Bevafo sevgilim 
Nozima supermarketimizga ishga kelgan kundan boshlab halovatim yo‘qoldi. Uni bir ko‘rishdayoq sevib qolgandim. Boshqa-boshqa bo‘limlarda ishlasak-da, ish jarayonida bir-birimizga to‘qnash kelardik. Shunda hayajondan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. U bilan yaqindan tanishishga harakat qildim, ammo u ishni bahona qilib, men bilan uzoq gaplashmas, savollarimga qisqagina javob qaytarardi. Shunday kunlarning birida u bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘ldim. Nozimaning go‘zalligi, ochiqko‘ngilligi hamda shaddodligi aqlu hushimdan ayirgandi. Endi biz har kuni uchrashadigan, uzoq suhbatlashadigan bo‘ldik. Bir kuni uni uyiga kuzatib qo‘yayotganimda yurak yutib sevishimni aytdim. U esa qalb so‘zlarimni eshitib, uyalib uyi tomon yugurib ketdi. Ikkalamiz bir-birimizga ipsiz bog‘lanib qolgandik go‘yo. Nozimaning gaplaridan, o‘zini tutishidan meni sevishiga shubha qilmasdim sira. Bizga hammaning havasi kelardi. Ammo bir kuni ishdan kayfiyatsiz chiqayotib, Nozimaga o‘zim bilmagan holda qattiq gapirib yubordim. Biz urishib qoldik. Qilgan ishimdan pushaymon bo‘lib undan uzr so‘radim. Afsuski, u so‘zlarimni eshitishni xohlamadi. Uyda ham, ishda ham halovatim yo‘qolgandi. Unga qanchalik bog‘lanib qolganimni endi tushunib yetayotgandim. O‘zgarib ketganimni ko‘rib hamma xavotirga tusha boshladi. Ishxonadagi do‘stim Dilshod Nozimaga mening qiynalayotganimni tushuntirmoqchi bo‘libdi. U esa meni sevmasligini, men bilan shunchaki gaplashib yurganini, endi uni umuman qiziqtirmasligimni aytibdi. Do‘stimning ajablangan holda: “Nozima bu gaplarni shunday xotirjam turib aytdiki”, deganini eshitgach, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketdi o‘shanda. Men haligacha tushuna olmayapman, qanday qilib qalb bilan osongina o‘ynashish mumkin?! Xullas, men bevafo sevgilimni unutish uchun ishdan ketdim. Hozir boshqa yerda ishlayapman. Shunday bo‘lsa-da, Nozimani unutolmayapman. Unga shunchalik bog‘lanib qolgan ekanmanki... Hurmatli muxlislar, nima qilishni bilmay qoldim, iltimos, menga maslahat bering.
ABROR
|