Sevgi qanchalar ulug‘ tuyg‘uligini sevgan odamgina bilar ekan. Men ham bu tuyg‘uni ayni gullagan yoshlik chog‘imda anglab yetdim. Eng go‘zal orzu-niyatlar bilan kollejga kirdim. Kursdoshlarim bilan xuddi avvaldan tanishdek chiqishib ketdik. Maktabda o‘qib yurganimda, sinfdoshlar va boshqa yigitlar sevgi izhor qilsa, ensam qotardi. “Maktab bolasiga sevishni kim qo‘yibdi?” deb o‘ylardim. Kollejda ham birorta yigitga e’tibor bermay yurdim. Lekin kursdoshim B.ni sevib qoldim. Avvaliga meni uning chiroyi maftun qildi deb o‘yladim. Ammo uni har kuni ko‘rgim kelaveradi. G‘ururmi, ibomi sabab, bir yarim yildan beri unga sevishimni ayta olmayman. Ko‘nglim sezadi, menimcha, u ham menga befarq emas. Buni qarashlari, gaplari, muomalasidan sezaman.
Hamma do‘stlarimga shu masalada maslahat beraman-u, o‘zimga kelganda, nima qilishni bilmay qoldim. Nima qilay? Menga maslahat bering. Unga sevgimni izhor qilaymi?
Nigora,Toshkent shahri