
Bugun "Men bu men” filmining prem'erasi bo'lib o'tdi. Rustam Sa'diyevning 6 yil ichidagi o'ninchi ijod mahsuli ham tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Tomoshobinlar orasida Manzura, Rayhon, Otabek Mutalxo'jayev kabi sevimli xonandalarga ham ko'zimiz tushdi. Yangi kinokartinaning barcha ijodkorlarini tanishtirishgach, film namoyishi boshlandi. Nazarimda, "Men bu men”ning har bir daqiqasi diqqatni jalb eta oldi. Rahim G'ofurov, Aziz hamda Muhabbat Ergashevalarning ijrosi qoyilmaqom tarzda kutib olinganini olqishlardan payqash qiyin emasdi. Bir filmda fantastika, melodrama, komediya kabi janrlarning uzviy bog'lay olgani rejissyorning yana bir mahorati bo'lsa kerak. "Men bu men” ham yig'latadi, ham kuldiradi, ham o'ylatadi... xullas, madaniy hordiq uchun bundan ortig'ini tasavvur qilolmadim. Bu fikrlar ushbu filmga axborot ko'magi bo'lganimiz uchun aytilayotgani yo'q. Aslo! Siz ham tomosha qiling, fikrimizga qaysidir ma'noda qo'shilishingizga ham ishonaman!
Prem'era keng ommaga namoyish qilingach, sevimli rejissyor Rustam Sa'diyev ijodiga maslakdosh va uning iste'dodiga cheksiz hurmatda bo'lgan kino san'ati vakillari "Uch chinor” restoranida afterpartyda mehmon bo'lishdi. Yig'ilganlar film mohiyati, kinokartina ijodkorlari haqida mulohazalar bildirishdi. Shuhrat Abbasov esa, o'zbek kinosi tarixida yana bir kuchli asar, hali ko'p yillar elimiz ma'naviyati uchun xizmat qilajak kinokartina yaratilgani haqida ta'kidladi!
(Suratda: Aziz, Nigina Yo'ldosheva, Manzura Yo'ldosheva, Jasur Xamroyev, Raxim Gofurov)
Rasmiy qism tugagach, o'yin-kulgu boshlandi! "Bunyod” guruhi qo'shiq kuyladi. Bugungi kunda bir-biriga anchayin raqobatchi bo'lib qolgan Adiz Rajabov, Ulug'bek Qodirov, Rahim G'ofurovlar hamda Muhabbat Ergasheva, Manzuralar shunday raqs mahoratlarini namoyish etishdiki, bunaqasi eksklyuziv bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmas! Buxorocha qo'shiqqa Said Muxtorning original raqsi esa mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Manzura so'zga chiqib, ayni paytda suratga tushayotgan yangi filmi – "Sevginator 2” haqida suratga olish maydonchalaridagi qiziq voqealarni obrazga kirib gapirib berib, davradigilarni yangi filmga qiziqtirib qo'ydi! So'ngra, xonandaning mega-xitlari fonogrammasiga ssenariynavis Shoira G`iyosova va bir necha yosh aktrisalar, hatto rejissyor Abduvohid G'aniyev ham Manzuraning mimikalariga taqlid qilib kuylashdi!
Xullas, hammasi ko'ngildagidek o'tdi. Tilagimiz esa, yaxshi filmlar yaratilaversin, shunday yaxshi kunlar bo'laversin! Unutilmas tabassum va ko'tarinki kayfiyat esa yorqin xotiraga aylanaversin!
|