ISLOM — AYOLLARNI QADRLAYDI 
Alloh taolo barcha mavjudotlar qatori insonni ham juft, ya’ni erkak va ayol qilib yaratgan. Kishilik jamiyatining bir qismini ayollar tashkil etar ekan, hayotda turmush yumushlarining yarmi ular zimmasidadir. Ayol — birinchi navbatda onamiz, qolaversa, jufti halolimiz, opa-singlimiz va qizimizdir. Agar ayol hayotda ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lsa, demak, jamiyat sog‘lom bo‘ladi. Chunki kelajakning mevasi bo‘lmish farzandlar onalar sababli dunyoga keladilar. Ularga boshlang‘ich ta’lim-tarbiya va odob-axloqni keksa onaxonu momolarimiz o‘rgatadilar. Shunday ekan, kelajak avlodning solih bo‘lishligi bugungi kun ayollarining soliha bo‘lishlariga har jihatdan bog‘liqligi ayni haqiqatdir.
Ayol kishi, avvalo, Ona sifatida qadrlanadi. Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida onani e’zozlashga, uning haqini ado etishga buyurilgan bo‘lib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: “Jannat — onalar oyog‘i ostidadir”, — deb marhamat qildilar.
Islom ta’limotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi bilan barobar, oilada u o‘z haq-huquqiga ham ega ekanligi aytilgan bo‘lib, bu haqda Qur’oni karimda: “Ayollarning zimmalarida (vazifalari) bo‘lganidek, ular uchun ham o‘z me’yorida (huquqlari) bordir...”, — deb bayon qilingan (Baqara surasi, 228-oyat).
Rivoyat qilinishicha, sahobalar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan: “Zimmamizda xotinlarimizning qanday haqlari bor?” — deb so‘rashganida, U zot: “Yeganingizda uni ham yedirmog‘ingiz, kiyganingizda kiydirmog‘ingiz, yuziga urmaslik, yomon so‘zlar bilan haqorat qilmaslik, o‘rtada kelishmovchilik sodir bo‘lsa, faqat uydan chiqmagan holda o‘rinni boshqa qilib yotmoqlik”, — dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning: “Ayollar erkaklarning ajralmas bir qismidir”, — degan hadislariga binoan ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi ekan, u ijtimoiy hayotda o‘z mavqeiga ega bo‘lib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir. Shunga binoan bugungi kunning ayoli ham unga berilgan haq-huquqlardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, ayollik iffatini saqlab, o‘z sha’niga dog‘ tushirmaslikka harakat qilmog‘i lozim bo‘ladi.
Afsuski, ba’zi bir ayollar o‘tkinchi hoyu havasga berilib, onalik sha’niga dog‘ tushirib, oila degan muqaddas dargohdan arzimagan dunyo matohlarini ustun bilishi natijasida hali hayot tajribasiga ega bo‘lmagan ba’zi yosh oilalarning parokanda bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda, ba’zi ayollar esa o‘z jigargo‘shalarini ko‘cha-ko‘ylarga va mehribonlik uylariga tashlab ketishi achinarli holdir. Vaholanki, uni bir kuni o‘sha jigargo‘shasining uvoli tutishi muqarrar narsa ekanligini hayotning o‘zi isbotlab ko‘rsatib turibdi. Yana ba’zilari esa islomning asl mohiyatini tushunib yetmasdan mutaassiblikka va ba’zi buzg‘unchi oqimlarga moyil bo‘lib qolmoqdalar. Bunday ayollar Alloh va Payg‘ambar ulug‘lagan sifatlarga dog‘ tushirib, gunohga botmoqdalar, jamiyatdagi o‘ziga yuklatilgan vazifasini unutib qo‘ymoqdalar. Ularni himoyalash va to‘g‘ri yo‘lga solish biz erkaklarning zimmamizdagi vazifadir.
Ayollar erkaklarga qaraganda tabiatan zaifa bo‘lganlari uchun ham Alloh taolo payg‘ambarlik maqomini, nafaqai ahli ayol mas’uliyatini, jamoatga imomlik qilish, azon aytish, namozni jamoat bilan ado etish, juma namoziga borish, taloq berish kabi huquqlarni zaifa ayollar zimmasiga yuklamagan. Hatto, farz namozlarini ham uylarining ichkarisida o‘qishlari afzal ekanligi haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ayollar namozgohining eng yaxshisi uylarining ichkarisidir”, — deb marhamat qilganlar.
Alloh taolo Qur’oni karimda ayollar bilan tinch-totuv yashashga targ‘ib qilib surai Nisoning 19-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ayollaringiz bilan tinch-totuv yashanglar”, deb ta’lim beradi.
Har bir insonning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan onasi bo‘ladi, ushbu zotning xizmatida va duosini olib yurishlikni biz farzandlarga ta’kidlab o‘tadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida shunday deyiladi: “Uch kishining duosini Alloh taolo to‘siqsiz ijobat qiladi. Musofirning duosi, mazlumning duosi va onaning farzandi haqiga qilgan duosi”.
Shu o‘rinda beixtiyor bir rivoyatni keltirib o‘tishimiz o‘rinli deb o‘ylaymiz. Bir kuni Muso alayhissalom Alloh taolodan jannatdagi qo‘shnisi haqida so‘radi. Shunda Alloh taolo U zotga aytdi: “Sen bilan jannatda bir qassob qo‘shni bo‘ladi”. So‘ngra Muso alayhissalom qassobning qanday xislati borki, men bilan jannatda qo‘shni bo‘lsa deb, qassobni topib uyida mehmon bo‘lib, undan so‘radi. Qassob dedi: “Mening yoshi ulug‘ onam bor, men har kuni ishdan kelib onamni ovqatlantiraman. Onam doimo meni: “Jannatda Muso alayhissalom bilan birga bo‘lgin”, deb duo qiladi. Hozir u kishining yoshi ulg‘ayib, quvvati ketib, jussasi ham kichrayib qolgan, hatto ovozi ham chiqmaydi. Men u kishi yiqilib tushmasin deb qafasga solib qo‘yganman. Har kuni shu qafasdan olib ovqatlantirib bo‘lganimdan ushbu duoni pichirlab qaytaradi va yana u kishini e’zozlab joylab qo‘yaman”, dedi qassob.
Jamiyatimizning farovonligi har jihatdan ayollarga ham bog‘liq ekan, Alloh taolo ularni O‘z hifzu himoyasida saqlab, ularga xayrli va barakotli hayotni nasib qilsin. Omiyn!
|