
Ayol baxti nimada?- Bola emizib o’tirgan ayol dunyoda eng baxtli ayoldir. Darvozadan kirib kelayotgan erkak ayolning jufti emas, misli yo’q toleidir! Berilib ko’ylakcha tikayotgan, kuymalanib kulcha yopayotgan ayolning nazdida o’zidan saodatmandroq kishi yo’q. Ayol atrofidagilardan katta xarajat, ulkan fidoyilikni so’ramaydi: unga mehr bilan tikilib qo’ysangiz va " borliging qanday yaxshi-ya” degan lutfni bildirib qo’ysangiz bo’ldi. Ayol chor tarafga mehrini, mehnatini, husnini, jonini ayamay sochib boradi, ammo hargiz ta’na qilmaydi, qaytim so’ramaydi. U butun dunyo unga mukofot tutib tursa unga qaramasligi, uning sha’niga oltin haykallar o’rnatsalar sevinmasligi mumkin, ammo u yuraklarining o’rtasi bilan faqat juftidangina sovg’a kutadi, bitta taroqchalik bo’lsada e’tibor kutadi. Erkagining qo’lidan sovg’a olayotgan ayol, hayitlik olayotgan boladanda baxtiyordir! Ayoliga bitta durra yoyinki arzon kovush bo’lsa-da sovg’a qilgan erkak unga jahon bankini bergan kabi rizolik oladi. Uning ismi va mijozi ayol, uning baxti o’sha iqlimni asray bilishida. Dunyoga ayol bo’lib kelib, ayolday yashab o’tishida! Tani-joni sog’ bo’lsa, olov yoqadigan o’z o’chog’i, boshidan chakka o’tmaydigan o’z boshpanasi, bir kaft bo’lsa-da unga nenidir ilinib, unga intilib eshikdan kirib keladigan erkagi, qizdir, o’g’ildir, yoqasiga chirmashib turadigan bir jon parchasi bor bo’lsa, bo’ldi, ayolning vujudini to’ldirib, tindirib turadigan baxti shu! Alloh har bir ayolga shunday yashab o’tish imkonini bersin! Ayol ayol emas, ro’zg’or degan g’or ichida, oila atalgan dovulli, chaqinli fasl ichida, hamisha titrab turguvchi, shunda ham muattar bo’ylarini sochaverguvchi, to’rt tomonga egilib, bukilaverguvchi, ammo negadir hech sinmaguvchi bir guldir! Hargiz "kerak emassan” deya ko’rmang unga! "Kim bo’lib qolibsan?” deb yubormang! Qaddi niholi bilan poyingizga chaman fayzini to’shab turibdi, nogahonda tovoningiz bilan ezib qo’ymang uni! Sizning xatolarga to’la shu turishingizdan baxt kuyini yarataman deb qoshingizga keldi, uning yangroq torlarini uzib qo’ymang yana! "Men chiroylimasman” – desa, yolg’ondan bo’lsa-da, "undoq dema, oyimsan” – deng! "Sizni rozi qilolmayapman”-deb uqalansa, "yo’q, avval men sen rozi bo’ladigan ishlar qilay” –deya fidoyi ko’rsating o’zingizni! Uning dunyoga sig’mas baxti shu! Uning sizdan so’rab turgani shugina xolos! Shunday do’stlarim ayol o’zining asl bahosini bilmay o’tayotgan BUYUKLIKDIR…
Shahrukh khan (*_*)
|