Amerikalik mutaxassislar eng ko‘p ruhiy toliqish his qiluvchi kasb
egalari reytingini e’lon qildi. 21 ta kasb doirasida olib borilgan
so‘rovlardan ma’lum bo‘lishicha, ruhiy charchoq kasbning jismoniy
og‘ir-engilligiga bog‘liq emas ekan.
Ma’lum bo‘lishicha, 18-64 yoshlar oralig‘idagi ishchi xodimlar orasida
qariyalar va kasallarga g‘amxo‘rlik qilayotganlar hamda enagalar eng
ko‘p tushkunlikka tushadilar.
Keyingi
o‘rinlarda umumiy ovqatlanish markazlari xizmatchilari — ofitsiantlar,
oshpazlar va barmenlar turishadi. Ijtimoiy va sog‘liqni saqlash xizmat
vakillari ham bu borada boshqalardan qolishmas ekanlar.
Mutaxassislarning
fikricha, jismoniy toliqishdan kishilar kamdan-kam hollardagina ruhiy
stressga beriladilar. Organizm doimiy harakatdan so‘ng «butun
e’tiborini qayta tiklanish»ga qaratishi bilan ruhiy kechinmalar
faolligiga o‘rin qoldirmaydi. So‘rovlardan ma’lum bo‘lishicha, aqliy
mehnatdan ham hech kim nolimagan. Olimlar bu xulosaga ijodkorlar va
ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchilarning javoblaridan so‘ng
keldilar.
Inson xayolidagi fikrni o‘qiy oladigan
dastur
Vengriyalik tadqiqotchilar inson xayolidagi fikrni o‘qiy oladigan
dasturni yaratishdi. Budapesht universiteti texnologlari Laslo Loufer
hamda Bottian Nemet o‘yinchi kompyuterning qaysi tugmasini bosishini 2
soniya oldin aniqlab beradigan dastur ishlab chiqdilar.
«Deylet»ning xabariga ko‘ra, Leyns va Nemet o‘z izlanishlarini maxsus
ko‘rikdan o‘tkazishdi. Kompyuter o‘yinchilarining o‘yin davomidagi
yurak urishini, miya faoliyatini va teri xususiyatlarini nazorat qilib
turishdi.
Mutaxassislarning
fikricha, bu kabi texnologiya jamiyatda aviasozlik hamda tibbiyot
sohasida qo‘l kelishi mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, inson xayoliga
keladigan fikrni oldindan o‘qish dasturi ancha vaqtdan beri olib
borilmoqda. Faqat ko‘pgina qiyinchiliklardan so‘ng, bunga muvaffaq
bo‘lindi. Doktor Leynsning fikriga ko‘ra, bu izlanishlar natijasi shuni
ko‘rsatdiki, inson miyasidagi fikrni chindan ham o‘qish mumkin. Lekin,
u shuni ham qo‘shib qo‘ydiki, bunday dastur inson miyasidagi fikrlarni
to‘liq o‘qiy olishi uchun hali yana ancha vaqt kerak.