
Kundalik hayotimizda shunday narsalar borki, ularni bajarmasdan hayot kechirishning o'zi mumkin emas. Masalan, ovqatlanish, kiyinish va hakozolar. Biroq, ahamiyatsizdek tuyulgan, aslida zaruriyatdan ham zaruriyroq ba'zi bir taomillar, urf-odatlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Tasavvur eting, ertalab turganingizda derazadan mo'l-ko'l quyosh nuri tushib turibdi. U Sizning ovqatlanishingizga ham, kiyinishingizga ham zarracha aloqasi yo'q. Biroq, bu omil ruhingizni ko'tarib yuboradi, beixtiyor shodlanasiz, hayot ne'matlarining nechog'li qadr-qimmatli ekanligini anglaysiz. Tabiatning boshqacha manzaralari, olis-olis ufqlar, ekinzorlar, o'tlaqlar ham dilingizda g'alati, anglab bo'lmas his-tuyg'ularni uyg'otadi. Bu tuyg'ular sirli tuyulsa-da, ruhingizni yuksaltiradi. Siz jamiki mavjudodga, yorug' olamga, tabiatga shukronalar aytigingiz, odamlarga yaxshiliklar qilgingiz keladi. Ana shunday insoniy tuyg'ular-la bog'liq, hamisha, har qanday vaziyatda yaxshilikka undovchi udumlarimizdan biri kattaga hurmat, kichikka shavqatdir. Xalq og'zaki ijodida deysizmi, o'zaro suhbat-gurunglarda deysizmi, bu aqida hech qachon chetda qolmagan. Ma'lumki, yozma adabiyot ham insonlarning eng go'zal narsalarga ehtiyojian kelib chiqqan. Hikoyami u, she'rmi u-ehtiyoj farzandidir. Kattaga hurmat, kichikka shafqat hislariga tashnalik juda ko'p so'z san'atkorlariga turtki bergani ayon. Donishmand bobolarimiz, keksa kishilarga, ota-onaga, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug'larga, mahalla-guzar ahliga nisbatan hurmat , mehr-oqibat, shafqat, muhabbat tuyg'ularini yurakdan eng asl gavhar donasiday asrash to'g'isida maxsus tarbiyaviy risolalar bitganlar. Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Xojib, Mahmud Qoshg'ariy, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy singari ajdodlarimiz, bobolarimiz ijodiy merosining katta qismi mana shu chuqur insoniy mavzuga qaratilgan. Katta kishilar oldida odob saqlash, ularning gapi, o'giti, pand-nasihatlarini quloqqa olib, amal qilishning ma'nosi sirtdan qaragandagiga nisbatan juda keng va terndir. Chunki, yoshi ulug' odamlarning zimmasiga o'zlaridan oldin o'tgan ota-bobolarning katta ma'naviy zil yuki yuklatilgandir. Bu tabarruk inoniyat hayotining bardavomligini, uzluksizligini ta'minlovchi "yuk"ni qabul qilib olishning ham o'ziga yarasha odob-qoidasi bor. Kichikka shafqat ham bejiz emas, ula rhozirgi zamonni ham, o'tmishni ham kelajak avlodlar-la bog'lydilar. Ularga har qancha mehr, shafqat ozlik qiladi bu ma'suliyatli vazifaning oldida! Sizlarning o'zingizdan kichik bolalarga, ayniqsa qizchalarga hamishalik e'tiboringiz, mehribonchiligingiz, beminnat ko'magimgiz o'z eringizni, avlod-ajdodlarni nechog'li sevishingizni ham bildiradi. Kattalr orasida ham-o'zingizdan kishiklar o'rtasida ham ayrim nogiron, kasalmand kimsalar uchrashi mumkin. Ularga nisbatan nihoyatda ehtiyatkorlik bilan muomalada bo'lmoq talab etiladi. Munosabatingizning asosini izzat, saxovat, shafqat va mehr tashkil etishi kerak. Ayrim tengdoshlar o'zlaridan kichik va nogironlar uyoqda tursin, kaltabinlik bilan kattalarni, hatto o'z ota-onalarini ham mensimay, nazar-pisand qilmay qo'yadilar. O'zboshimchalik Yo'liga kiradilar. Avvalo ularning o'qishlari susayib, yomonlashadi. Chekish, ichish kabi yaramas odatlarni o'rganadilar. Bezorilik, kissavurlik, nashavandlikqiladilar. Oqibatda kelajak istiqboli, yuksak insoniy taqdir-a'moldan mahrum bo'ladilar. Ahloq tuzatish hibsxonalariga, qamoqxonalarga tushadilar. Siz shunday tengdoshlaringizning faoliyatinituzukroq tahlil qilib ko'radigan bo'lsangiz, engil-elpi hayotdan hech qanday maqsad-muddaosi bo'lmagan bolalar unday noma'quchiliklarga qo'l urishini bilib olasiz. O'z xatti-harakatlaringiz, xulq-atvoringiz bilan ularga ta'sir o'tkaza olsangiz, qalbingizda go'zal his-tuyg'ular yana baquvvat tomir otadi, yanada ko'proq ijobiy fazilatlarga ega bo'lasiz. Udumlarimizning mohiyatiga e'tibor beradigan bo'lsak, ularda hatto qora narsalardan ham yorug'lik qidirish, ularni ham to'g'ri yo'lga solish istagi yotganligiga guvoh bo'lasiz. Kattaga hurmat, kichikka shafqat aqidasiga tobelik, mutelik ruhiyati, tabiati, o'zidan kattaga, xususan hokim sinfga nisbatan bo'yin tovlamaslik, qaramlik, qullik ifodasi, deya tanqidiy nazar bilan qaraydiganlar ham uchraydi. Ayrimlar, hatto kattaning yuziga, ko'ziga tik qaramaslik, hurmat-odob saqlashni xurofat deb bilab, aksincha, yosh yigit-qiz qaddini g'oz tutishi, suhbatdoshining ko'ziga tik qarashi, ko'ngliga o'tirishmagan pand-nasihat, o'gitlarini keskin rad qilishi lozim, degan fikrdalar. Bunday mulohazalar bir tomonlamadir. Insonning xatti-harakati, gap-so'zi boshqa birovlarning diliga og'ir botmasligi kerak. Boyg'ozilik qilib yurish bilan hech narsa o'zgarib qolmaydi, aksincha, bu ba'zi birovlarga haqoratday tuyulib, ular hech qachon Sizga o'z dillarini ochishmaydi. Haqoratning katta-kichigi bo'lmaydi. Tarsaki bilan urasizmi, nojo'ya qilig'ingiz bilan g'ashiga tegasizmi-baribir, bu haqorat, ko'ngil og'ritishdir. Bu jihatdan qadim zamonlarda ko'pgina Sharq xalqlari tarixida kattaga hurmat, kichik va ojizlarga shafqat qonuniyati har bir kishining insoniy burchi sifatida qaralgan. Aks muomala esa g'ayriaxloqiy tushuncha sanalgan. Hurmat-izzat, e'zozlash, aziz tutish tuyg'usi nafaqat tirik odamlarga, balki dunyodan o'tgan marhumlarga nisbatan, hatto jon-jonivorlar, insonning rizqu nasibasi bo'lgan nonga, ilm-ma'rifat, madaniyat ramzi oq qog'ozga, tiriklik va hayot manbai suvga nisbatan ham keng qo'llanilgan. Izzat-hurmat nafaqat inson zotining tirikligida, balki u hayotdan ko'z yumganda ham saqlangan. Tirikligida odamlarga, jamiyatga, ilm-ma'rifatga, madaniyatga katta foyda etkazgan shaxslar vafotlaridan keyin ham chuqur hutmat-izzatga sazovor bo'lishgan. Ularning qabrlari aziz deb bilingan. Maqbaralar ko'tarilib, obodonlashtirilgan. Bot-bot ziyorat qilib turilgan. Chunki, u ham qachonlardir er yuzida ter to'kkan, zahmat chekkan. Aytaylik, biror daraxt ekkan, hovuz qazigan. O'z bola-chaqalari, yoru birodarlari, qarindosh-urug'lariga g'amxo'rlik ko'rsatgan. Insonning er yuzida yashab o'tgan umrinidan tashqari abadiyatga daxldor, hech qachon o'lmaydigan yana bir umri ham borki, shu sababli u dafn etilishi zamonoq unutilishga mahkum emas. Mayda, ojiz hasharotlarga, jonivorlarga mehribonlik ham ulug fazilatdir. Aqalli bir mushukka bo'lsang mehribon, Demak, salomatdir sendagi ibo, -deydi Xusrav Dehlaviy. Ota-bobolar yerga tushgan non parchasi, uvog'ini ohista olib, o'pib, yuz-ko'zlariga surtib, oyoq ostidan chekkaga, qushlar, it-mushuklar eb ketadigan joylarga ko'tarib qo'yishgan. Qog'ozga nisbatan ham shunday munosabatda bo'lib kelingan. Nonni, qog'ozni erga tashlash, uni bosib o'tish gunoh hisoblangan. Obi hayot hususida ham shuni aytishimiz mumkin. Kattadir-kichikdir suvga peshob qilsa, ulug' gunoh sanalib, ko'zi ko'r bo'lib qoladi, deya cho'chishgan. Qo'l, daryo, ariqlarning suvlari shu sababdan ham toza, musaffo, shirin bo'lgan. Izzat-hurmat odatida erkak kishining ayol zotiga munosabati alohida o'rin tutadi. Qadimdan ota-bobolarimiz yer yuzidagi barcha ezguliklar manbai, inson hayotining sarchashmasi bo'lgan ayol zotiga hamisha hurmat saqlab kelganlar. Xotin-qizlar ro'zg'or tashvishlari, kundalik turmush urunishlari uchun yugurib-elishdan xalos qilingan. Nozik jins sifatida har qanday og'r yumushdan saqlangan. Buviyu onaga, opa-singilga, amma-xolalarga zo'r hurmat bilan qaralgan. Ota- bobolar, erkaklar, yosh yigitlar-u, o'smir, o'spirinlar ayol zotining xizmatida kamarbasta bo'lishgan. Ona-ku tabaruk zot sanalib, bosgan izlari ko'zga surtilgan. Butun hayot davomida onani o'grintirmaslikka harakat qilingan. Onani farzand tomonidan savatga solib, boshga ko'tarib, etti marta Makkayu Madinaga olib borib, tavof qildirish, onaizorning farzand bshigi ustida bedor o'tkazgan bir kuniga teng tutilmagan. Onalardan keyingi opalarga hurmat-ehtiromni ayting. Amir Temur bobomiz Samarqandda yashagan opalarini jahon ayvonining qaysi puchmog'ida lashkar tortib yurishlariga qaramay, oy sayin yo'qlatib turganlar. Imkoni topildi deguncha, sovg'a-salomlar bilan ziyorat qilishni kanda qilmaganlar. Bobur Mirzo ham huddi shunday egachilari Xonzoda begimni yilning qaysi fasli bo'lishi-yu, yog'in-sochindan qat'I nazar, haftada bir bor ziyorat qilishni tark qilmaganlar… Asrlar davomida shaxslararo izzat-hurmat milatlararo diqqat-e'tiborga aylana bordi. O'zbek xalqimiz qo'n-qarindoshi - qozoq, qirg'iz, tojik, turkman, qoraqalpoq, ozarbayjon xalqariga nisbatan chuqur qo'shnichilik hurmat-izzatnisaqlab kelishdi. Bir-birlari ta'lim-tarbiya fani, madaniyatini boyitishdi. Insonning inson bo'lib etishuvchi uning yuragini qanday tuyg'ular band etganiga qarab belgilanadi. Hurmat, shafqat his-tuyg'ulari, ayniqsa, muborak sanlaib, hayotda kishiga juda ko'p yaxshiliklarni baxshida etadi. Bizning yashashdan murodimiz, hayotdan maqsadimiz ham shu-da!
|