Abdulla Oripov KETMOQDAMAN Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman, Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman. Na ishonchu na quvonchu na ko'ngildan gapni och, Barchasidan ushbu kun yo'qdir samar, ketmoqdaman. Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak, Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman. Necha kunlar o'tdi, lekin so'rmading holimni bir, Oxirida hol so'rab kelsang magar, ketmoqdaman. Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar, Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman. Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo, Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman. Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman, Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman. Na ishonchu na quvonchu na ko'ngildan gapni och, Barchasidan ushbu kun yo'qdir samar, ketmoqdaman. Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak, Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman. Necha kunlar o'tdi, lekin so'rmading holimni bir, Oxirida hol so'rab kelsang magar, ketmoqdaman. Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar, Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman. Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo, Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman. Muttasil bu yo'lda keladi to'qnash, Nur bilan zulumot, o'lim va hayot. Bu ko'prik olamning o'ziga o'xshash, Bir farqi - sohibi ixtiyorsiz zot. Tush kurdim, Tushimda bir dengiz emish, Tulqinlar sapchirmishmoviy osmonga, Manzil yiroq emish, Ufq so'ngsiz emish, Bir kema borarmish o'sha tomonga. Uning sahnasida jami do'st-yoron, Umirlik do'stlarni ko'rgan emishman. Jannat xayoliday davrada shodon Men ham qah-qah urib turganemishman. * * * G'anim bo'lolmasmiz ikkimiz sira, Do'st ham bo'lolmasmiz balki hech qachon. Balki emasdirsan sen ham bokira, Balki emasdirman men ham pokdomon. Ikkimiz uchun ham yolg'iz shu oftob, Ikkimiz uchun ham yagona zamin. Men ham sening uchun bitmadim kitob, Sen ham shuhratimni etmassan ta'min. Kimga nima kerak? Nechun soxta shon? Nechun mangulikdan behuda talab? Axir ikkimiz ham so'ng manzil tomon Ketmasmiz dunyoning yukin orqalab. ONAJON Onam Turdi Erdona Karvon qizi xotirasiga I Necha kunki yo'q oromim Kelolmayman hushimga. Onajonim kechalari Kirib chiqar tushimga. Qo'llarida oq elpug'ich Oy nurida yaltirar. Onajonim imlab meni Qoshlariga chaqirar. Keltirarlar goho beshik Ko'zlarida hayajon. Yotar payting bo'ldi-ku der, Kela qol, der, bolajon. Qaylargadir yuguraman, Fig'onimdan chiqar dud. Yig'lama, deb qo'llarimga Tutqazarlar so'ng tobut. Tongda ruhsiz ko'z ochaman, Qovurilar tanda jon. Onajonim, bunday qilma, Bunday qilma, onajon. Axir o'zing der eding-ku, Silab o'ksuk boshimni: - Endi senga bersin umr, Senga bersin yoshimni. Afsus, o'zing erta ketding, Erta ketding olamdan. Ukalarim bag'rim ezar, Ajradik deb onamdan. Bevaqt xazon bo'lmay har kim Yoshab o'tsin dunyoda. Onajonim, har kim oshin Oshab o'tsin dunyoda. Garchi fano har kimsaga Azaliy bir qismatdir. Lekin, ona, tiriklik ham Bilsang, yarim hikmatdir. Tushlarimda, mayli, boshim Silab turgin, onajon. Qolganlarga endi umr Tilab turgin, onajon. II U kun chetda oh chekardim G'ussalarning dastidan. Sen otamga pul beribsan Yostig'ingning ostidan. Aytibsanki, onasizlik Kelmasin hech o'yiga. Sarf qilingiz, menga emas, Abdullaning to'yiga. O, o'g'lingga sen shafqatni Bilarding-ku, onajon. Bundan ko'ra bag'rim o'ysang Bo'lardi-ku, onajon. Zarragina rahm etgali Sabring menga yo'qmidi? Onajonim, bundan o'zga Jabring menga yo'qmidi? Yo'qmidi hech o'zga gaping, - Nola qilib so'ylasang. Nahot, axir so'nggi dam ham Farzandingni o'ylasang. Axir orzu qochib ketmas, Bitkazar-ku tiriklar. Onajonim, bir kunini O'tkazar-ku tiriklar. Unutilar g'ussalar ham, Orzular ham cho'zar bo'y. Onajonim, balki bir kun Aytganingday bo'lar to'y. Balki sening qabring uzra Ko'karganda gul, chechak, Ostonamga qadam qo'yar, Sen istagan kelinchak. Kimdir uning yo'llariga Balki gul ham sochadi. Balki munis opajonim Kel, deb, quchoq ochadi. Balki do'stlar davrasida Kamim bo'lmas hech qachon. Lekin seni o'sha damda Qaydan topay, onajon. III Esimdadir, titrar edim - G'amgin, bolish pastida. Kitobimni ko'rdim nogoh Boshginangning ostida. Toshday qotdim o'shal oni Bor toqatdan ayrilib. - Shoir o'g'lim, - deding menga Sekingina qayrilib. Onajonim, so'ng bor menga Nafas qilding u zamon. Shoir bo'lgin, deya balki Havas qilding u zamon. Onajonim, balki men ham Bir kun shavqqa to'larman. Balki men ham aytganingday Bir kun shoir bo'larman. Kuylay desam hurmatingni Ushbu kunda tilim lol. Balki faqat shu sababli Shoir bo'lsam ehtimol. Balki sarson-arosatda Qolib ketmas bu tanim, Kamolimni ko'rar balkim, Yurtim, ona Vatanim. Payti kelib to'lar bir kun Paymona ham beomon. Kuzatarlar meni ham so'ng Senga tomon, sen tomon. Balki u kun boshim uzra Do'stlar bosh ham egadir. O'sha damgi iqbolim ham, Onajonim, sengadir. Dilda neki jur'atim bor, Dilda neki hayajon, Bari, bari senga bo'lsin, Senga bo'lsin, onajon. Senga bo'lsin bor hayotim, Nomim, shonim bir yo'la. Xotirangga ushbu she'rni Yozdi o'g'ling Abdulla. OHU Makoning bo'libdi tog'lar orasi, Sensan go'zallikning asli, sarasi. Ma'yus yuragingda ishqning yarasi, Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon. Daralar qo'ynida neni istarsan, Nechun doim g'amgin, doim mustarsan. Latif shijoating qayga qistarsan, Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon. Yo'q, sen axtarmassan tog'lardan makon, Va na go'zalliging uchun shuhrat-shon. Sayyod jabri senga bermaydi imkon, Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon. Qo'y, jonim, ko'zlaring to'lmasin yoshga, Tongda oyog'ing qo'y baland bir toshga. Seni quyosh o'zi ko'targay boshga, Sen ham oshiqmisan yoki ohujon. BIRINCHI MUHABBATIM Kecha oqshom falakda oy bo'zarib botganda, Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda, Ruhimda bir ma'yuslik, sokinlik uyg'otganda, Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim. Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim. O'tdi yoshlik zavq bilan, gohi to'polon bilan, Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan, Ayri ham tushdim ba'zan qalb bilan, imon bilan, Lekin seni yo'qotdim, birinchi muhabbatim, Mangu g'aflatda qotdim, birinchi muhabbatim. Dunyo degan shundayin anglab bo'lmas sir ekan, Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan. Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan... Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim, Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim. Holbuki orzulardan judo ham bo'lganim yo'q, yulduzday kulganim yo'q, oy kabi to'lganim yo'q. Erta xazon gul kabi sarg'ayib so'lganim yo'q, Seni eslab yig'layman, birinchi muhabbatim, Eslab bag'rim tig'layman, birinchi muhabbatim. Yo'lin yo'qotsa odam - muhabbatga suyangay, G'ussaga botsa odam - muhabbatga suyangay. Chorasiz qotsa odam - muhabbatga suyangay, Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim. Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim. Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim, Sirli tushlar ko'rib men bor dunyoni unutdim. Tongda turib nomingga ushbu she'rimni bitdim, Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim, Yolg'iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim. O'ZBEKISTON Yurtim, senga she'r bitdim bu kun, Qiyosingni topmadim aslo. Shoirlar bor, o'z yurtin butun - Olam aro atagan tanho. Ular she'ri uchdi ko'p yiroq, Qanotida kumush diyori, Bir o'lka bor dunyoda, biroq Bitilmagan dostondir bori: Faqat ojiz qalamim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Yurmasman hech behishtni izlab, Topolmasam chekmasman alam. O'tirmasman ertaklar so'zlab, Musallo deb yo'nmasman qalam. Ko'klamingdan olib sururni, Dovrug' soldi ustoz Olimjon, G'afur G'ulom tuygan g'ururni Qilmoq mumkin dunyoga doston. Olis tarix qadamim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Kechmishing bor chindan ham uzoq, Ilg'ay olmas barchasin ko'zim. Maqtamasman moziyni biroq, O'tmishingni o'ylayman bir zum. Zabtga olib keng Osiyoni, Bir zot chiqdi mag'rur, davongir, Ikki asr yarim dunyoni Zir qaqshatdi Buyuk jahongir. Aytgum, bu kun, u manim, manim. O'zbekiston, Vatanim manim. Bobolardan so'z ketsa zinhor, Bir kalom bor gap avvalida. Osmon ilmi tug'ilgan ilk bor Ko'ragoniy jadvallarida. Qotil qo'li qilich soldi mast, Quyosh bo'lib uchdi tilla bosh. Do'stlar, ko'kda yulduzlar emas, U, Ulug'bek ko'zidagi yosh. Erda qolgan, o, tanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Ko'z oldimdan kechar asrlar, Ko'z-ko'z etib nuqsu chiroyin. Sarson o'tgan necha nasllar, Topolmasdan tug'ilgan joyin. Amerika - sehrli diyor, Uxlar edi Kolumb ham hali, Dengiz ortin yoritdi ilk bor, Beruniyning aql mash'ali. Kolumbda bor alamim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Ko'p jahongir ko'rgan bu dunyo, Hammasiga guvoh er osti. Lekin, do'stlar, she'r ahli aro Jahongiri kam bo'lar, rosti. Besh asrkim, nazmiy saroyni Titratadi zanjirband bir she'r. Temur tig'i etmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher. Dunyo bo'ldi chamanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Bobolardan so'zladim, ammo Bir zot borkim, baridan suyuk: Buyuklarga baxsh etgan daho, Ona xalqim, o'zingsan buyuk. Sen o'zingsan, eng so'nggi nonin O'zi emay o'g'liga tutgan. Sen o'zingsan, farzandlar shonin Asrlardan opichlab o'tgan. Ona xalqim, jon-tanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Bosh ustingdan o'tdi ko'p zamon, O'tdi Budda, o'tdi Zardushti. Har uchragan nokasu nodon, Ona xalqim, yoqangdan tutdi. Seni chingiz g'azabga to'lib Yo'qotmoqchi bo'ldi dunyodan. Jaloliddin samani bo'lib Sakrab o'tding Amudaryodan. Sensan o'shal samanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Toleingda bor ekan yashash, Goh qon ichding, gohida sharob. Etmoq bo'lib yurtim xomtalash, Bosh ustingga keldi inqilob. Chora istab jang maydonidan Samolarga uchdi unlaring, Shahidlarning qirmiz qonidan Alvon bo'ldi qora tunlaring. Qonga to'lgan kafanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Lekin oftob poymol o'lmas, Kavaklarda qolmas oy nuri, Odil hakam - haq bor, beg'araz, Mazlumlarning buyuk g'amxo'ri. Qilich serpab tole tongida O'zligingni tanib qolding sen. O'g'lonlarning qatra qonida O'zbekiston nomin olding sen. Nomi qutlug' gulshanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Tinch turarmi bu ko'hna olam, Tinch turarmi dog'uli zamon. Oromingni buzdi sening ham Fashist degan vahshiy olomon. Qonim oqdi Danoigda manim, Sobir Rahim yiqilgan chog'da. Lekin, yurtim, kezolmas g'anim. O'zbekiston atalgan bog'da. Sensan nomus va sha'nim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Kech kuz edi, men seni ko'rdim, Derazamdan boqardi birov. U sen eding, o, dehqon yurtim, Turar eding yalangto'sh, yayov. - Tashqarida izillar yomg'ir, Kir, bobojon, yayragil bir oz. Deding: - Paxtam, qoldi-ku axir, Yig'ishtiray kelmasdan ayoz. Ketding, umri mahzanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Sen ketarsan balki yiroqqa, Farg'onada balki, balqarsan. Balki chiqib oqargan toqqa, Cho'pon bo'lib gulxan yoqarsan. Balki ustoz Oybekdek to'lib Yozajaksan yangi bir doston. Balki Habib Abdulla bo'lib, Sahrolarda ochajakson kon. Tuprog'i zar, ma'danim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo, Fazolarga qo'ysang ham qadam, O'zligingni unutma aslo, Unutma hech, onajon o'lkam. Bir o'g'lingdek men ham bu zamon Kechmishingni qildim tomosha. Iqbolingni ko'roldim ayon Istiqlolning ufqlari osha. Iqboli hur, sho'x-shanim manim. O'zbekiston, Vatanim manim. Zavol ko'rma hech qachon, o'lkam, Zavol bilmas shu yoshing bilan. Muzaffar bo'l, g'olib bo'l, o'ktam, Do'stu yoring, qardoshing bilan. Asrlarning silsilasida Boqiy turgay koshonang sening. Ulug' bashar oilasida Mangu yorug' peshonang sening. Mangu yorug' maskanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. ARSLON CHORLAGANDI... Erkin Vohidovga Biz ham yuksaklarga tikkandik ko'zni, Bizda ham bor edi matonat, bardosh. Arslon chorlagandi qoshiga bizni, Lekin qumursqalar bo'ldi safardosh. Jami tiriklikka tanish shu xatar, Qumursqa yaralgan yoppa talarga. Do'stim, alam qilar, arslon bexabar, Em bo'lib ketsak shu qumursqalarga. SEN BAHORNI SOG'INMADINGMI Uyg'onguvchi bog'larni kezdim, Topay dedim qirdan izingni. Yonog'ingdan rang olgan dedim - Lolazorga burdim yuzimni, Uchratmadim ammo o'zingni, - Sen bahorni sog'inmadingmi? Uzoqlarda zalvorli tog'lar Xayolimni keldilar bosib. Kechdi qancha intizor chog'lar, Vasling menga bo'lmadi nasib, Sensiz men ham, bahor ham g'arib, - Sen bahorni sog'inmadingmi? O'ngirlarda sakraydi ohu, Na'matakda sa'va mittijon. Qorliklardan sipqarilgan suv, Daralarda uradi javlon. Nigohimdan faqat sen pinhon, - Sen bahorni sog'inmadingmi? Mana, bugun navro'zi olam, Do'stlarimga gullar tutarman. Qaylardasan, sevgili erkam... Qo'limda gul, seni kutarman, Umrim bo'yi chorlab o'tarman, - Sen bahorni sog'inmadingmi? DUNYONI QIZG'ANMA Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor. Mening bu olamda o'z aytar so'zim Va o'zim sig'inar mozorlarim bor. Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo. Sen yurgan tog'larda qolmagay izim, Sen kechgan daryodan kechmasman aslo. Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq, Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim, U sening kulbangdan juda ham yiroq. G'AZAL Bu ishq sirrin kitob etding, kitobing ichra men borman, O'qurman deb xitob etding, xitobing ichra men borman. Yarashgaydir, ajab, senga ajab nozu tamannolar, Keturman, deb shitob etding, shitobing ichra men borman. Yuzing hajri bilan oqqan labolab chashm selobin - Ichurman, deb sharob etding, sharobing ichra men borman. Umid uzgil, deding oshiq, muhabbat rishtasin uzgum, Uzurman, deb azob etding, azobing ichra men borman. Qayon qoldi o'shal so'zkim muhabbat ko'shkini, ey yor, Tuzurman, deb sarob etding, sarobing ichra men borman. Dilimda qolgan ushbu har na manzil kulbai ishqni - Buzurman, deb xarob etding, xarobing ichra men borman. Muhabbat gulshani ichra olib Abdullaning qalbin, Chalurman, deb rubob etding, rubobing ichra men borman. IKKI SONIYA Uyda tinchi bo'lsin yigitning avval, So'ngra butun bo'lsin do'stning imoni. Inson Yuragini tilkalar azal, Shu ikki narsaning buyuk armoni. Biridan boshlanar shu yorug' olam, Dunyoga qo'yilgay ostonadan ot. Uydan boshi egik chiqdimi odam, O'sha kun tor unga butkul koinot. Yigitning bir umri do'st bilan butun, Do'st bilan shirindir zaqqum hayoti. Do'stdan pand egan chog' ne bor uning-chun! Bad unga hattoki bor inson zoti. Buyuk shiddat bilan jo'sharkan hayot, Shu ikki narsaga biz goh beparvo, Shu ikki soniya hamdam bo'lgan zot, Mening nazarimda, eng aziz siymo. XATOLARING KERAK ULARGA Shundaylar bor, senga lutf aylab, Do'stman, deya qo'lin tutarlar. Lekin har zum qadaming poylab, Xato qilishingni kutarlar. Xato qilsang, ularga bayram, Yo'qsa, zahru zaqqum yutarlar. Mayli, jindek, zarra bo'lsa ham, Xato qilishingni kutarlar. Xatolaring kerak ularga, Shox-novdangni darhol butarlar. Tag'in kunni ulab tunlarga, Xato qilishingni kutarlar. Axtarurlar hamisha illat, Etti pushting go'rin titarlar. Faqat unma, ulg'ayma faqat, Xato qilishingni kutarlar. Ular senga bir umr yo'ldosh, Sodiq hamroh kabi o'tarlar. Qabring uzra egsalar ham bosh, Xato qilishingni kutarlar.
|