SANAB, SANOG‘IGA YET Oshiqlar o‘z ma’shuqasiga albatta gul sovg‘a qilishadi va bu muhabbat izhori sifatida qabul qilinadi. Ayniqsa, uzoq muddatli hijron damlaridan so‘ng yigitning sevgilisiga gul uzatishi juda zavqli manzara. Portugaliyalik Manuel Birranto mahbubasi bilan roppa-rosa 513 kun ko‘rishmagandan so‘ng diydorlashuvni orziqib kuta boshladi. Salkam bir yarim yillik hijron damlaridagi arazni nima bilan yumshatsaki, sevgilisi uni tushunib, gunohidan kechsa.
Buning eng oson yo‘li semiz guldasta yasash, degan xayolga keldi Manuel. 518 dona atirgul sotib olgach, diametri 1,2 metr guldasta yasattirdi. Guldasta yasovchilar atirgulni sanab charchashdi va zo‘rg‘a sanog‘iga yetishdi. Guldastaning og‘irligi 30 kilodan kam emas edi. Oshiq yigit bo‘lg‘usi rafiqasini hamon sevishini isbotlash uchun guldastani u yashaydigan shaharchaga vertolyotda keltirdi. Hartugul mahbubasi ham uning bu qahramonligini bajonidil qabul qildi.
Alqissa, araz-ginalar chetga surilib, dunyoda eng semiz guldastani sevgilisiga izhor etgan yigitning muhabbat dostoni mamlakat tarixida qoladigan bo‘ldi.