
Beeline Uzbekistan aloqa operatori o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasida abonentlarni SMS-spamlar haqida ogohlantirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi paytlarda javob qo‘ng‘irog‘i, SMS-xabar yoki elektron xat olish maqsadida SMS-spamlar yuborish hollari tez-tez sodir bo‘lmoqda. Bunda firibgarlar abonentga ma’lum bir raqamga qo‘ng‘iroq qilishni so‘rab yoki bironta raqamga SMS jo‘natish orqali turli xizmatlardan (goroskop, qo‘shiq yuklab olish) foydalanish taklifi bilan SMS-xabar yuboradi.
Ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilish yoki SMS yuborish natijasida abonent shaxsiy ma’lumotlari, pul mablag‘laridan ayrilishi yoki mobil qurilma va kompyuteriga zararli dasturni yuklab olishi mumkin.
“Bunday SMS-xabar sizga ham jo‘natilsa, aslo ularga javob bermang”, — deyiladi “Bilayn” xabarida. Mobil operator xabarni darhol o‘chirib tashlashni tavsiya qilgan.
Postga fikr bildirgan abonentlarning ko‘pchiligi ushbu holatning ular bilan yuz berganini ta’kidlagan. Ularning ba’zilari “chuv tushib”, hisobidagi mablag‘idan ayrilganini yozgan bo‘lsa, yana bir foydalanuvchi ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng telefoni ishlamay qolganini qayd etgan.
|