ortimdan ovvora onam, Bir parcha yuragi ming pora onam. Bir baloni ko'rib yorug' dunyoda, Toshkanni ko'rmagan bechora onam, Bolang bo'lib bir bor boshlab keldimmi, Endi men ham senga o'g'il bo'ldimmi!..
Garchi bisotingda "bayram" so'zi yo'q, Bilaman, kutasan sandal to'la cho'g', Menda yurak deganlarin o'zi yo'q: Men sovg'a bermagan qiz yo'q bu oqshom, Senga na gul berdim, na shirin kalom, Endi men ham senga o'g'ilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas, Yodingga tushsam goh yo'qlab tursang bas, Bolam, senga hamma qiladi xavas... Axir, mening dardim She'r emas faqat, Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat, Endi men ham senga o'g'ilmanmi, ayt?..
Sha'ningga she'r bitdim. U seni topsin, Poyingga tiz cho'kib, qo'lingni o'psin. Undan ham ulug'im borligin ko'rsin, Men uchun ham aziz holingni so'rsin, Sensiz g'arib ko'nglim ko'ngilmi, onam, Endi men ham senga o'g'ilmi, onam!..
Muhammad Yusuf
Yetmish yulduz yog'ilib, Yarim oycha to'lolmas, Yeti yanga yig'ilib, Bitta ona bo'lolmas, Ona tirik eshikka G'urbat yaqin yo'lolmas, Mening esa, bag'rim qon, Vayronaman onajon.
Garchi biz yosh, g'o'r edik, Siz bor - biz ham zo'r edik, Bir mayizni besh o'g'il Teng bo'lishib yer edik, Goh talashsak, haq so'zni Onam aytsin der edik, Tushmi endi u zamon, Hayronaman, onajon.
Tirik yursa volidang Toqqa kuching yetarkan, Onang o'lsa, boshingdan Oftob o'tib ketarkan, Jindekkina alam ham Tog'dek botib ketarkan, Ko'ksim to'la ming armon, To'lg'onaman, onajon.
Onasiz uy - oysiz tun Ekan endi o'ylasam, Qalbni o'rtar dardlarim, Qay birini so'ylasam? Sizsiz ko'cham befayz, Halovat yo'q uyda ham, Farishtasi tark etgan Ostonaman, onajon
O'zing uchun o'l yetim! O'rda ham men, qirda ham. Ko'ylagimda tugma yo'q, Tugma bo'lsa, kir -yoqam. To'rt yangamga qo'shilib Turtkilaydi to'rt og'am, O'z uyimda jonajon, Begonaman, onajon.
Ko'ngil o'zin tutingan Bir mehribon qo'msaydi, Dunyoda bir odamga Siring aytib bo'lsaydi, Onasizni do'sti ham, Dushmani ham aldaydi, Ayting axir, men kimga Ishonaman, onajon?.
Yo'qligingiz qadamda Turar shunday bilinib, Non yopmaysiz tonglari Menga kulcha ilinib, Sarg'ayarman sarg'aygan Rasmingizga termulib, Ziyo istab zor qaqshar Parvonaman, onajon.
Uy to'rida tolbeshik - Akam yotgan, men yotgan, Sherdek-sherdek kelbatli Besh o'g'ilga asqotgan, Qaytib kirib bo'lsaydi Bo'lardim jon deb qaytgan! Men bu joyni hammadan Qizg'onaman, onajon.
Yashayapman sharpadek Sezilmay goh, sezilib. Gohi ko'kka intilib, Gohi yerga egilib, Sog'inganda she'r yozib Yuraklarim ezilib - El ichra bir shoiri Devonaman, onajon
Muhammad Yusuf
IKKI QO‘RG‘ON
Onang ketsa savlatlaring ketgaydir, Otang ketsa davlatlaring ketgaydir. Shu ikkala qo‘rg‘oningdan ayrilsang, Manglaydagi zar xatlaring ketgaydir.
Otasi yo‘q cho‘lda qolgan giyohday, Onasi yo‘q rangi ro‘yi siyohday. Kimning agar qo‘rg‘onlari yiqilsa, To‘rt tomondan to‘rt ming ozor yetgaydir.
Nari borsa to‘rt yil kutar dildoring, O‘n yil kutar sadoqatli do‘st-yoring. Lekin otang sabr toshga aylanar, Onang qirq yil ko‘z yummayin kutgaydir.
Otang o‘lsa, o‘ldi dema hayot u, Ko‘ksingdagi so‘nmaydigan bayot u. Nogoh agar yo‘llaringda qoqilsang, Onang ruhi qo‘llaringdan tutgaydir.
Boshingga ish tushganida sinab ko‘r, G‘amingga g‘am qo‘shganida sinab ko‘r. Kimlaringdir sen deb ko‘z yosh yutar lek, Otang qilich, onang qonlar yutgaydir.
Shon-shuhrating ketsa ketar do‘stlaring, Mol-davlating ketsa ketar do‘stlaring. Otang-onang qolar senla, qolgani Shunchaki... ko‘changdan bir-bir o‘tgaydir.
Guljamol Asqarova
|