Hindiston hukumati kadrlar masalasini hal etib ulgurmay, yana bir muammo yuzaga kela boshlaganini payqab qoldi.
Buni qarangki, abort oqibatida Hindiston har kuni yetti mingga yaqin
qizni yo‘qotayotgan ekan. Buyuk Britaniyaning "The Lancet” tibbiy
jurnali ma’lumotlarida keltirilishicha, so‘nggi 20 yil mobaynida
mamlakatda 10 millionga yaqin qiz chaqaloqlarga tug‘ilish nasib
etmagan. Xavotirga tushib qolgan hukumat qiz farzand ko‘rgan
oilalarga yordam puli ajratishga tayyorligini ma’lum qildi. Aytish
kerakki, bu shunchaki yordam puli emas. E’tibor bering, oilasida qiz
tug‘ilgan ota-onalarga domiy tarzda 15500 rupiygacha, taxminan 384
dollardan to‘lab borilishi rejalashtirilgan. Buning ustiga, agar qiz
bola 18 yoshida turmushga chiqmasa va maktabni yakunlasa, uning
oilasiga 100 ming rupiy, aniqrog‘i, 2500 ming dollar to‘lanadi.
Qolaversa, qiz voyaga yetgunga qadar, davlat oilaning sug‘urta
xarajatlarini qoplab boradi. Bu o‘rtacha 200 ming rupiy deganidir.
Ushbu dasturga bir yil davomida 100 million rupiy (2,5 million dollar)
sarflanishi va dotatsiya to‘lanadigan oilalar soni 100 mingdan oshishi
ko‘zda tutilgan. Hukumatning bunday katta mablag‘ni aynan
ushbu maqsadda sarf qilishiga sabab nima? Nega hindlar o‘z qizlaridan
voz kechayapti? Axir Hindistonda Xitoydagidek "Bir oilaga — bir
farzand” deyilmaydi. Odamlar bittagina bola ko‘raman o‘zi, degan
xayoldan yiroq. Gap shundaki, sharq mamlakatlaridagidek, Hindistonda
ham o‘g‘il bola oilaning bo‘lg‘usi boquvchisi hisoblansa-da,
boshqalardan farqli jihati — katta miqdordagi qalin puli Hindistonda
kuyov tomondan emas, aksincha, qiz tomondan talab qilinadi.
Hindiston hukumati tashvishiga sabab ham aynan shu. Oila byudjetini
nochor holga keltiradigan darajadagi to‘y sovg‘asi mamlakatda jinsiy
disbalans (ayollar va erkaklar sonidagi tafovut)ni yuzaga keltirishi
mumkin yoki allaqachon yuzaga keltirib bo‘lgan. Statistikaga
murojaat etiladigan bo‘lsa, Hindistonda har ming erkakka 927 nafar
ayol to‘g‘ri keladi. Vaholanki, dunyoda erkaklarga nisbatan ayollar
ko‘proq. Ularning nisbati 1000 ga 1050 atrofida. Agar kuniga yetti ming
nafar qizdan voz kechilaversa, vaqti kelib, qalin pulini talab qilishga
kelin ham qolmaydi-ku. Nahot, hind kuyovlarining insofga kelishi uchun
shunday fojea yuz berishi shart bo‘lsa.
|