«Alpomish» dostoni o‘zbek xalqining jahon xalqlari madaniy merosiga
qo‘shgan eng munosib javohirlaridan biridir. «Manas», «Kalevala», «Qirq
qiz», «Ramayana» deb atalmish turli millatlar og‘zaki ijodi namunalari
dunyo bo‘yicha inson badiiy tafakkuri ko‘lamining nodir asarlari
sifatida baholangan. O‘zbek xalqi bu sohada ham taqdir saxovatidan
bebahra qolmagan. Chunki turkiy xalqlarning o‘nga yaqin vakillarida
«Alpomish» bilan aloqador doston, ertak, afsona, rivoyatlar bo‘lsa,
ular orasida g‘oyaviy, badiiy jihatdan eng mukammali Fozil Yo‘ldosh
o‘g‘li ijro etgan nusxa deb tan olindi. O‘zbek folklorshunosligi
tarixini hech ikkilanmay mazkur dostonni o‘rganish bilan uzviy tasavvur
qilish mumkin: 1999 yili dostonning mingyilligini nishonlash bayrami
o‘tkazildi, matnini yozib olish boshlanganiga yuz yildan oshdi, tahlil
qilishga bag‘ishlangan asarlarni esa ko‘plab dissertatsiyalardan
tashqari, o‘nlab risolalar sifatida sanash mumkin. Qizig‘i shundaki,
har bir san'at turida san'atkorning mahoratini baholashga asos
bo‘ladigan o‘lchov bor. Masalan, musiqada «Nasrulloyi» kuyi,
xonandalikda «Chorgoh», «Ushshoq», «Girya» kuyi bilan aytiladigan
ashulalarni shular jumlasiga qo‘shish mumkin. Bulung‘ur,
Qo‘rg‘on, Xatirchi, keyinchalik Sherobod, Qamay dostonchilik
an'analarida esa, shoirning qadrini ko‘pincha «Alpomish»ni qay darajada
ustalik bilan ijro etishi belgilaydi. Yana shuni ham ta'kidlash
lozimki, bu shoirlar mahorati darajasi bir necha yo‘nalishlarda
sinovdan o‘tkaziladi. Xususan, avvalo, u so‘zga chechan, vaziyat
o‘zgarishi bilan doston matniga yangiliklarni qo‘shib keta oladigan
fazilatga ega bo‘lishi lozim. Ikkinchidan, dostondan oldin chalinadigan
kuylarni xalq sozandaligi talablariga mos ijro qilishi, dostondagi
she'riy misralarga mos kuy topishi, uchinchidan, ovozi ham
tinglovchilarga ma'qul kelishi kerak. Bundan tashqari, baxshi nasriy
o‘rinlarni o‘qishda tinglovchini jalb eta olishi, qolaversa, muomalasi,
odamlarning luqmasiga javobi, hatto husn nuri bilan atrofdagilarni rom
qilishi oddiy talablar mezoniga kiradi, desak, xato bo‘lmaydi. Xullas,
shoir yuqoridagi fazilatlarga ega holda «Alpomish»ni ijro etsa, el
nazariga tushadi. «Alpomish» dostoni faqat ijro jihatidan
emas, mazmun, g‘aroyib tasodifiy voqealar tasviri, qahramonlar
sarguzashtlari, hayotiy muammolarning qo‘yilishi bilan ham murakkabdir.
Masalan, bugungi kun ilm tarixida bir ayolning bir necha aka-ukalar
bilan bitta oilada bo‘lib turmush qurishi - poliandriya haqida
ma'lumotlar bor. Biz hozirgi paytda dostonning mohir ijrochisi Fozil
Yo‘ldosh o‘g‘li oila turmushining bu sistemasi haqida xabari bor-
yo‘qligi haqida biror aniq fikr bildira olmaymiz. Lekin ustozdan
o‘rganilgan matnga fidoyilik, ustozning fikrini ikki qilmaslik odati
Fozil otani doston aytishda bir necha marta alp aka-uka nomidan «...yo
birimizga teg, yo barimizga teg», - deyishga majbur qilgan. Insoniyat
tarixidagi minglab yillar oldin o‘tgan poliandriya oila sistemasi
belgisi qanday qilib «Alpomish»da saqlanib qoldi? Yana bir muhim tomon:
dostonda na Boysari(Barchinning otasi), na Barchin aka-uka alplarning
gaplariga ortiqcha asabiy munosabatda bo‘lishmaydi. Ularning gapini
oddiy maishiy hayotdagi holat sifatida qabul qiladilar. Xalqimizning
«Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur» degan hikmatli so‘zi
bor. Xo‘sh, «bir balosi bo‘lmasa», «Yo birimizga teg, yo barimizga
teg», - degan gap dostondan qanday qilib o‘rin oladi. O‘rin olganda
ham, bir marta emas, bir necha marta takrorlanadi. Ma'lum bo‘ladiki,
«Alpomish» dostonini ijro etish qanchalar mashaqqatli mehnat talab
qilsa, uni uqib eshitish ham, doston sifatidagi matnni o‘qish va
tushunish ham oson emas ekan. Ehtimol, shuning uchun ham
bundan rosa oltmish yil oldin o‘zbek xalq dostonlari haqida chuqur
ilmiy munosabat bildirilgan kitob «O‘zbek xalq qahramonlik eposi»da
V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifov «Alpomish»ning so‘nggi nusxada shoirlar
tahriridan o‘tishini XV-XVII asrlar bilan belgilasalar-da, undagi
urug‘, qabila bo‘lib yashash haqidagi dalillarni nisbatan avvalgi davr
ta'siri sifatida baholaydilar. Asarning o‘rta asrlardan avvalgi
ko‘rinishdagi nusxalari borligini esa qoraqalpoq, qozoq ijodkorlari
ijrolarida ham «o‘zbak» so‘zining qayta-qayta kelishi bilan
izohlaydilar. Hatto taniqli olimlarning ta'kidlashlariga ko‘ra,
«Alpomish»da yurtimiz tarixida patriarxal urug‘chilik munosabatlarining
tanazzuli va davlatning shakllanishidagi vaziyat aks etganligi ma'lum
bo‘ladi. Bu fikrlarni agar haqiqat deb qabul qilsak, dostonning vujudga
kelish tarixi yanada qadimgi zamonlarga borib taqaladi.
Dostonning tinglovchi e'tiborini o‘ziga jalb etuvchi nuqtasi dastlabki
voqealar bayonidan boshlanadi. Shoir qadimgi o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot
elida Dobonbiy, Alpinbiy, Boybo‘ri, Boysari biylar o‘tganini hikoya
qiladi. Demak, aka-uka Boybo‘ri va Boysarigacha Boysin-Qo‘ng‘irot
elatidagi hayot o‘z maromida kechgan. Bundan keyingi hayotda muayyan
o‘zgarishlar bo‘lishiga aka-ukada farzand yo‘qligi bilan tayyorgarlik
ko‘rilmoqda. Chunki xalqimizda uzoq kutilgan yoki Yaratgandan
tilab-tilab olingan farzand hamisha favqulodda yangiliklardan xabar
beruvchi omil sifatida baholanadi. Xalq bu farzandning dunyoga kelishi
zarurligini uqtirish uchun juda chiroyli badiiy vaziyatni o‘ylab
topgan. Chupron to‘yi mazkur holatning yechimiga aylanadi. Boybo‘ri va
Boysarini to‘yda o‘ta haqorat bilan kutib olishadi. Ularning oti
jilovini xizmatkorlar iltifot bilan olishmaydi. (Qashqadaryo,
Surxondaryo viloyatlarida to‘yga otda borgan mehmonning oti jilovini
xo‘jayindan olib maxsus tayyorlangan joyga bog‘lash va ulov oldiga beda
tashlash odati hozir ham saqlangan. Bu odatga amal qilmaslik ot egasiga
hurmatsizlik hisoblanadi.) Aka-ukaga dasturxonning poygagidan joy
tegadi. Oshning ham ketini tortishadi. Biylarning ko‘nglini
xushlashmaydi. Demak, bir yo‘sinda davom etib kelayotgan munosabatda
favqulodda portlash ro‘y berishi kutilmoqda. Haqiqatga chiday olmagan
aka-ukalarga endi farzandsizlik oqibatida dashnom toshlari otiladi: «Bu
to‘y o‘g‘illining o‘g‘lidan qaytadi, qizlining qizidan qaytadi, sening
nimangdan qaytadi?» - deydi chapanitob boyvachcha. E'tibor bering,
to‘yona sifatida beriladigan sakson tilla to‘ydagi bir lagan oshning
to‘loviga yaramadi. Elda yurtga osh berish qarzi faqat osh berish bilan
to‘lanadi. Buning uchun esa asosli sabab - yo o‘g‘ilga sunnat to‘yi
qilish, yo qiz uzatishda yurtga osh berib, to‘y xabarini e'lon qilish
shart. Dostonda farzand ko‘rish baxti har bir inson uchun
tangri in'omi ekani ham alohida ta'kidlanadi. Aka-ukalalarning
maslahatiga quloq solaylik: «Tortib olib bo‘lmasa, o‘g‘irlab olib
bo‘lmasa, sotib olib bo‘lmasa, Xudo bizga bermasa, qayoqdan qilamiz
taraddi?!». Mana shu o‘rinda islom dinidagi Yaratgandan
astoydil farzand tilash sharti namoyon bo‘ladi. Buning uchun avvalo
niyat, undan so‘ng nazr-niyoz berish va qirq kun ravzada tunash zarur.
Yana e'tibor beradigan holat ro‘yobga chiqmoqda: islom dinida insondagi
ruhiy, iqtisodiy, jismoniy harakat hamisha yuqori baholanadi.
Aka-ukalar ham ana shu o‘lchovga bo‘yin sunishga majburlar. Shunday
qilib, Boybo‘ri bilan Boysari farzand ko‘rish niyatini qilishdi,
Shohimardon pir ravzasiga nazr-niyozni olib, uch kun yo‘l yurib ravzaga
yetishdi. Shoirlar tarbiya ko‘rgan muhitda diniy e'tiqodning
chin yurakdan to‘la amalga oshirilishi talab etilgan. Ehtimol, shuning
uchun ham bir kam qirq kun deganda ravzadan ovoz keladi: «Yaratgan
xudolaring farzand bermayman, dedi». Bu ovozni eshitgandan so‘ng
aka-ukalar ravzadan chiqib ketishi mumkin edi. Yoki o‘ttiz to‘qqiz
kunni esga olmay, birato‘la qirq kun chilla o‘tirishlari ham mumkin
edi. Bizningcha, aynan niyatning to‘liq bajarilishi sharti shu lavha
orqali ta'kidlangandek bo‘ladi, ya'ni aka-uka ravzada to‘la qirq kun
o‘tirishga niyat qilganliklari uchun yana bir kun chidashga qaror
qiladilar. Qirqinchi kun esa vaziyat butunlay o‘zgaradi. Yana ovoz
keladi: «Boybo‘ri, senga xudoyim bir o‘g‘il, bir qiz berdi. Yolg‘iz
emas, egiz berdi; Boysari, senga xudoyim bir qiz berdi, egiz emas,
yolg‘iz berdi». Ma'lum bo‘ladiki, astoydil qilingan e'tiqod samarasiz
yakunlanmaydi. Xudodan chin dildan biror mushkulni oson qilish
so‘ralsa, ruhan iymon bilan harakat qilinsa, albatta, niyatga yetiladi.
Yuqorida qayd etilgan fikrlarimiz «Alpomish» dostonining
yaratilishida tabiiy faylasuflar, komil va alloma insonlar, hayot
tajribasiga ega keksalar, niyati pokiza insonlar ishtirok etganini
tasdiqlaydi. Shoir atrofidagi ijodiy muhit qahramonlik eposi namunasida
o‘zining mukammal ifodasini topganligiga dalil bo‘la oladi. Albatta,
dostonning yaratilishidagi shoirtabiat ijodkorlarning ham hissasi yo‘q
emasligini aytib o‘tmoqchimiz. Ravzadan kelgan sadoga diqqat qilsak,
unda «qiz», «egiz», «yolg‘iz» so‘zlari bir necha marta takrorlanganiga
guvoh bo‘lamiz. Har safar bu so‘zlarning ma'no ta'siri ham o‘zgacha
ifodalangan. Bunday badiiy kashfiyot xalqimiz orasida sonsiz, sanoqsiz
oliy darajadagi nomi ma'lum bo‘lmay qolgan shoirlar yashaganidan
dalolat beradi. Yuqorida dostondan keltirgan misolimizda yana
bir ibratli vaziyat aks etganini ham aytib o‘tish lozim deb o‘ylaymiz.
Boybo‘ri bilan Boysari yurtdagi eng obro‘li odamlardan edilar. Ammo
farzandsizlik haqida o‘z mulohazasini aytish uchun chapanitob
boybachchaga ulardagi bu obro‘ qarshilik qilolmadi. Ya'ni «Alpomish»
dostonida har bir inson istagan mustaqil fikrini aytish huquqiga ega
ekani alohida ta'kid bilan qayd etilgandek tuyuladi. Agar dostondagi
voqealar silsilasiga zehn bilan diqqat qilsak, bugungi kunda
demokratiya deb atalmish odamlarning tenghuquqliligi o‘z ifodasini
topganiga to‘la amin bo‘lamiz. Xususan, Boysari akasi tomonidan talab
qilingan zakot munosabati bilan Qo‘ng‘irotdan ko‘chmoqchi bo‘lganida
o‘n ming uyli qarindoshga murojaat etadi va oddiy fuqarolardan maslahat
so‘raydi. Bu kengashda so‘zga chiqqan Yartiboyga «To‘rdan joy tegmay,
piyoladan choy tegmay» yurar edi. Xuddi shunday vaziyat Qalmoq
elidagi alplardan Barchinni xotinlikka so‘rab sovchilar kelganida ham
ro‘y beradi. Shuningdek, Barchin yigitlar tomonidan sovchilik
munosabatlari bildirilganda, u shartini hammaga bir xil talab qo‘yib
e'lon qiladi va o‘zidek oliy martabali qizga uylanishi uchun har bir
mard, chavandoz, mergan, polvon yigit haqli ekanini ko‘rsatadi. (Yana
alohida ko‘rsatib o‘tish mumkinki, qo‘yilgan shartlarni bajarishda
faqat Alpomishgina g‘olib kelishiga qizning ishonchi ham komil edi,
undan ko‘ngli to‘q edi, ammo odamlar ko‘ziga o‘zini xolis ko‘rsatishga
urinardi.) Alpomish dostonini e'tibor bilan o‘qir ekanmiz,
shoir tomonidan aytilgan har bir ma'lumot tinglovchiga, bugungi
vaziyatda o‘quvchiga jamiyat haqida muayyan xabar berayotgandek
bo‘ladi. Bir-ikki misolga murojaat qilaylik. Hakimbek yetti yoshga
yetganida Alpinbiy bobosidan qolgan o‘n to‘rt botmon birichdan bo‘lgan
parli yoyidan o‘q uzib Asqar tog‘ining cho‘qqilarini uchirib yuboradi.
O‘zbek tili izohli lug‘atida bir botmon yurtimizda har xil o‘lchovga
ega ekani va ikki puddan o‘n bir pudgacha og‘irligi ko‘rsatilgan. Bu
hisobdan kelib chiqsak, Hakimbek ko‘targan yoy eng kam hisob bilan 224
kilogrammni tashkil etadi. Tabiiyki, bunday og‘ir yoyni otish
darajasida inson bandasi ko‘tara olmaydi. Lekin gap yoyni jismoniy kuch
bilan ko‘tarish haqida borayotgani yo‘q. Shoir Hakimbekning yoyni
ko‘tarishda ma'naviy huquqqa ega ekanini ta'kidlamoqchi. Alpinbiy
Qo‘ng‘irot elida yirik bir davlatni vujudga keltirish rejasi bilan
yashagan. Yoy turkiy xalqlarda hokimlik nishonasi hisoblanadi. O‘q esa
tobe'lik belgisidir. Hakimbek uzoq kutib, tilab olingan farzand
sifatida ota-bobolari yashayotgan jamiyatda yangi tuzum - davlat
boshqarishini amalga oshirish imkoniga ega. Bu haqda filologiya fanlari
doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, ilmiy faoliyatining
salmoqli davrini «Alpomish» dostonini o‘rganishga bag‘ishlagan
professor Muhammadnodir Saidov ham asosli fikrlar bildirgan edilar.
Ma'lum bo‘ladiki, yoyga ega bo‘lish, o‘q uzib Asqar tog‘ining
cho‘qqilarini uchirish dostondagi keyingi voqealardan kelib chiqadigan
«zakot»ga tayyorgarlik ko‘rish edi, xolos. Haqiqatan ham dostondagi
zakot biz bugungi kunda tushunadigan islomiy tushuncha emas. Balki,
davlat tomonidan fuqarolar zimmasiga yuklatiladigan daromad solig‘i
ma'nosini beradi. Boybo‘ri o‘ylaydi: «Men o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot
elining ham boyi bo‘lsam, ham shoyi bo‘lsam, men kimga zakot beraman».
Agar ko‘pchilik kitobxonlar o‘ylaganidek, «zakot» so‘zida islomiy ma'no
bo‘lganida, Boybo‘ri «men zakotni kimga beraman», - deb xayol qilmas
edi. Chunki odatda zakot iqtisodiy qiynalgan odamlarga beriladi.
Boybo‘ri fikr qilgan zakot aynan davlat tomonidan belgilanishini
nazarda tutsak, dostondagi o‘lchov ham izohini topadi. Chunki Boybo‘ri
ukasidan zakot uchun bitta uloq so‘ramoqda. Hech ikkilanmay aytish
mumkinki, aka ukasidan istagan miqdorda qo‘y, ot yoki boshqa qimmatbaho
narsani shunchaki so‘raganida, ukasi Qalmoq yurtiga ko‘chib ketadigan
darajada xafa bo‘lmas edi. Boybo‘ri undan aynan «zakot» deb so‘ragani
uchun «Akamiz o‘g‘illi kishi bo‘lib, darrov bizning molimizni zakot
qiladigan bo‘libdi-da!» deb hisob yuritishi bejiz emas. Professor
M.Saidov bu lavhada davlat tuzumining paydo bo‘layotganini alohida
ta'kidlagan. Taniqli olimlar V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifov o‘zlarining
1947 yili Moskvada nashr etilgan «O‘zbek xalq qahramonlik
eposi»(«Uzbekskiy narodnыy geroicheskiy epos») kitobida ham «zakot»
so‘zidan kelib chiqib, dostonda patriarxal-urug‘chilik tuzumining
yemirilishi va davlatchilikning tug‘ilishi haqida fikr yuritilganini
qayd etishgan. Doston matnidagi keyingi voqealar: Boysarining
ko‘chishi, Alpomishning Barchinning shartlarini bajarishi, ko‘chgan
elni o‘z yurtiga qaytarishi, ikkinchi safarida Qalmoqshohni mag‘lub
qilishi - hammasi Qo‘ng‘irot elida davlatning paydo bo‘lishini
dalillaydi. Hatto Yodgorning Alpomishdan qolgan yoyni ko‘tara olmay
faqat sudrashga kuchi yetgani ham, bizningcha, shu fikrning dalili
hisoblanadi. Yetti yil zindonda yotgan Alpomish o‘z vataniga Qultoy
qiyofasida qaytishni ma'qul ko‘radi. Ko‘pchilik uni o‘lgan deb
hisoblardi. Uning o‘g‘li Yodgor yetti yoshda edi. Endi yoyni ko‘tarish
navbati Yodgorga keladi. Ammo shoir Yodgorning yoyni yerdan to‘liq
ko‘tarib olganini, ustiga ustak, undan o‘q o‘zganini tasvirlamaydi.
Ko‘p o‘rinda «tortib» so‘zi qo‘llanadi. Lavha oxirida esa: O‘n to‘rt botmon parli yoyni sudirab, Kelib qoldi Qo‘ng‘irot darvozasiga, - deyiladi.
Xo‘sh, nega Hakimbek yetti yoshida o‘n to‘rt botmon yoyni ko‘tarib,
undan o‘q uzib tog‘ cho‘qqilarini uchirib yubordi-yu, Yodgor bu ishni
qila olmadi. Chunki Yodgor, o‘z navbatida, Hakimbekning merosxo‘ri
bo‘lsa-da, hali Hakimbek tirik edi. Uning davlatni boshqarish huquqi
to‘la tasdiqlanmagan edi. Shuning uchun ham Yodgor yoydan mutloq
foydalana olishi mumkin bo‘lmadi. Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi.
Nima uchun yetti yil zindonda yotgan Alpomish yurtiga qaytganida
Qultoyning oldiga kelib o‘zini tanitadi, ammo o‘z uyiga Qultoy
qiyofasida borishga qaror qiladi? Gap shundaki, har bir rahbar,
yurtning issiq-sovug‘iga mas'ul odam qaramog‘idagi odamlarning o‘ziga
bo‘lgan munosabatini ikkinchi shaxsdan bilishi turli chalkashliklarga,
noaniq ma'lumotlarga sabab bo‘ladi. Alpomish o‘zi chiqib ketgan
Qo‘ng‘irot ahvolini bevosita o‘zi bilishga ahd qiladi. Aynan shundagina
u do‘st va dushmanni aniq ajratish imkoniga ega bo‘ladi.
«Alpomish» dostonidagi har bir ma'lumotni alohida e'tibor bilan qabul
qilishga o‘rganishimiz kerak. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan yozib olingan
matnda yechimini topishi lozim bo‘lgan lavhalar yetarli. Jumladan, har
bir zamonda hayotda ro‘y berayotgan voqealarga, o‘zgarishlarga keksa
avlod va yosh avlod o‘z o‘lchovi bilan yondashadi. Ko‘pincha otalarga
kelajak avloddagi ko‘p xususiyatlar ma'qul bo‘lavermaydi. Bu an'ana
yuzlab yillar davomida jamiyat taraqqiyotida aniq kuzatilmoqda. Buni
qarangki, «Alpomish» dostonida ham xuddi shunga o‘xshagan holatga guvoh
bo‘lamiz. O‘zingiz fikr yuritib ko‘ring: Hakimbek bilan Boybo‘ri
qatnashgan suhbatda zakot muammosi paydo bo‘ladi. Boybo‘ri bilan
Boysari o‘rtasidagi nizo zakotdan boshlanadi. Agar Boybo‘ri zakotning
bu qadar yechimi og‘ir muammo ekanini dastlab bilganida, tinchgina
hayotni loyqalatishga jur'at etmasdi. Aslini olganda, Alpomish yorug‘
dunyoga mana shu zakotni o‘ylab topish uchun kelgan. Boysari esa,
keksalar vakili sifatida zakotni ma'qul ko‘rmaydi: u uka bo‘lsa ham
o‘zini Boybo‘riga teng deb biladi. Zakot bu huquqdan uni ayirmoqchi.
Nafsoniyati toptalgan deb hisoblagan Boysari Qalmoq yurtiga
ko‘chmoqchi. Qizig‘i shundaki, o‘n ming uyli qarindoshdan bironta odam
Boysariga e'tiroz bildirmaydi. Faqat Barchin onasiga: Xo‘ja kelsa chiqar murid naziri, Xotin bo‘lmasmikan erning vaziri?! Er deganning aqlin olmas bo‘lurmi, Aldab-aldab yo‘lga solmas bo‘lurmi, Biy otamman biy boboma na bo‘ldi, -
deb hijratga qarshi chiqadi. Shunday qilib, Barchin o‘zining Alpomish
tarafida ekanini ko‘rsatadi. Bu vaziyat dostonning boshlanishida qayd
etilgani bilan shoirning esidan chiqib ketmaydi. Barchin o‘zga yurtdan
Hakimbekdan o‘zini qalmoqlardan qutqarishni so‘rab xat yozganida
Boybo‘ri endi otalar avlodidan ekanini tan oladi. U xatni sandiqqa
yashiradi va xat olib kelgan karvonga bu haqda hech kimga og‘iz
ochmaslikni tayinlaydi. Ammo taqdir o‘z hukmini bu yerda ham o‘tkazadi:
xatni sandiqdan Qaldirg‘och topib oladi va akasini safarga otlantiradi.
Dostonni o‘qir ekanmiz, yana o‘ziga xos badiiy kashfiyot guvohiga
aylanamiz. Endi Hakimbekning o‘zi ham Barchinoy oldiga butun vujudi
bilan oshiqmayotgandek ko‘rinadi bizga. Badiiy kashfiyotning mohiyati
ham shundaki, bu bahona bilan dostondagi harakat sur'atini Qaldirg‘och
tezlatadi. U akasiga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib Barchinoyni olib kelishga
undaydi. Hatto Hakimbekning or-nomusini, yigitlik g‘ururini ham o‘rtaga
qo‘yadi. Natijada biz «zakot» tushunchasi bilan birlashgan uch yoshni
yangilik tarafdorlari sifatida baholash uchun asosga ega bo‘lamiz:
Hakimbek zakotni o‘ylab topdi; Barchinoy otasining zakot uchun o‘zga
yurtga ko‘chishini ma'qul ko‘rmadi; Qaldirg‘och esa, akasini Barchinoy
huzuriga borishga da'vat etdi. Ya'ni akasi Barchinoyga uylansa,
ko‘chgan elni ham yurtiga qaytaradi va u eldan zakot olishni ham
asoslaydi. «Alpomish» dostonida olimlarni ham o‘ylantiradigan,
asosli ilmiy izohlarni talab qiladigan yana bir muammo Qalmoq elidagi
yurtni boshqarish sistemasi hisoblanadi. Avvalo, qo‘ng‘irotliklar
qalmoqlar ekkan bug‘doyni o‘t hisoblab chorvani don unayotgan dalaga
o‘tlagani qo‘yib yuboradilar. Yer egalari kelgindi ko‘chmanchilar
dastidan shikoyat qilib Toychixon oldiga boradilar. Voqeani to‘la
o‘rganib chiqqan Toychi yer egalarini payhon bo‘lgan yerlari hisobiga
yillik soliqdan ozod qiladi. Demak, Qalmoq yurtida zakot bor ekan-da.
Undan tashqari, bu yerda qalmoqshohni tashqi dushmandan himoya
qiladigan to‘qson alp ham xizmatda edi. Bu alplar yoyandoz, mergan,
temirdan sovut kiygan edilar. Boysin-Qo‘ng‘irotda esa bunday vazifani
bajaruvchilar haqida dostonda ma'lumot berilmaydi. Yana bir
qiziq ma'lumot. Qalmoqshohning qizi Tovka Yangibozor deb atalgan
bozorda raislik vazifasini bajaradi: qirqta kanizi bilan bozor
rastalarini nazorat qiladi. Bazzozlikni tergaydi, qalami, ya'ni gazmol
sotiladigan rastaga kelib qalamini o‘lchab ko‘radi, o‘lchovdan
qochganga tashvish beradi(jazolaydi), qassoblikdagi toshlarni
tekshiradi, «toshi yengil chiqsa, ta'zir beradi» va hokazolar.
Vaholanki, bu g‘aroyib tartiblar Alpomish yurtida ko‘zga tashlanmaydi.
Ana endi haqiqiy ma'noda chigal vaziyatga duch kelamiz. Chunki
qalmoqlar yashaydigan yurtda ijtimoiy hayot Boysin-Qo‘ng‘irotdagidan
dostonda yuqori holatda ifodalanadi. «Alpomish» dostoni yuzasidan ilmiy
kuzatish ishlarini olib borgan tadqiqotchilar bu haqda aniq bir
xulosaga kelmaganlar. Xullas, «Alpomish» dostoni xalq
qahramonlik eposining yorqin namunasi bo‘lib, o‘zida o‘zbek xalqining
avvallari turkiy qavmlar qatorida shakllanganini, keyinchalik alohida
xalq sifatida rivoj topganini ifodalashi bilan qimmatlidir. Hech
ikkilanmay aytish mumkinki, dostonda o‘zbekning tarixi haqiqiy ma'noda
o‘zining badiiy aksini topgan. Adabiyot o‘qituvchisi doston yuzasidan
o‘quvchilarga ma'lumot berishda dostonning bu xislatini nazarda tutib
dars o‘tishi o‘quvchilar e'tiborini dostonga jalb etishda muhim
ahamiyatga ega.
|