Главная » 2011»Апрель»23 » “Odnoklassniki” va “Vkontakte” bir-biriga qo‘shiladimi?
22:03
“Odnoklassniki” va “Vkontakte” bir-biriga qo‘shiladimi?
Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida Runetdagi ikki yirik ijtimoiy tarmoq – "Odnoklassniki” va "Vkontakte” saytlarining bir-biriga qo‘shilishi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq, "Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ining egasi sanalgan "Mail.Ru Group” xoldingi ushbu ma’lumotlarning to‘g‘riligini inkor etdi. Ma’lum bo‘lishicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan "RIF-2011” internet-forumida jurnalistlar "Mail.Ru Group” rahbari Dmitriy Grishinga bu ikki ijtimoiy tarmoqning qo‘shilishi to‘g‘risida savol berishgan va unga javoban Grishin "Bu ikki aktivlarning qo‘shilishi Rossiya internet-kompaniyalarining chet el kompaniyalari bilan kuchli raqobat qilishiga yordam beradi. Bu qo‘shilish amalga oshadimi, yo‘qmi – buni vaqt ko‘rsatadi”, deya javob bergan. "Vkontakte” matbuot xizmati ham biror kompaniya bilan qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu borada hech qanday muzokaralar bo‘lgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, "Mail.Ru Group” xoldingi 21-aprel kuni o‘z aktivlarini bitta ijtimoiy tarmoqqa yig‘ishi haqida ma’lum qilgan edi. Ayni paytda u "Odnoklassniki” hamda "Mail.ru” elektron pochta xizmatiga birlashtirilgan "MoyMir” ijtimoiy tarmoqlarining 100% aksiyasiga, "Vkontakte”ning esa 32,5% aksiyasiga egalik qilmoqda. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, "Mail.Ru Group” o‘zidagi mavjud opsionlarni realizatsiya qilish orqali "Vkontakte”dagi ulushini 40% gacha yetkazishni mo‘ljallamoqda. "Vkontakte” – Rossiyadagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq. Hozirgi kunda uning foydalanuvchilari soni 100 milliondan ortiq bo‘lib, ulardan 23 millioni servisdan har kuni foydalanishadi. "Odnoklassniki” esa o‘zining 20 milliondan ortiq foydalanuvchisi bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.