
Kuzatayotganingizdek raqobat shiddat bilan rivojlanyapti. Ya’ni ancha oldin yo’q bo’lib ketganlar ham birdaniga ortga qaytishdi. Bu esa hatto katta san’at darg’alarida ham kuzatildi. Demak, endi yana shou-biznesda jo’shqinlik davri boshlanadi, shekilli...
Issiq...
 "Qiynalar qalbim”dan so’ng Lola yana qachon yangi qo’shiq aytar ekan, deb qiziqayotganlarni xonanda uncha ko’p kuttirmadi. Mana u qayiqchada o’tirvolib, "Kuydiradi, yondiradi” filmiga saundtrek sifatida kuylangan "Senga” nomli qo’shig’ini taqdim etdi. Xabar berganimizdek, u bu filmda Ulug’bek Qodirov bilan birga suratga tushgan. Lolaning ijrosi hozircha bizda unchalik ham katta qiziqish uyg’ota olmadi. Sababi, unda "Kelgindi kuyov”dagi obrazga kirishib ketganlikni ko’rmadik. Film haqida esa yaqin soatlarda batafsil o`qiysiz. Umuman olganda saundtrek yaxshi kuylangan va kadrlari ham o’zgacha.
Iliq...
 Davron Ergashevning "Kelinchak” qo’shig’i va klipi "Shinanayna yorim”dan so’ng jimib qolgan xonandani yana bir bor muxlislarga namoyish etdi. Shu o’rinda savol tug’iladi: Davron yangi guruh tuzdimi? Uning yonidagi qizlar kimlar? Har ikkala savolning javobi ma’lum bo’ldi. Bu shunchaki, yangi qo’shiq uchun hamkorlik. Ammo agar Davron shu qizlar jamoasiga prodyuserlik qilsa ham yaxshi bo’lar ekan. Hozir hamma prodyuserlikka qo’l urganda bunga hech kim ajablanmaydi ham. Negaki, qizlarning shou-biznesdagi shijoati yaqqol namoyon bo’lgan. Ha, aytgancha, nihoyat Davron bu klipda original tarzdagi libosda namoyon bo’ldi. Qora kostyum-shim unga juda yarashib tushibdi.
Issiq...
 Guli Asalxo’jayeva boplayapti. Har bir oyda bitta yangi qo’shiq va bitta klip. Rayhon bo’p keting-ye degimiz keldi. Albatta, chin aralash hazilimizni xonanda to’g’ri tushunadi. Shou-paradda yetakchilar qatoriga qo’shilish uchun bor kuchini sarflayotgan xonanda opasining o’rniga munosib davomchi bo’layotganini ham isbotlamoqda. Negadir, Mavluda Asalxo’jayeva sustlashib qoldi. Harakat qiling, Mavluda opa! Gulining "Bormi” qo’shig’i yaxshi chiqqanini muxlislar ham aytishdi. Klipi esa undan ham yaxshi chiqibdi. Murakkab tryuklar va mashaqqatli syujetlar unga anchagina mablag’ sarflanganini ham bildiradi. Kompyuter grafikasidan ham yaxshigina foydalanilgan.
Iliq...
Yoshlar qatorida ustoz san’atkor Rustam G’oyipov ham yana bir bor ko’rinish berdi. Bu haftaning eng qaynoq nuqtasi hisoblanadi. Xonandaning "Fig’on” nomli aslida biroz oldinroq kuylangan bo’lsa-da, unga yangicha ishlov berilib taqdim etilgani va Rustam G’oyipovning o’sha navqiron qiyofasi uning muxlislarini xursand qildi. O’tgan yilda kontsertlardagi tanaffuslarini ortga surib "Istiqlol” san’at saroyini yana zabt etgan san’atimiz darg’asi bu yil ham shu niyatda ekanligini ma’lum qildi.
Issiq...
"DAVR”GA QARSHI "UMMON” MAYDONGA CHIQDI!

Kutilmaganda poytaxt ko’chalarida "Bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan "Ummon” guruhining ham "Istiqlol” san’at saroyida konsert berishi haqidagi afishalarni ko’rib ko’pchilik hayratlanib qoldi. Ochig’i, bunga hayratlanmasa ham bo’ladi, negaki, bu guruh Tv va radiolarda "proma”ga e’tibor bermagan bo’lsa-da, qo’shiqlari oncha ommalashib ketgan va hattoki shuning natijasida ular "Turkiston” saroyida konsert ham berishgandi. Endi esa ular "Istiqlol” san’at saroyini tanlashdi. "Davr” guruhining konserti o’tganidan so’ng hammaning e’tibori "Ummon”ga qaratildi. "Bir kunda ikki mahaldan "Davr” konsert berganda biz berolmaymizmi”, degandik bo’ldi, ularning bu qarori.
Tanganing ikkinchi tomoni
Biz esa tanganing ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratishni lozim topdik. Aslida bu prodyuserlar kurashi emasmi? Axir "Davr”ga O’zbekiston xalq artisti G’ulomjon Yoqubovning ma’muri Abdumannop aka "Ummon”ga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, mashhur rassom va dekorator Baxtiyor To’rayev prodyuserlik qilyapti. Har ikkisining ham nomi shou-biznesda o’ziga xos ahamiyatga egaligini hisobga olsak, bu "jang” ularniki ekanligini ma’lum bo’ladi. Xullas, iyunning birinchi kunidan so’ng natija ma’lum bo’ladi. "Davr” va "Ummon” yoki Abdumannop aka va Baxtiyor To’rayev! Kuchlar tengmi?
|