Bir xristian popi o‘lkamizga kelib, yoshgina boladan cherkovning yo‘lini so‘rabdi. Bola popni cherkovga kuzatib qo‘yibdi. Minnatdor pop debdi: - Barakalla, o‘g‘lim! Ertaga ham shu yerga kelsang senga jannatning yo‘lini ko‘rsataman. Bola javob beribdi: - Cherkovni yo‘lini bilmagan jannatning yo‘lini qaerdan bilardingiz?! ***
Bir kishi Hasan Basriy (q.s.) hazratlarining oldilariga kelib: “Falonchi sening haqqingda falonday pistonday noma’qul gaplarni gapirdi”, debdi. -Qachon? -Bugun. -Qaerda? -Uyida. -Uning uyida nima qilayotgan eding? -Ziyofatga boruvdim. -Ziyofatda nima yeding? Xaligi kishi sakkiz xil taomning nomini sanadi. Shunda Hasan Basriy (q.s.): -O’sha odamning sakkiz xil taomi qorningga sig‘diyu bir og‘iz so‘zi sig‘madimi? Tur, ket bu yerdan! – dedilar va g‘iybatchini dargohlaridan quvib chiqardilar.