Hamma tashqi ko‘rinishi haqida qayg‘uradi, chunki
ko‘pchilik tashqi ko‘rinishga qarab baho beriladi, deb o‘ylaydi.
Ruhshunoslarning ta’kidlashicha esa qancha ko‘p ko‘zguga tikilsak,
shuncha odamlarni o‘zimizdan itaramiz. Ko‘rinishiga qattiq e’tibor
bermaydigan odam eng go‘zal insondir. Ruhshunoslar g‘alati bir tajriba
o‘tkazishdi. Bir guruh ayol va erkaklarni matematika bo‘yicha imtihon
qilishdi. Ularga bir xil libos kiydirilganda, natijalar teng bo‘lgan.
Erkaklarni yarashmagan kiyimda yana bir bor
imtihon qilishganda esa ularning butun fikri tashqi ko‘rinishida
bo‘lganligi sababli ko‘p xato qilishgan. Ushbu maslahatlarga amal
qilsangiz, go‘zallik sizning doimiy do‘stingizga aylanadi:
- O‘zingizni go‘zallar bilan taqqoslamang. Shu vaqtgacha o‘zingizni
boshqalar bilan solishtirib, hech qanday natijaga erisholmaganingizni
tan oling. Ular tabiatning sizga o‘xshash bir noyob san’at asari.
- Boshqalar sizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymang. Agar yaqinlaringiz yo
do‘stingiz sizni chiroyli emassan, deb ishontirsa, boshingizni qotirib
o‘tirmang. Bu sizni boshqarish va hayotingizga aralashishning eng oson
va o‘ta tuban yo‘lidir.
- Hadeb o‘zingiz haqda o‘ylayvermang. Bu sizni o‘ta shafqatsiz qilib
qo‘yadi. Atrofingizdagilarga e’tibor bering, ularga ham qiziqib ko‘ring.
Do‘stlaringiz bilan uchrashing, ko‘proq odamlar bilan bo‘ling, shunda
haqiqatda o‘xshashi yo‘q ekaningizni anglaysiz.
- Tana bir vositadir. Undan yurish, raqsga tushish, ishlash uchun
foydalansa bo‘ladi. Sport bilan shug‘ullaning, suzishga qatnang, foydali
mahsulotlarni iste’mol qiling. Albatta, natijasini sezasiz.
- Ichki kosmetikadan foydalaning. Bema’ni xavotirlar, lug‘atingizdagi
"semiz”, "ozg‘in”, "xunuk” so‘zlaridan xalos bo‘ling. Ko‘rinishingizdan
tashqari bir dunyo fazilatlaringiz borligini unutmang.
- Hamma uchun samimiy bo‘ling. Ochiq ko‘ngilli ekaningiz ham
kiyimingiz, ham o‘zingizni tutishingizdan bilinib tursin. Moda orqasidan
quvish sizni battar odamlardan itaradi.
- Chiroy baxtli qilmaydi. Go‘zallar siz o‘ylagandek baxtli
bo‘lavermaydi. Yaxshilikka ishonish va intilish, odamlar bilan mustahkam
aloqa qilish insonni chinakam baxtli qiladi.
Ijtimoiy so‘rovlarning ko‘rsatishicha, baxtli odam — bu har
narsaning yaxshi tomonini ko‘ra oladigan odamdir. Qiyofangiz ichki
go‘zalligingizning aksi ekanini unutmang. Ichki ziyo va qalb harorati
go‘zallikning asl ismidir.
Gulgun SULTONOVA
|