Ko’ngilda uyg’onsa havvoyi tuyg’u, Ko’ndalang bo’ladi yo’lda burchimiz. Bizni ta’qib qilar hamisha qo’rquv, O’zimizga yetar faqat kuchimiz.
“Jon- shirin” deymizu, uni ayamay ro’para qilamiz ming bir azobga. Bu dunyo qolarkan bir kuni sig’may Biz o’qib ulg’aygan ertak kitobga.
“Hayotni sevamiz” deymizu goho, biz peshvoz chiqamiz unga tosh bilan. Tunlarni ranjitib, qolganda tanho Tonglar ottiramiz ko’zda yosh bilan.
Biz g’oyat sodiqmiz farzandlarimizga, Jonimiz hovuchlab yurishga shaymiz. Ularga atagan zarlarimizni, O’zimizdan ko’proq ayaymiz.
Unutganim yo’qdir garchi burchimni, Lek nima beroldim, onajon, sizga. O’z-o’zimga sarflab qo’yib kuchimni Holsizgina keldim huzuringizga.
Baribir umrimga ruhdir, daldadir – Ko’ngil quyoshining bitta parchasi. Insonni boshqarib turgan nuqtadir – Eng boqiy tushuncha – Burch tushunchasi.
|